Dostonbek USMONQULOV, Sirdaryo tumanidagi “Oqibat” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Mahallamiz tuman markazida joylashgani uchun turli xizmat koʻrsatish obyektlariga ehtiyojimiz katta edi. Shu sabab tadbirkorlik qilish istagini bildirgan, oʻz xonadonida yoshlarga chet tillarni oʻrgatayotgan, mahalladagi ustalarga shogird tushib, hunar oʻrgangan, ammo mustaqil ish boshlash uchun sharoiti yo‘q yoshlarga ko‘maklashdik. Natijada mahallamizda turli xizmat koʻrsatish obyektlari paydo boʻldi. Bu esa mahallamiz yoshlariga bir qancha yengillik va imkoniyatlar yaratdi.
“OʻQUV MARKAZ OCHDIM”
Aziz SULAYMONOV, oʻqituvchi:
– Mahallamiz yoshlarining koʻpchiligi oʻqishga kirish uchun uzoq hududlarga qatnab, tayyorgarlik koʻrishardi. Oʻzim uyimda 10 nafar yoshga ingliz tilidan dars berardim. Bir kuni yoshlar yetakchisi Dostonbek Usmonqulov mahallamizdagi katta savdo markazining ikkinchi qavatidagi boʻsh joyda oʻquv markaz ochishni taklif qildi. Zarur jihozlar xarid qilish uchun imtiyozli kredit olishim mumkinligini tushuntirdi. Bu taklifni jon deb qabul qilib, yetakchi aytgan binoni qaytadan taʼmirladik. Imtiyozli kredit olib, xonani jihozladik. Shu tariqa mahallamizda yangi “Siruos” nomli oʻquv markazi tashkil qildik. Buning evaziga men mahallada oliy taʼlimga hujjat topshirayotgan va ingliz tilini oʻrganish istagi boʻlgan barcha yoshlarni tekinga oʻqitadigan boʻldim. Oradan olti oy oʻtib, oʻquv markazimizning ikkinchi filialini ham ochdik. Bunda ham menga mahallamiz yoshlar yetakchisi yaqindan yordam berdi. Hozir 61 nafar yosh oʻquv markazimizda ingliz tili va matematika fanidan bepul tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mahalladagi 10 nafar yosh oʻqituvchilar uchun qoʻshimcha ish oʻrni ham yaratdim.
“ENDI O‘Z USTAXONAM BOR”
Abdusamat TEMURBOYEV, usta:
– Ustachilikka qiziqqanim uchun mahallamizda plastik rom yasaydigan ustaga shogird tushib, bu sohani oʻrgandim. Ammo oʻzim mustaqil ish boshlashim uchun mablagʻim yoʻq edi. Mahallamiz yoshlar yetakchisidan yordam soʻragach, ish boshlashim uchun moddiy yordam ajratildi. Bu pulga zarur uskunalarni xarid qilib, mustaqil ish boshladim. Qolaversa, ikki nafar yoshni ham doimiy ish oʻrni bilan taʼminladim.
“MIGRATSIYADAN QAYTDIM”
Nodir AHMADJONOV, tadbirkor:
– Uzoq yillar Rossiyada ishlab oila boqdim. Mahallamiz yoshlar yetakchisi taklifi bilan oʻtgan yili uyimga qaytdim. Migratsiyada boʻlganim sabab “qizil” toifaga roʻyxatga olindim. Mahallamiz yoshlar yetakchisi imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishimni maslahat berdi. Men esa internet kafe ochish istagim borligini bildirdim. Rejalarim o‘rganib chiqilgach, menga 33 million soʻmlik imtiyozli kredit ajratildi. Bu pulga kompyuter uskunalarini olib, mahalladan ijara asosida olingan binoda tadbirkorligimni boshladim. Ikki nafar yoshni ham ishli qildim. Oylik daromadim ham migratsiyada ishlab topganimdan ancha yuqori.
***
Bular “Oqibat” mahallasi yoshlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning bir qismi, xolos. Yil boshidan buyon mahallaning 20 nafardan ortiq ishsiz yoshlari rasmiy ish oʻrniga ega boʻldi. 35 nafarga yaqin yosh “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kredit olishga va tadbirkorligini boshlashga erishdi. Natijada 100 ga yaqin yoshlar bandligi taʼminlandi.
“Oqibat” mahallasining "Qalqon" jamoasi “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovining respublika bosqichida (18-30 yosh toifasida) 1 oʻrinni qoʻlga kiritdi.