Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MILLIY KADRLAR ZAXIRASIGA KIRITILGANLAR

10.1.2023 497

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Mehnatning rohati

Oʻzbekistonda turli sohalarda samarali faoliyat koʻrsatib kelayotgan yuqori malakali, yetakchilik xususiyati va boshqaruv koʻnikmalariga ega tashabbuskor kadrlardan iborat Milliy kadrlar zaxirasi shakllantirilmoqda. Ana shunday zaxira kadrlar orasida 40 nafar tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelayotgan mahallalardagi yoshlar yetakchilari ham bor. Ulardan biri Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi “Dalvarzin” mahallasi yoshlar yetakchisi Ulugʻbek Rahimjonov. Ulugʻbek mahalladagi uyushmagan yoshlarni jamlab, ular ishtirokida hashar yoʻli bilan bir nechta muammoga yechim topgan.

Ulugʻbek RAHIMJONOV, Bekobod tumanidagi “Dalvarzin” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamizda xonadonlar soni koʻpayib, yangi koʻchalar tashkil etilmoqda. Yangi koʻcha taʼmirtalab holda boʻladi. Bu esa kichik yoshdagi oʻquvchilarning maktabga borib-kelishida qiyinchilik tugʻdiradi. Mahallamizdagi Paxtazor va Nurafshon shunday taʼmirtalab holdagi yangi koʻchalardan edi. Bu muammoni hal etish maqsadida mahalla yoshlariga shu koʻchalarni hashar yoʻli bilan taʼmirlash taklifini bildirdim. Yoshlar taklifimni qo‘llab-quvvatlagach, homiylar yordamida shagʻal olib kelib, tekislab to‘kib chiqdik. Ikki kun ichida 3 kilometrdan iborat loy koʻchalarni taʼmirlashga erishdik. Mehnatimizning rohati totli boʻldi. Ayniqsa, yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlar bizni koʻp duo qildi. Biz bunday hasharlarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldik.

Hasharchi yoshlarning keyingi manzili mahallamizda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan biri – Muhiddin Safarovning xonadoni boʻldi. Bu oilaning farzandlari boʻlmagani uchun xonadon qarovsiz holga kelib qolgan edi. Yoshlar bilan kun davomida shu xonadonni tozalab, eshik-derazalarni taʼmirladik, devorlarni boʻyab chiqdik. Bu ishimiz ham koʻpchilikning eʼtiboriga tushdi. Hozir uyushmagan yoshlar ishtirokida mahallamizdagi “Dalvarzin” qabristonini hashar yoʻli bilan obodonlashtiryapmiz.

Shu kunga qadar mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasi bilan 19 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olinib, ularning barchasiga koʻmak koʻrsatildi. Jumladan:

– 10 yil muddatga 20 sotixdan ekin maydoni berilgan yoshlar – 8 nafar;

– subsidiya asosida ish qurollari olganlar – 2 nafar;

– imtiyozli kredit olganlar – 1 nafar;

– kontrak puli to‘langan boquvchisini yoʻqotgan talabalar – 2 nafar;

– haydovchilik kursi xarajatlari qoplanganlar – 2 nafar;

– zamonaviy kasblarga oʻqish xarajatlari to‘lab berilganlar – 3 nafar;

– davolanish xarajatlari qoplab berilganlar – 1 nafar.

 

Hammasi yoshlar uchun

Angren shahridagi “Mustaqillik” mahallasi yoshlar yetakchisi Bahodir Yarmatov ham zaxiraga olingan kadrlardan biri. Uning soʻziga koʻra, katta hududda joylashgan mahallaning yoshlari boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda ijtimoiy obyektlarga ehtiyoj sezgan. Shu bois Bahodir mahalladagi bir nechta tadbirkorga mahalla hududida ijtimoiy obyektlar qurish taklifini bergan.

Bahodir YARMATOV,Angren shahridagi “Mustaqillik” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamizda katta savdo doʻkonlarining egalari, tadbirkorlar yordamida bir nechta madaniy hordiq chiqaradigan majmualar barpo etilmoqda. Hududimizdagi 21-maktabga yondosh qurilayotgan sport maydonchasi ham shunday tadbirkorlarning mahallamiz yoshlariga taqdim etgan sovgʻasi boʻladi. Sport majmuasida mini futbol maydonchasi, fitnes zali ham barpo etilmoqda. Shu bilan birga, maydonchada maktab oʻquvchilari ham mashgʻulot oʻtashi koʻzda tutilgan.

Yana bir tadbirkor taklifim bilan oʻziga tegishli boʻsh binoda mahalla ahli uchun zamonaviy kutubxona tashkil etdi. Bu kutubxonaning afzalligi shundaki, tadbirkor yoshlar qaysi kitobga qiziqish bildirsa, shu kitobni topib kelib joylaydi.

Bir vaqtning oʻzida 20 kishi kitob oʻqiy oladigan kutubxonadan nafaqat yoshlar, balki yoshi ulugʻ keksalar ham foydalanmoqda. Bu yerga noyob kitoblar ham joylangan. Shuningdek, kutubxonada bepul internetdan foydalanish va kitob sotib olish, shaxmat oʻynash imkoniyati yaratilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish