Joriy yilning 18 fevral kuni YUNESKO, shuningdek, “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamkorligida “Milliy malaka tizimini rivojlantirishda Albaniya tajribasi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi PQ-345-sonli qaroriga muvofiq “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil etilgan.
Mazkur Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– Bosh vazir raisligidagi Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashining ishchi organi vazifasini bajarish;
– Respublika kengashi, tarmoq kengashlari va malakalarni baholash markazlari faoliyatini tashkiliy-uslubiy, ekspert va tahliliy jihatdan ta’minlash;
– tarmoq malaka ramkalari, kasbiy standartlar va baholash vositalarining ishlab chiqilishi bo‘yicha umumiy nazoratni amalga oshirish;
– malakalarni baholash markazlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, faoliyatini monitoring qilish;
– milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasini joriy etish, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
– tarmoq kengashlari a’zolari va malakalarni baholash markazlari xodimlarining malakasini oshirish;
– vazirlik va idoralardagi kasbiy malakalarni rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga amaliy yordam berish.
Dastlab, seminarni Institut direktori – Anvar Allabergenov hamda YUNESKO ofisi vakili - Sara El Attar ochib berdi. Ushbu seminarning tashkil etilishi hamda uning kelajakdagi davomli rejalari haqida so‘z yuritgan Institut direktori o‘zining “O‘zbekiston milliy malaka tizimini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi taqdimoti bilan aynan bugungi kunga qadar Milliy malaka tizimida olib borilayotgan ishlar hamda yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘ladigan jarayonlar, dunyo tajribasi, shuningdek, bu tizimda O‘zbekiston ham o‘zining munosib o‘rnini egallagan holda namunaviy ko‘rsatkichlar ko‘rsata olishi borasida so‘z yuritdi. Tashkil etilgan seminar-trening mehmoni sifatida ishtirok etayotgan Albaniya Kasb-hunar ta’limi va malakalar milliy agentligi bosh direktori Dr. Eyvis Gishti xonim ham “Albaniya Respublikasida kasbiy ta’lim va milliy malaka tizimi: joriy holati va rivojlantirish strategiyasi” mavzusidagi taqdimoti bilan ishtirok etib, mehnat bozori va ta’lim integratsiyasini ta’minlashda samarali metodologiyalarni qo‘llashga doir fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvdan maqsad:
– Albaniya malaka tizimi modeli: huquqiy asoslari va boshqaruvi;
– Malaka sohasi ishtirokchilari (tarmoq kengashlari, ta’lim provayderlari) ularning roli va vazifalari;
– Malaka tizimining yagona platformasi mavjudligi, boshqa tizimlar bilan integratsiyasi;
– Ko‘nikmalarni baholash markazlari va ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi;
– «Recognition of Prior Learning» validatsiya qilish, baholash va sertifikatlash – kimlarga mo‘ljallangan va qanday ishlashi;
– Malaka sertifikatlarini xalqaro darajada tan olinishi;
– Albaniyaning mehnat bozorida yaqin va uzoq istiqbolda paydo bo‘ladigan malaka va ko‘nikmalarni prognoz qilish metodologiyasi va prognoz hujjati bilan batafsil tanishtirish;
– Albaniyada milliy malaka tizimini rivojlantirishga mas’ul xodimlarning malakasini oshirish ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgan kabilarni o‘rganish hamda tadbiq etishdan iboratdir. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi.
Kuning ikkinchi yarmida esa, seminar-treningning davomi sifatida Tarmoq kengashlari va Institut mutaxassislari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati doirasida Albaniya milliy malaka tizimini rivojlantirishda tarmoq kengashlari (ish beruvchilar)ning o‘rni, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy qilish mexanizmlari, kasbiy standartlarni ishlab chiqishdagi ustuvor jihatlar, kasbiy standartlar asosida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish masalalari kabi muhim jihatlar muhokama etildi.
Tashkil etilgan seminar-trening kasbiy ta’lim sohasida innovasion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish, tizimli malaka oshirish va mutaxassislarning professional darajasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Uning asosiy maqsadi Milliy malaka tizimini rivojlantirish bo‘yicha manfaatdor tomonlarni o‘z sohalaridagi zamonaviy kasbiy talablar, standartlar va me’yorlar bilan tanishtirish hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirish, kurs davomida zamonaviy texnologiyalar, metodologiyalar, shuningdek, mehnat qonunchiligi bo‘yicha bilimlar berish, kasbiy faoliyatni samarali bajarish uchun zarur bo‘lgan yangi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
Shu bilan birgalikda, ishtirokchilar kasbiy malakalar va kompetensiyalarni baholash mexanizmlari, mehnat bozori hamda ta’lim tizimini uzviy bog‘liqligini takomillashtirish, shuningdek, zamonaviy hamda xalqaro metodologiyalarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, uchrashuvda Albaniya Kasb-hunar ta’limi va malakalar milliy agentligi bosh direktori Dr. Eyvis Gishti xonim hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori Anvar Allabergenov tomonidan memorandum imzolandi.
Ekspert haqida qisqa ma’lumot
Dr. Eyvis Gishti xonim kasb-hunar ta’limi va davlat boshqaruvi sohalarida tajribali mutaxassis bo‘lib, hozirda Albaniya Kasb-hunar ta’limi va malakalar milliy agentligi bosh direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
U Tirana universitetida menejment, biznes treningi va konsalting va moliya-bank boshqaruvi bo‘yicha ikkita magistr darajasiga ega hamda inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
25 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan dr. Gishti o‘n yildan ortiq vaqt davomida davlat boshqaruvida rahbarlik lavozimlarida ishlagan va o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Bryusseldagi Yevropa malakalar ramkasi maslahat kengashi a’zosi hisoblanadi.
U Albaniya malakaviy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ishchi guruhga ham raislik qiladi va ERASMUS+ asosiy loyihalarini muvofiqlashtiradi. Fidoyi ilmiy hodim sifatida u yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan va ta’lim, mehnat bozori siyosati va inson resurslarini boshqarish bo‘yicha 30 dan ortiq nashrlarning muallifi sanaladi.
Dr. Eyvis Gishti xonim:
Men bu yerga Albaniyaning Malakalar tizimidagi tajribasini o‘rtoqlashgani tashrif buyurdim. Mening fikrimcha bir-birimizning tajribalarimizni o‘rganish va eng yaxshi amaliyotlarni muhokama qilish judayam ajoyib imkoniyatdir. Bu esa Milliy malaka tizimini yanada puxta tashkil etishga, uni iqtisodiyot va mehnat bozoriga mutanosib shakllantirshga hamda Milliy malaka ramkalarini yanada zamon talablariga mos holda ishlab chiqishga yordam beradi. Men O‘zbekistonning Milliy malaka tizimida amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishib chiqdim. Tan olish kerak, sizlar juda ko‘plab islohotlarni amalga oshirmoqdasiz. Agarda o‘zaro bir birimizni qo‘llab-quvvatlasak, albatta, katta natijalarni qo‘lga kiritish mumkin. Bu uzoq jarayondir. Biz yaratayotgan imkoniyatlar nafaqat davlat, balki manfaatdor tomonlar uchun ham foydali bo‘lishini, shuningdek, natijalar albatta samarali bo‘lishini ta’minlashimiz zarur. Buning uchun esa kasbiy ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi ishlarni yanada ahamiyatini oshirish va manfaatdorlar ishtirokini kuchaytirish lozim.
Thomas Lux, YUNESKO eksperti:
O‘zbekiston Respublikasida Milliy malaka tizimi (MMT) mavjud va uni yanada rivojlantirish zarur. Yaqinda tashkil etilgan Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Institutning ko‘plab vazifalari mavjud, shu bilan birga Institut kasbiy ta’lim doirasida malakali xodimlarni yetkazishga alohida e’tibor qaratishi lozim, mexnat bozori talabiga javob bermaydigan kasbiy ta’lim aksariyat bitiruvchilarni oliy ta’lim olishga majbur kiladi. Barcha malaka darajalari uchun ta’lim sifatini ta’minlash va belgilangan mezonlarga muvofiq ravishda yanada rivojlantirilishi muhimdir. YUNESKO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Sifatni ta’minlash ramkasi xalqaro tajriblarni o‘rganilgan holda amalga oshirilishini talab etadi.