Bugun aksariyat odamlar asosiy vaqtini kompyuter qarshisida o‘tkazadi. Ayniqsa, bu qurilma dizayner, dasturchi, kopirayter, marketolog, operator kabi ko‘plab zamonaviy kasb egalari va ofis xodimlarining yaqin dastyoriga aylangan.
Ammo har yaxshining bir yomoni bor deganlaridek, so‘nggi vaqtlarda kompyuterdan to‘g‘ri foydalanmaslik sababidan ko‘pchilikda jiddiy ko‘z xastaliklari kelib chiqmoqda.
“Kompyuter ko‘rish sindromi”
— Bugun xoh ishda, xoh uyda bo‘lsin, kompyuter yordamida ko‘p yumushlarni osongina bajaramiz, — deydi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Biroq keyingi paytlar ushbu qurilmadan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida aholi orasida zamonaviy kasallik — “kompyuter ko‘rish sindromi” ko‘p uchramoqda.
Ma’lumki, kompyuterda ishlagan vaqt odam katta hajmdagi ma’lumotlarni idrok qiladi. Natijada ko‘zlar doimiy o‘zgaruvchan tezlik va o‘qishning turli usullariga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ko‘zlar monitor qarshisida qog‘ozdagi matnni o‘qishdan ko‘ra kattaroq ochiladi.
Bu holatning uzoq davom etishi ularda zo‘riqish, qizarish, qum qadalgandek hissiyot, quruqlik va sanchiq, ko‘rishning xiralashuvi, qichishish, bosh va bo‘yinda og‘riq, ish kuni yakunidagi charchoq kabi belgilar bilan namoyon bo‘luvchi ko‘z qurishi va boshqa jiddiy kasalliklarni paydo qiladi.
Xo‘sh, bu kabi muammolardan qanday saqlanish lozim?
Eng avvalo, foydalanish vaqtiga jiddiy e’tibor berish kerak. Ya’ni kompyuterda ishlash kuniga 6 soatdan oshmasligi (kattalar uchun) zarur. Qolaversa, bu qurilma qarshisida doimiy ravishda 2 soatdan uzoq o‘tirish tavsiya etilmaydi. Ideal holatda har 40-45 daqiqada 10 daqiqa tanaffus qilish va maxsus ko‘z mashqlarini bajarish lozim.
Shuningdek, ko‘zlarga qo‘shimcha zo‘riqish hosil bo‘lmasligi uchun monitor yorqinligi, kontrasti va yangilanish tezligini sozlash, yorqinlik va kontrast maksimal bo‘lmasligiga e’tibor qaratish kerak. Agar tasvir oq rangda bo‘lsa, u holda displey yorqinligini yanada kamaytirish maqsadga muvofiq. Zamonaviy monitorlar uchun tavsiya etilgan yangilanish tezligi kamida 75 Gts.ni tashkil etishi talab etiladi.
Monitordan uzoqroq o‘tiring
Bundan tashqari, foydalanuvchi monitordan 60-70 sm. uzoqlikda bo‘lishi, displeyning ko‘z bilan bir kesimda joylashishi (ko‘zdan balandda yoki pastda bo‘lmasligi kerak), bir xil holatda uzoq vaqt o‘tirmaslik, ko‘zni yumib-ochmay uzoq tikilishni kamaytirish, xonaning o‘ta qorong‘i bo‘lmasligini nazorat qilish darkor.
Shu bilan birga, monitorni ozoda saqlash kerak. Chunki undagi dog‘lar yoki chang tasvir sifatiga salbiy ta’sir etadi. Qolaversa, xona havosini tez-tez almashtirish kerak. Yoritish yorqin bo‘lmasligi, monitorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri yoki boshqa yorug‘lik manbalariga ta’sir qilishdan saqlash lozim.
Maxsus ko‘zoynaklardan foydalaning
Ma’lumki, kompyuterdan foydalanganda ko‘zlar kam ochilib, yumiladi. Natijada ko‘rish organlari mushaklari zo‘riqib, ko‘z yetarlicha namlanmaydi. Bu esa unda yoqimsiz quruqlik va charchoqqa olib keladi. Monitor qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, ko‘k va binafsharang spektr nurlarining ko‘pligi ko‘zda charchoq hosil qiladi. Shu bois bunday paytda maxsus ko‘zoynaklardan foydalanish yaxshi samara beradi.
Agar kechqurun, ishdan so‘ng, o‘zingizda charchoq his qilsangiz, ko‘zga romashka yoki choy kompresslarini qo‘yish yoki qorong‘i joyda 20-30 daqiqa ko‘zni yumib, xotirjam yotish tavsiya etiladi.