Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Minimal iste’mol xarajatlari miqdorining o‘zgarishi ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

2.2.2024 361

Yoshlar ovozi

2023-yil inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, 2024-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 621 ming so‘m etib belgilangandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi MIX miqdorining o‘zgarishi ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalar miqdoriga qanday ta’sir ko‘rsatganini tahlil qilib chiqdi.

Nafaqalar miqdori 608 ming so‘mdan 621 mingga oshdi

2024-yil 1-fevraldan boshlab quyidagi nafaqalar miqdori 608 ming so‘mdan 621 ming so‘mga oshirilgan:

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarning yoshga doir nafaqalari (74,9 ming nafar);

boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa oluvchilarning nafaqalari (51,2 ming nafar);

o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilning (68,4 ming nafar) parvarishlash nafaqalari.

Bundan tashqari, xususiy sektorda ishlovchi ayollarga to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish nafaqasining davlat byudjetidan qoplanadigan miqdori ham 2 mln 272 ming so‘mdan 2 mln 484 ming so‘mga oshiriladi.

Yana 63 ming nafar kam ta’minlangan oilaga nafaqa tayinlanadi

Shuningdek, minimal iste’mol xarajatlari miqdorining oshirilishi natijasida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali qo‘shimcha 63 ming nafar kam ta’minlangan oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlanishi kutilmoqda. Minimal iste’mol xarajatlari qiymatining qayta ko‘rib chiqilishi natijasida joriy yil yakuniga qadar 216 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish