Ohangaron shahridagi xatlov natijalariga ko‘ra, hudud yoshlaridan 128 nafari mehnat migratsiyada ekani, yana 25 nafar ishsiz yosh chetga ketib ishlash niyatida ekani aniqlandi.
Mahalla yoshlar yetakchilarining sa’y-harakati natijasida mehnat migratsiyasiga ketish istagidagi yoshlarning 15 nafari ish bilan ta’minlandi. 10 nafari shaharda tashkil etilgan monomarkazda kasb-hunarga o‘qitilib, ish bilan ta’minlanmoqda.
Shuningdek, musofirlikda mehnat qilib, oila va yaqinlarining sog‘inchini his qilgan 55 nafar hamyurtimiz Vatanga qaytarildi hamda shahar hududida joylashgan korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi.
Xorijda ishlab qaytgan yoshlarning 10 nafari mahalladagi hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Buning natijasida ular ishga muhtoj fuqarodan ish beruvchi shaxsga aylandi. Bir necha ish o‘rni yaratilib, ishlash istagidagi fuqarolar ishga qabul qilindi.
Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi, Ohangaron, Olmaliq, Nurafshon, Angren shahri hamda Ohangaron tumani yoshlar ishlari bo‘limlari bilan hamkorlikda Ohangaron shahriga yoshlar uchun sayohat tashkil etildi. Sayohatda qatnashgan 200 nafarga yaqin yoshlar shahardagi “Artel”, “Trend Tex”, “Premiyer”, “Texnopark” kabi korxona va fabrikalarda tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida ishtirok etdi.
Sayohat davomida zavodlardagi ishlab chiqarish jarayonlari, eksport salohiyati yuzasidan maʼlumotlar berildi. Avvalgi mehnat yarmarkalarida ishga joylashgan yoshlarning fikri tinglandi.
Shuningdek, mazkur zavodlarda ishlash istagini bildirgan 30 nafardan ortiq yoshlar ishga qabul qilindi.