Yurtimiz yoshlari turli sohalardagi kashfiyotlari, shov-shuvli natijalar bilan nafaqat o‘zimizda, balki dunyo miqyosida ham munosib eʼtirof etilmoqda. Yurt dovrug‘ini dunyoga tanitayotgan umidli yoshlarimiz muvaffaqiyat yosh tanlamasligini amalda isbotlamoqda. Ushbu maqolada shunday yoshlarning kichik reytingini tuzishga, ularning hayot formulalari bilan tanishishga harakat qildik!
“FARZANDIMNING ISMI NODIRBEK BO‘LADI”
Polshalik shaxmatchi Kamil Plichta o‘zining Twitter tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirgan bu izohi yosh o‘zbek shaxmatchilariga dunyo hamjamiyatining hayratlanarli munosabatining yorqin misolidir. Butun o‘zbek xalqi shodiyona bilan kutib olgan “oltin avlod” g‘alabasi yana bir sohada yangi renessans boshlanganini ko‘rsatmoqda. Dunyoda hech narsa mamlakatni sportchalik dunyoga tez tanita olmaganidek, har bir millatning 10 yildan keyingi taqdirini yoshlarining qiyofasiga qarab aytib berish mumkin. Bir necha yuz yillik tarixga ega xalqimizning bugungi yoshlari esa birgina shaxmatning o‘zidayoq dunyoda “shaxmat qiroli” deb eʼtirof etilgan nomdor sportchilarni hayratda qoldirdi. Siz ularni juda yaxshi taniysiz, teleekran, gazeta, jurnal yoki hayotda ko‘rsangiz, faxrlanib ketasiz, biroq biz ularni yana bir bor yodga olishni lozim topdik!
Nodirbek Abdusattorov – shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.
Jahongir Vohidov – shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.
Shamsiddin Vohidov – shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.
Javohir Sindarov – shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.
Nodirbek Yakubboyev – shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.
Xalqiga munosib o‘g‘lonlar sabab O‘zbekistonni butun dunyo yana bir bor tanidi, qoyil qoldi! Millat qizlari deb eʼtirof etishga arzigulik yosh shaxmatchi qizlarimiz: Maftuna Bobomurodova, Marjona Malikova, Umida Omonova, Afruza Hamdamova, Nilufar Yakubboyeva ko‘rsatgan natijalar ham olqishga arziydi. Aynan shu yoshlarimiz sabab O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE reytingida 18-o‘ringa ko‘tarildi. Yuqori natijaga ega shaxmatchilar reytingda o‘zbekistonliklar soni ilk marta 4 nafarga yetdi.
11 YOSHDA IELTSʼDAN 7 BALL IELTS
(International English Language Testing System) haqida eshitmagan yosh oramizda topilmasa kerak. Ayniqsa, maktab o‘quvchilari va abituriyentlar orasida “mashhur” bo‘lgan bu ko‘p bosqichli sinov uzoq muddatli o‘qish, izlanish va mashaqqatli mehnatni talab etsa-da, beradigan imkoniyatlari uchun arzirli hisoblanadi! Shunday mashaqqatli sinovda yaxshi natijaga erishgan qiz endigina 11 yoshni qarshi oldi, ammo undagi shijoat, intilishni hatto kattalarga ham o‘rnak
qilib ko‘rsatsa bo‘ladi.
Sabrina Nurillayeva – Buxoroda istiqomat qiluvchi 11 yoshli maktab o‘quvchisi til bilish darajasini belgilovchi xalqaro IELTS imtihonidan 7 balni qo‘lga kiritdi. Bu hayratlanarli va ayni paytda faxrlanishga arzigulik natija. Bir vaqtlar “Bir emas, to‘rt til lozim”, deya kuyungan Behbudiy avlodlari bugun yanada ko‘paymoqda. Sabrinaning orzusi bir marta bo‘lsa-da, Prezident maktabi darslarida qatnashish, shunchaki sinfxonasida o‘tirish. Chunki u xorijlik o‘qituvchilarning qanday saboq berishiga qiziqadi.