Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“MOLXONA”

26.10.2022 5452

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

 Haqiqiy ismi Erik Artur Bler bo‘lgan angliyalik mashhur va mahoratli yozuvchi Jorj Oruell o‘zbek kitobxonlariga “Molxo­na” va “1984” asari bilan yax­shi tanish. Bugun loyihamiz doirasida eʼtiboringizga “Molxona” asarini havola qilamiz. Asarda siyosiy arboblar Le­nin va Stalin tomonidan davr­lashtirilgan SSSR Totalitar kom­munistik-sotsial tuzumi qattiq tanqid ostiga olinib, hayvonlar misolida gavdalantiriladi.

Asar haqida turli ilmiy farazlarga duch ke­lish mumkin. Ayrimlar buni Rossiyadagi 1917-yil qo‘zg‘olonining yilnomasidir desa, kimdir ayrim davlatlarning kelajakda qu­rilishi mumkin bo‘lgan tuzumlari haqidagi bashorat deb hisoblaydi. Ammo kitobni o‘qigan har qanday insonda baʼzi davlatlarning siyosiy tuzilishi haqida yaxlit tasavvur hosil bo‘lishi aniq. Asardagi voqealar har qancha qiziq va kulgilidek ko‘rinmasin, tag zamirida o‘ziga xos va bugun uchun ham taalluqli haqiqatlar ko‘p. Bir so‘z bilan “Molxona”ga utopik, siyosiy-majoziy asar deb taʼrif berish mumkin!

3 YIL VA SEVIMLI OBRAZLAR

1943-yil noyabr, 1944-yil fevral va 1945-yil avgust – bu uch sana asarning yozila boshlangan, tugallangan va dunyo yuzini ko‘rgan davr­laridir. Hajman kichik bu ki­tobning bosh g‘oyasi, aso­siy maʼnosini sezgan kitobxon qayta-qayta o‘qishga ishtiyoq sezadi. Voqealari mustaqil hayvonlar jamiya­ti qurilishidan boshlanib, to qulashigacha bo‘lgan davr­ni qamrab olgan asarni mutolaa qilgan ko‘pchilik yosh­larda tanqidiy kayfiyat paydo bo‘ladi. Shu o‘rinda ko‘pchilik­ka sevimli bo‘lib ulgurgan obrazlar haqida ham qisqa­cha to‘xtalib o‘tsak.

Shunday qahramonlar­dan biri – Boksyor. Yozuvchi u orqali sadoqat, mehnatkash­lik, umid va ishonchning tafak­kurimizdagi dogmatik qoliplari, pirovard natijada halokatga olib kelishi mumkinligini mu­kammal yoritadi. Demokratik hayotni o‘zi bilan olib ketgan Snouboll ham kitobxonda bir vaqtning o‘zida ham achinish, ham havas hissini uyg‘ota­di. Napoleon va Qichqiroq obrazi esa ko‘pchilikka ayrim amaldor va chinqiroq siyo­satchilarni eslatib yuboradi.

IQTIBOSLAR

Asarni o‘qimagan, ammo o‘qib chiqish niyatidagi yoshlar uchun esa, kitobda uchratishingiz mumkin bo‘lgan eng “qaymoq” iqtiboslardan keltirib o‘tamiz:

  • O‘rtoq Napoleon tufayli osmonimiz tinch.
  • Qichqiroq raqamlar bilan qurollangan hol­da ularga ishlar kundan kunga yaxshilanayot­ganiga ishonchli tushuntirardi.
  • Quyidagilar ishlagan, yuqoridagilar yeb ichgan, hayvonlar uchun hamisha ochlik, qashshoqlik va hayronalik hasrati. Bu foniy dunyoning rad qilib bo‘lmas tartiboti shundoqdir.
  • Bir paytning o‘zida o‘n ikki ovoz qichqirar, ammo ularning hammasi bir xil edi. Cho‘chqa­larga nima bo‘lgani endi ayon edi. Tashqarida qolganlarning nazari cho‘chqalardan odam­larga, odamlardan cho‘chqalarga ko‘char, ular yana va yana goh odamlarning basharalari­ga, goh cho‘chqalarning basharalariga boqar, ammo ularning qay biri cho‘chqa-yu, qay biri odam ekanligini ajrata olmasdilar.
  • Snouboll davrida hayvonlar uchun 7 ta ar­kon tuzilgandi... 1. Ikki oyoqda yuradigan har kim – dushman. 2. To‘rt oyoqda yuradigan yoki qanoti bor har kim – birodar. 3. Hayvonlar kiyim kiymaydilar. 4. Hayvonlar to‘shakda yotmaydilar. 5. Hayvonlar sharob ichmaydilar. 6. Hech bir hayvon boshqa hayvonni o‘ldirishi mumkin emas. 7. Barcha hayvonlar teng huquqlidir.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish