Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAHALLA YOSHLARI BILAN ISHLASH MODELI yoshlar yetakchisining faoliyati bunga yorqin misol bo‘la oladi

20.5.2025 884

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Kelajak mahallasi Ulug‘nor tumanidagi eng katta mahallalardan biri. Aholining 20 foizga yaqini 14-30 yoshda. Ular orasida mehnatkash, hunarga qiziquvchan, sport bilan shug‘ullanish istagidagi, shu bilan birga vaqtini behuda o‘tkazayotgan yoshlar ham bor edi... Nega “bor edi”, deyapmiz? Chunki mahalladagi yoshlar yetakchisi Xalilillo Ergashevning mehnati bilan bugun manzara o‘zgardi.

Xalilillo Ergashev “Yilning eng namunali mahalladagi yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida 2-o‘rinni egalladi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2025-yilning 1-choragi yakunlari bo‘yicha “TOP – 100” yetakchi safida e’tirof etildi.

 

Mahalla balansi:

Aholi soni: 2814 nafar;

Yoshlar soni: 554 nafar;

Xotin-qizlar: 274 nafar.

 

“Yashil” toifa: 445 nafar;

“Sariq” toifa:  90 nafar;

“Qizil” toifa: 20 nafar.

 

Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.

Muammodan imkoniyatga

Yetakchi o‘z faoliyatini aniq reja asosida, tahliliy yondashuv bilan boshladi. U mahalladagi yoshlarni ijtimoiy holati va qiziqishiga ko‘ra toifalarga ajratdi:

– oliy va o‘rta maxsus ta’limda o‘qiyotganlar;

– ishsiz yoki vaqtincha band bo‘lmaganlar;

– sport, san’at, texnika, IT yo‘nalishlariga qiziquvchilar;

– ijtimoiy muammolarga ega, oilaviy sharoiti og‘ir yoshlar.

Yoshlar bilan alohida suhbatlar tashkil etildi, ehtiyojlar va muammolar o‘rganildi. Mahalladagi psixologlar, pedagoglar va ota-onalar bilan hamkorlikda har bir yosh uchun individual yondashuvli rejalar tuzildi.

Yetakchi har chorakda yoshlar o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazadi, ularning qiziqishlari, talab va takliflarini o‘rganadi. Natijalar asosida loyihalar doimiy ravishda yangilanadi, takomillashtiriladi.

2025-yilning dastlabki 4 oyida “Yoshlar daftari” orqali 10 nafar yoshning muammosi hal qilindi. Xususan, 2 nafar yosh doimiy ishga joylashtirildi, 3 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplandi, 1 nafar yoshga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. 2 nafar yoshning uy-joyi ta’mirlandi va qishda yashash uchun zarur mahsulotlar yetkazib berildi. Bu individual yondashuvlar yoshlar ishonchini oshirdi va amaliy natijalar berdi.

– Yoshlar tilini faqat yoshlar tushunadi, – deydi “Kelajak” mahallasi yoshlar yetakchisi Xalilillo Ergashev. –Ularning ota-onasi va yaqinlariga ayta olmagan gaplarini biz tinglashga, yordam berishga harakat qilamiz. Ba’zan shunday vaziyatlar bo‘ladiki, yoshga yordam kerak, lekin mavjud vakolatlar doirasida bu masalani hal qila olmaymiz. Bunday paytda boshqa mahalla yoshlar yetakchilari bilan birlashamiz, homiylar bilan ishlaymiz, tashkilotlar bilan muzokara olib boramiz. Natijada uy-joyi ta’mirga muhtoj bo‘lgan yoki kontrakt to‘lovini to‘lay olmagan yoshlarning muammosini hal qilib, ularga ishonch bag‘ishlaymiz.

Har bir yosh – bitta to‘garak

Qahramonimiz “Har bir yosh – bitta to‘garak” loyihasini ishlab chiqqan. Loyiha doirasida mahalliy tadbirkorga qarashli bo‘sh turgan eski bino homiylik mablag‘lari asosida ta’mirlanib, to‘garaklar uchun foydalanishga topshirildi. Quyidagi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi:

– kitobxonlik klubi;

– sport seksiyalari (mini-futbol, shaxmat, voleybol);

– IT va dasturlash bo‘yicha mashg‘ulotlar;

– rassomchilik va dizayn to‘garaklari;

– kino va teatr studiyasi;

– tikuvchilik kurslari.

Bu to‘garaklarda 250 dan ortiq yosh muntazam ishtirok etmoqda. Ular orasida tanlovlarda qatnashgan va g‘olib bo‘lgan yoshlar ham bor.

Kelajak mahallasi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichida 10 marta birinchi o‘rinni egalladi. Yengil atletika sport turida 27–30 yosh toifasida viloyat bosqichida g‘oliblik qo‘lga kiritildi. Gimnastrada yo‘nalishida ketma-ket ikki mavsum viloyat bosqichida 1-o‘rin, paralimpiya yo‘nalishida esa yengil atletika bo‘yicha viloyat bosqichida 2-o‘rin band qilindi.

Kelajak yoshlar klubi

Xalilillo Ergashev tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqda “Kelajak yoshlar klubi” nomli sahifa ochildi. Bu sahifada mahalladagi tadbirlar haqida e’lonlar, to‘garaklar jadvali, faol yoshlar bilan intervyular, online tanlov va viktorinalar joylashtiriladi.

Shuningdek, Google Forms orqali yoshlar o‘rtasida takliflar yig‘iladi, muammolar haqida fikr bildirish imkoniyati yaratilgan. Yoshlar faoliyati muntazam surat va video lavhalar orqali yoritilib, ular rag‘batlantirilib boriladi.

Mahallaning ko‘ngilli yoshlari bilan birgalikda oyiga ikki marta yolg‘iz qariyalar, nogironlar va yordamga muhtoj oilalar xonadonlariga boriladi. Bu tashriflar davomida ular uchun uy-ro‘zg‘or ishlarida yordam beriladi, oziq-ovqat mahsulotlari olib boriladi, shuningdek, suhbat va e’tibor orqali ularning ruhini ko‘tarishga harakat qilinadi. Bu yoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, hurmat va hamjihatlik kabi ijtimoiy qadriyatlarning shakllanishiga xizmat qiladi.

– Bitta xonadonda 3 nafar yosh istiqomat qiladi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Ularning oilaboshisi yo‘q, onasi esa betob. Bu oilaning sharoiti bilan tanishganimda, birinchi farzand endigina maktabni bitirgan, qo‘lida hech qanday hunari yo‘q, ukasi va singlisi ham maktabni tamomlash arafasida edi. Ushbu vaziyatda faqat uchalasidan biriga yordam berishga imtiyoz bor. Nima qilishni bilmay, boshim qotgandi. Ammo tez orada bu muammoga yechim topildi. Hamkasblarim bilan maslahatlashib, homiylar orqali uchala yoshga ko‘mak berishga erishdik. Homiylik mablag‘lari asosida oilaning uyini ta’mirlab berdik. Dastlab, migratsiyaga ketgan katta farzandni Vatanga qaytarib kasb-hunarga o‘qitdik. Hozir mebelsozlik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratyapti. Homiylar ko‘magi bilan bitiruvchi singlisining o‘qishga tayyorlanishi uchun 1 yillik to‘garak puli to‘lab berildi. Ukasi 10-sinfni tamomlayapti. Xohishiga qarab, uni ham kasb-hunarga yo‘naltiramiz.

 

So‘nggi bir yarim yilda erishilgan natijalar:

  • 250 nafar yosh – to‘garakka jalb etildi;
  • 80 nafar yosh – kasb-hunarga yo‘naltirildi;
  • 30 nafar yosh – ish bilan ta’minlandi;
  • Mahallada jinoyat sodir etilmadi.

Shuningek, 65 nafar yosh – “Ibrat farzandlari” loyihasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 4 nafari til bilish sertifikatini oldi. 1041 nafar yosh “Mutolaa” loyihasi orqali 1200 dan ortiq kitoblar o‘qdi. 244 nafar yosh “Ustoz AI” loyihasi yordamida zamonaviy kasblarni bepul o‘rganmoqda.\

Yangi bosqichga yo‘l

Xalilillo Ergashevning faoliyati yoshlar bilan ishlashning samarali modeliga aylandi. Shakllangan tajriba asosida endilikda yanada kengroq ko‘lamdagi tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbuslar mahalla darajasidagi ishlarni tuman, hatto viloyat miqyosida kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

“Yoshlar klasteri” tashabbusi. Yoshlarning hunar o‘rganishi, ta’lim olishi va ish bilan ta’minlanishi uchun uzviy tizim yaratish ko‘zda tutilmoqda. Klaster tarkibida kasb-hunar markazlari, tadbirkorlik asoslari bo‘yicha treninglar, mentorlik tizimi, amaliyot joylari va mehnat yarmarkalari birgalikda ishlaydi. Bu orqali yoshlar nazariy bilimga ega bo‘lish bilan birga, amaliyotda o‘zini sinab ko‘rish va ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hududlararo yoshlar almashinuvi. “Yoshlar – taraqqiyot ko‘prigi” shiori ostida boshqa tuman va viloyatlardagi faol yoshlar bilan o‘zaro tajriba almashish yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlar boshqa hududlardagi yetakchilar faoliyati, loyihalar bilan tanishadi, yangi g‘oyalar oladi va o‘z faoliyatini boyitadi. Almashinuv doirasida seminar-treninglar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi.

Startaplar uchun inkubator markazlari. Kelgusida mahallada yoshlar innovatsion g‘oyalarini amaliyotga aylantiradigan startap inkubator markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Markazlar yoshlar uchun texnologik infratuzilma, mentorlik, grantlar va investorlar bilan bog‘lovchi platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Inkubatorlar orqali ijtimoiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlardagi muammolarni hal etishga qaratilgan g‘oyalar qo‘llab-quvvatlanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish