“Xo‘ja Nasriddin”, “Zumrad va Qimmat”, “Ur, to‘qmoq” – bu ertaklarning nomini eshitishimiz bilan beg‘ubor bolalik davrimiz, keyinchalik bu ertaklar asosida ishlangan multfilmlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Onamiz yoki buvimizga “ertak aytib bering”, deb xarxasha qilgan vaqtlarimizni eslab, beixtiyor tabassum qilamiz. Qanchalik baxtiyor onlar edi-ya?! Ammo oradan vaqt o‘tib, bu xayrli odat yo‘qolib, o‘rnini axborot asrining shiddati gadjetlari egallab oldi. Farzandini shunchaki vaqt o‘tkazishi uchun televizor qarshisiga o‘tkazib qo‘yadigan onalar, telefoniga o‘rnatilgan mobil o‘yinlarni qanday o‘ynashni bolasiga o‘rgatayotgan otalar balki vaziyatni hanuz tushunib yetmayotgandir.
“Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, degan naql ayni haqiqat. O‘zbek xalq ertaklarini o‘qib chiqqan yoki bolaligida hech bo‘lmasa bir bor eshitgan inson buni tasdiqlay oladi. Ulardagi ezgulikka, o‘zaro rahm-shafqatli, mehr-oqibatli bo‘lishga undashni his etib ulg‘aygan go‘dakdan yomon inson chiqmaydi. Ammo gap axborot asridagi shiddatli o‘zgarishlar haqida ketar ekan, ertaklar o‘rnini egallab borayotgan multfilmlarga to‘xtalib o‘tmay iloj yo‘q. Bu farzand tarbiyalayotgan har qanday oila uchun biroz xavotirli bo‘lishi kerak. Chunki asosan g‘arb ekranlarida tug‘ilib, bizga ham “ko‘chib” ulgurgan qisqa yoki ko‘p seriyali multfilmlarni sevib tomosha qiluvchilarning katta qismini bog‘cha yoshidagi yoki undan ham kichik bolajonlar tashkil etadi.
1.NIMASI XAVOTIRLI?
G‘arbning g‘arbona madaniyati, aniqrog‘i, bizning milliy mentalitetimizga yot g‘oyalari goh yashirin, goh oshkora targ‘ib etilayotgan bu multfilmlarning asosiy vazifasi siz-u biz bilgan yoki taxmin qilgan narsalardan iborat emas. Biz ushbu multfilmlarning aksariyat lavhalarini bir necha bor ko‘rganmiz, eslaymiz va bilamiz, ularda yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alabasi yoki shunchaki mushuk-sichqon sho‘xliklari ifodalangan, deb o‘ylaymiz. Aslida esa ishini juda yaxshi uddalaydigan ayrim “uddaburon”lar o‘z g‘oyaviy yurishini rang-barang tasvirlar, kulgili sahnalar orqali shunday ustamonlik bilan targ‘ib qilishadiki, siz-u bizni qiziqtirmaydigan nozik lavhalar aslida bola ongining markaziga joylashishini biladi va buni uddalashadi ham.
Masalan, bir necha bor nufuzli “Oskar” mukofotiga loyiq deb topilgan multfilm – “Tom va Jerry”ni olaylik. Amerikalik multiplikatorlar Uilyam Hanna, Jozef Barbera, rassom Irvin Spens va Kennet Myuslar tomonidan yaratilib, 1940-yilning 4-fevral sanasidan ekranlarda namoyish etilgan bu multserial tez orada butun dunyo bo‘ylab dovruq qozona boshladi. 1958-yilgacha prodyuser Fred Kuimbi hamda bastakor Skott Bredli tomonidan multserialdagi lavhalar turli musiqiy ohanglar bilan yanada boyitildi.
Multserial ijodkorlari tomonidan ushbu filmda bolalar uchun zarur bo‘lgan do‘stlik, mehr-oqibat, sport va musiqaga bo‘lgan muhabbat targ‘ib etilishi taʼkidlangan. Ammo... kichik yoshli bolajonlar uchun mo‘ljallangan multfilmda bu jihatlarga emas, ko‘proq behayolik targ‘ibotiga urg‘u berilgani ayni haqiqat. Filmdagi ayrim qismlarda uchrovchi lavhalar tahlil qilinganda shu maʼlum bo‘ldiki, mushuk va sichqoncha o‘rtasidagi munosabat ortidan kelib chiqadigan o‘zaro nizolar, kelishmovchiliklar tasvirlangan sahnalar yuqori shiddat bilan kechsa, behayolikni targ‘ib etuvchi ayrim lavhalar sekinlashtirilgan, musiqiy hamohanglik bilan namoyish etiladi. Kattalarga xos kechinmalarni sevimli multqahramoni orqali kuzatgan go‘dak ongida qanday o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligini taxmin etish uchun psixolog yordami shart emas, nazarimda.
Yoki ochiqdan-ochiq ehtirosli sahnalari bilan targ‘ibot mashinasiga aylangan yana bir multfilmni misol qilsak. Mashhur “1001 kecha” ertagi asosida yaratilgan, voqealar rivoji Bog‘dod tasviri bilan uyg‘unlashtirilgan multfilm “Alovuddin” ko‘pchiligimizga tanish. Malika kiyadigan o‘ta ochiq libos, yigitga bo‘lgan tuyg‘ularini oshkora izhor etishi kabi jihatlari bilan o‘zbekona madaniyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi ko‘rinib turgan bu multserial bir necha bor qayta ishlanib, zamonaviylashtirilgan bo‘lsa-da, hanuz yana bir g‘oyani “tashish”da davom etmoqda: bu oson boylikka erishish, harakat qilmasdan, hech qanday mashaqqatli mehnatsiz sehrli yordamchi ko‘magida boyib ketish istagi. Alovuddinda buni yaqqol kuzatishimiz mumkin. Sehrli dastyor bilan boyib ketish, shon-shuhratga erishish tasvirlangan multfilm va ertaklar o‘zbek adabiyotida ham yo‘q emas. Masalan, atoqli yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyev qalamiga mansub “Sehrli qalpoqcha”ni olaylik. Farqli ravishda, yozuvchi bu bilan nima demoqchiligini, o‘z kuchi bilan emas, sehr yoki boshqalar yordami bilan erishilgan narsalar qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkinligini asar so‘ngida tasvirlab bera oldi.