Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Millatning tirilish yo‘li

22.2.2023 999

Go‘zal FAXRIDDINOVA, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh mutaxassisi

1999-yilda BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKO 21-fevralni – Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilgan. Bu sana butun dunyoda nishonlanib kelinadi. YUNESKO o‘zgalarga nisbatan bag‘rikenglik va hurmatni rag‘batlantirishga hissa qo‘shuvchi madaniy va lingvistik farqlarni saqlab qolish bo‘yicha davomli faoliyat olib bormoqda.

Jadid bobolarimiz ham ona tilining millat ravnaqida qanchalar muhim ahamiyat kasb etishini anglagan holda unga yuksak e’tibor bilan yondashgan va rivoji uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan. 1921-yil 1-5-yanvarda Toshkentda birinchi o‘lka o‘zbek tili va imlosi qurultoyi o‘tkazilgani ona tiliga yuksak e’tiborning yaqqol namunasidir. Ushbu qurultoyda jadidlar tomonidan ishlab chiqilgan alifbo hamda imlo qoidalari tasdiqlandi.

Bu borada taniqli jadid namoyandasi, shoir, tilshunos va folklorshunos Elbek (Mashriq Yunusov) shunday fikrlarni yozgan: “Bu qurultoy ko‘lagasida uzoq zamonlardan beri yo‘lg‘a solinmasdan yo‘lsiz yozilib kelgan imlolarimizga va bir necha yuz yildan beri o‘z borlig‘ini yo‘qotmasdan saqlab kelgan sanoyi nafisalarimizga qaytadan jon kirguzildi va bularning qattiq o‘rnashib qolmoqlari uchun yangidan negiz solindi. Bu kun o‘zbek eli chindan o‘zin qutqardi va o‘zining erkli yashamog‘iga keng bir yo‘l ochdi. Bir ulusning dunyoda borliqqa chiqaraturg‘on narsasi, shubhasiz, uning milliy narsalari va tili bo‘lg‘usidir, milliy narsasi yo‘q bir el totli bir turmush bilan yashay olmag‘onlig‘i kabi tilin yo‘qotqon bir el-da o‘zin yo‘qotqan bo‘lur. Buni tushungan bir el, albatta, milliy narsalarin qo‘ldan bermay saqlag‘on kabi o‘z tilinda unutmasliqqa tirishar, mana bu yo‘l millatning tirilishi uchun katta, keng yo‘ldir”.  

Millat ravnaqi yo‘lidagi bunday sa’y-harakatlari uchun jadid bobolarimiz maqtov va mukofotga emas, ta’na-yu dashnomlarga, “millatchi” degan tamg‘aga loyiq ko‘rildi.

Til bilgan el biladi. Ammo bolalarning tili o‘z ona tilida emas, o‘zga tillarda chiqayotgani, eng ayanchlisi, ular ona tilini bilmasligi – fojia. Ota-onalar ham xorijiy tillarni o‘rganayotgan bolalarini rag‘batlantirib, ular bilan faqat o‘sha tillarda gaplashayotgani oqibatida kelajakda o‘zbek tilining unitilib ketish ehtimoli mavjud. Shunday ekan, bolalarga xorijiy tillarni o‘qitish bilan bir vaqtda o‘z ona tilini ham mukammal o‘rgatish davr talabidir.

  Shuningdek, sof o‘zbek tilida gapira olmasdan o‘zga tillardagi so‘zlarni qo‘shib gapiruvchilar ham ko‘p. Bu borada buyuk alloma, din va davlat arbobi, mohir tarjimon, “Tarixi Muhammadiy”, “Turkiston qayg‘usi”, “Devoni Sog‘uniy”, “Shifo ul-ilal” kabi asarlar muallifi Alixonto‘ra Sog‘uniyning fikrlari tahsinga loyiq. U o‘zining “Turkiston qayg‘usi” kitobida shunday bitgan: “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab, tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar”.

Yoki bo‘lmasa, Abdulla Oripovning 1965-yilda yozilgan “Ona tilimga” she’riga qarang:

Ming yillarkim, bulbul kalomi

O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo sho‘rlik to‘tining holi

O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...

Biz farovon kunlarimizda tilimizga yanada ko‘proq hurmat bilan yondashishimiz, rivojiga munosib hissa qo‘shishimiz lozim. Tilimiz rivojiga hissa qo‘shish, uni yanada mukammal o‘rganish, bexato va ravon so‘zlashish har bir  millatdoshimizning ulug‘vor burchidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish