Bolaligimda har Yangi yil bayramida bezatilgan archa tagiga xat yozib qo‘yish odatim bor edi. Mo‘jizali kechada “tasodifan” kelgan Qorboboning qopidan har safar xatda so‘ragan sovg‘am chiqardi. Shunda jajji yuragim bolalik baxtiga to‘lib ketardi, “Qorbobo mavjud, shimoliy qutbda yashaydi”, deb o‘ylardim toki “Qorbobo”ning josusiga aylanmagunimcha...
Yangi yil oldidan dadamdan topshiriq oldim, ukamning Qorboboga yozgan xatida qanday sovg‘a so‘raganini bilishim kerak edi. Ukam hali yozishni bilmasdi. Uning yozgani doira, to‘lqin, nuqtalar va hali nomi aniqlanmagan bir qancha belgilardan iborat bir parcha qog‘oz edi. Xatdagi tilsimni yechish haqiqiy Qorbobo uchun ham muammo bo‘lardi.
Jajji farzandining rasm chizishga qiziqishini bilgan dadam ukamga bir taklif berdi: “Sovg‘angni tezroq olishni xohlasang, xatning orqasiga rasmini ham chizib qo‘y”. Ertasi kuni xatni ochib qarasam, bir emas, bir qancha sovg‘aning surati bor edi. Lekin bittasini anglay oldim. Sirli maʼlumotni dadamga yetkazdim. Bayram kuni uyimizga dadam bilan birga biz kutgan uzun soqol kirib keldi. U ukamga pult bilan boshqariladigan o‘yinchoq poyezdni tuhfa qildi. Menga esa orzu qilganim – yonida osilgan o‘yinchog‘i bor sumkachani berdi. Uni xatda so‘ragandim, lekin xatni yashirib qo‘ygandim. Ukam xursandligidan rahmat aytib, Qorboboni quchoqladi, men esa dadamni. O‘shanda tushunganman, Qorbobo haqiqatda mavjud, faqat u Shimoliy qutubda emas, o‘z uyimizda yashaydi. Qorbobo – mening dadam.
Hozir Qorbobomiz qopini to‘ldirish uchun chet elda mehnat qilyapti. Birinchi marta Yangi yilni dadamsiz kutamiz. Kecha ular bilan gaplashganimizda: “Bu yil ham Qorboboga xat yozmadinglarmi?” deb hazillashdi. Archamizning tagida ukam yozgan xat turibdi. Qitmirligim tutib, ochib ko‘rdim. Chizilgan rasmni ko‘rib, yuragim uvishib ketdi. Surat tagiga esa shunday yozilgandi: “Yangi yilni har bir oila o‘z Qorbobosi bilan birga kutib olsin!”.