Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MUALLIM MILLATNING SHA’NIDIR

6.10.2022 641

Shuhrat YAKUBOV, Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlariva ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori

1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosaba­ti bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabri­gi barcha ustozlarni quvontirdi. Muallimning obro‘-e’tibori millat­ning, butun xalqning obro‘-e’tibori sifatida qaralayotgan jamiyatda har kuni qadr va e’zozni his etamiz.

Tabrikda keltirilganidek, keyin­gi yillarda yurtimizdagi yangi oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobarga ko‘payib, 186 taga yetkazilgani, qabul kvotalari 3,5 barobar ortgani oliy ta’lim tizimi­ni rivojlantirishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda. Sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsa­dida 42 ta nodavlat oliy o‘quv yur­ti tashkil etildi, xorijiy OTM filiallari soni esa 31 taga yetdi.

Oliy ta’limda haqiqatan ham raqobat muhiti shakllanmoqda. Miqdor o‘zgarishlari sifat o‘zgarishlariga ko‘chmoqda. Kredit-modul tizimi ta’limni ham shaklan, ham mazmunan jahon standart­lariga yaqinlashtiradi. Ta’lim sifati­ni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar o‘z natijasini bermoqda.

Tizimni shaffoflashtirish, inson omilini kamaytirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot tex­nologiyalarini joriy etish bo‘yicha ko‘pgina o‘zgarishlar qilindi. Ayni vaqtda oliy ta’limda quyidagi yo‘nalishlarda raqamlashtirish ishlari tugallanmoqda:

“Elektron kutubxona” tizimi­ni yaratish – bunda barcha oliy ta’lim muassasalarida mavjud 4 milliondan ortiq adabiyotlar to‘liq elektron shaklga o‘tka­zilib, yagona platformadan foy­dalanishga o‘tadi. Har bir pro­fessor-o‘qituvchi va talabaga undan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

“Study in Uzbekistan” – “O‘zbekistonda tahsil ol” maxsus veb-portali­ni ishga tushirish. Xorijiy mamlakat­lar yoshlarini O‘zbekiston oliy ta’limi­ga jalb etish uchun maxsus portal. Bunda bilim sohalari, ta’lim yo‘nal­ishlari, mutaxassisliklar, o‘qishga qabul tartibi, muddati, o‘ziga xosligi bo‘yicha ma’lumotlar, shuningdek, barcha oliy ta’lim muas­sasalarining sahifalari mavjud bo‘lib, xorijlik yoshlarga muhim ma’lumotlar taqdim etiladi.

“Onlayn olimpiada” platfor­masini amalga joriy qilish – bu orqali oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladi­gan fan olimpiadalarini elektron shaklda o‘tkazish tizimi yaratiladi. Talabalar uzoq hududlarga bor­masdan, o‘z o‘qish joyidan turib olimpiadada qatnashish imkoni­yatiga ega bo‘ladi. “adabiyot.edu. uz” platformasi orqali o‘quv adabiyotlarini nashr etishga tavsiya berish jarayoni raqamlashtirildi. Bu platforma orqali oliy ta’lim muas­sasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, ya’ni darslik va o‘quv qo‘llanmalar ekspertizadan o‘tka­ziladi. Ijobiy baholangan adabiyotlarni nashr etish uchun elektron shaklda maxsus vazirlik guvohno­masi rasmiylashtiriladi.

Oliy ta’limdagi bunday o‘zgarishlarning barchasi yoshlarning ilg‘or bilimlarni egallashiga qaratilgan. Prezidentimiz aytgan­laridek, “Hozirgi zamonda hamma jabhalarda ilm, bilim va salohiyat suv bilan havoday zarurligi, har qaysi davlat shu asosda taraqqiyotga erishishi, sodda qilib ayt­ganda, inson bilak kuchidan ko‘ra ilm kuchi bilan ko‘proq daromad va obro‘-e’tibor topishi mumkinligini hammamiz yaxshi anglaymiz”.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish