Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MUSTAHKAM QADRIYATLAR – MUSTAHKAM OILA TAYANCHI

15.5.2023 1218

Gulsanam NOROVA

Maʼlumki, 15-may – jahon miqyosida Xalqaro oilalar kuni (International Day of Familiyes) nishonlanadi. Ushbu bayram BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yil 20-sentyabrdagi Xalqaro oila yili toʻgʻrisidagi rezolyutsiyaga muvofiq 1994-yilning 15-mayidan buyon muntazam ravishda nishonlanib keladi.
Oila jamiyatimizning boshlangʻich boʻgʻini, elimizning goʻzal urf-odatlari va qadriyatlarini oʻzida asrovchi muqaddas moʻjaz maskan. Ezguliklar oiladan boshlanadi, undan mahallaga koʻchadi, jamiyatga kirib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyun kunidagi “Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 15-may – Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.
Oila – jamiyatning asosiy elementi sifatida insoniy qadriyatlar, madaniyat va avlodlarning tarixiy davomiyligi, barqarorlik hamda rivojlanish omili boʻlib kelgan hamda shunday boʻlib qolmoqda. Oila tufayli davlat mustahkamlanadi va xalqning turmush farovonligi ortadi.
Butun dunyoda oila instituti inqirozining salbiy koʻrinishlari, nikohlarning barqaror emasligi, oilaviy ajrimlar sonining ortishi, nikohsiz bolalar tugʻilishining koʻpayishi, farzand tarbiyasiga eʼtiborsizlik hamda keksalarga nisbatan bepisand munosabatda boʻlish avj olmoqda. Bunday vaziyatda bu kabi noxush holatlarning oldini olish borasida zaruriy chora-tadbirlarni koʻrish muhimdir.
Shuning uchun ham oilalarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish uchun ham oʻsib kelayotgan yigit-qizlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashimiz, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlamogʻimiz lozim. Buning uchun jamiyat va oilada sogʻlom hamda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirmoq kerak boʻladi.

Balogʻat yoshiga qadam qoʻygan har bir qiz bola shirin orzulari daryosida oila degan kemani boshqarishni niyat qilishi tabiiy hol. Ana shu kichik, ammo ulkan yukni tortuvchi kemani boshqara olishiga qanchalik tayyorligiga oʻzini ishonchi yetadimi yoki yoʻqmi eng asosiy masala ana shunda desak xato boʻlmaydi.
Milliy urf-odatlarimizga koʻra koʻpgina hollarda qizlarni oila qurishiga uni qurshab turgan ijtimoiy muhitning taʼsiri katta boʻladi. Kuyov tomonidan sovichilar kelishadi, qarindoshlar oʻrtaga tushishadi qarabsizki toʻy boʻlib ketavermaydiku. Milliy qadriyatlarimizga koʻra qiz bolani roziligi ham soʻraladi. Yigit bilan qiz bola toʻydan oldin albatta, uchrashtiriladi. Qiz bola kuyovlikka daʼvogar yigit bilan uchrashganda diqqat-eʼtiborini jamlagan holda zimdan kuzatishi lozim boʻladi.
Kuzatishi jarayonida oʻz oldiga quyidagi savollarni qoʻyishi uning ham haffi bor. Men shu yigit bilan qolgan hayotimni birga oʻtkaza olamanmi? Uning injiqliklariga chidaymanmi? Bemor boʻlib qolganida dardiga sherik boʻlamanmi? degan savolarga “ha” deb javob bera olsa yigitga turmushga chiqishga rozilik berishi mumkin.
Oila psixologiyasi bilan shugʻulanuvchi mutaxassislarning taʼkdlashlaricha, oila qurishga oʻzida ishonchni shakilantirayotgan qizlar yuqoridagi rejani oʻz sharoitlarini hisobga olgan holda yozma ravishda amalga oshirsalar ijobiy natijaga erishishlari oson kechadi.
Turmushga chiqayotgan qizlarimiz avvalom bor irodasini tarbiyalay olishi kerak boʻladi. Xalqimiz tili bilan aytadigan boʻlsak, oilaviy hayotda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemiriladi. Oila sirini tashqariga chiqarmaslik oila mustahkamligining saqlashga harakat qilishda irodaning axamiyati beqiyosdir desak xato boʻlmaydi.
Qiz bola turmush qurganidan soʻng uni ijtimoiy muhitdagi mavqe tubdan oʻzgarishi asosida unga nisbatan boshqalarni va oʻzini oʻziga boʻlgan munosati oʻzgarishi tabiiy hol. Mazkur oʻzgarishga nisbatan oʻzida ishonchni shakllantira olgan qiz yangi oilasida qisqa muddatda oʻz oʻrniga ega boʻla oladi. Yangi mavqega moslashish, albatta, tajriba bilimlarga asoslanadi. Shuning uchun qiz bola oʻzidan oldin kelinlik mavqeiga ega boʻlganlarning yutuqlari va kamchiliklarini tafakkurida aqlan tahlil qilib oʻzi kelin boʻlgach amalga oshiradigan xatti-harakatlarini tassavur eta olishi kerak.
Xoʻsh, oila atalmish muqaddas qoʻrgʻonni asrash faqatgina qizlarimizga bogʻliqmi? Yoʻq, albatta. Bu bevosita zabardast, aql-zakovatli, teran nigohli yigitlarimizning ham qoʻlidadir. Ular oilalarini mustahkam qilmogʻida, bevosita, oʻz aytar soʻzi hamda qatʼiy qarori boʻlishi shart.
Bugun yosh oilalar oʻrtasidagi oilaviy ajrimlarning asosiy sababi ham yitiglarimizning chin maʼnodagi oʻzbek yigitlari boʻlib tarbiyalanmayotganidadir. Zero, oʻz oilasini asrab qolmagan yigitlarimiz qanday qilib, yurtimiz himoyasida boʻla oladi?
Kuzatuvlarimizdan shuni koʻrish mumkin-ki, jamiyatda oilaviy zoʻravonliklar, xotin-qizlarning maʼnaviy zugʻumlar qurboni boʻlayotganining guvohi boʻlyapmiz. Bunga sabab nima?
Tarixga nazar solsak, jamiyatda ayollarning oʻrni beqiyos boʻlgan. Bibixonim, Qutlugʻ Nigorxonim, Nodira kabi insonlarning nafaqat goʻzalligi, balki donoligi ham tarix zarvaraqlariga bitilgani, ayni haqiqat. Bibixonim davlat ishlarida Amir Temurga foydali maslahatlar berganligi, Nodiraning oʻzi ham siyosatda yetuk arbob boʻlganligi haqida koʻp oʻqiganmiz. Hozirgi kunga kelib ham ularning davomchisi sifatida tadbirkor, siyosatchi va oʻz sohasida yuksak marralarga erishayotgan ayollarni yurtimizda koʻplab uchratishimiz mumkin.
Aynan bu haqida gapirganimizda koʻz oldimizga Saida Mirziyoyeva, Tanzila Norboyeva, Hilola Oʻktamova, Nursuluv Soyipova, Barnogul Sanaqulova kabi oʻz oʻrniga ega boʻlgan ayollar namoyon boʻladi. Dunyo siyosatchilarining 26 foizini ayollar tashkil qiladi. Oʻzbekiston “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingining top-50 taligiga kirgan. Mamlakatimiz 130 dan ortiq davlatlar, jumladan, Germaniya, Avstraliya, Kanada, AQSH, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari va boshqalarni ortda qoldirdi. Bu koʻrsatkich yurtimizda ayollarga ilm olishga koʻplab imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolat beradi. Biroq, bu imkoniyatlardan foydalana olmayotgan, kezi kelganda oʻz huquq va manfaatlarini himoya qila olmayotgan, tazyiq va zoʻravonliklar qurboni boʻlayotgan xotin-qizlarimizning borligi achinarli holat.
Mamlakatimizda roʻy berayotgan soʻnggi xabarlarga nazar tashlasak, qizlarimizga boʻlgan yomon munosobatlarni juda koʻp kuzatishimiz mumkin. Nafaqat begona insonlar, balki oʻz oila aʼzolari, otasiyu aka-ukasi, eri, doʻstlari tomonidan, kaltaklanayotgan yoki xoʻrlanayotgan xotin-qizlar haqidagi videolarni ijtimoiy tarmoqlarda koʻrish endi biz uchun odatiy holga aylanib qoldi.
Kuchli psixologik bosimlar ayollarning jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmasligi, ularni bemaqsad va faqatgina salbiy fikrlaydigan boʻlishiga sabab boʻlayotgani, yuragimizdagi dardning yanada kattalashib borishiga sabab boʻlmoqda. Bunday holatlarni oldini olish maqsadida yangi konstitutsiyamizga kiritilgan qonunlar, xususan, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun Prezidentimiz tomonidan imzolandi.
Toʻgʻri, ayollar huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunlar hamda qarorlar juda koʻp. Afsuski, ayollarning tahqirlanmasligi, xoʻrlanmasligi va yoki zravonlik qurboni boʻlmasligi joriy qiliniyotgan qonunlarga bogʻliq boʻlsada, uning ijrosi mutlaqo taʼminlanishida, bevosita har bir xotin-qizlarimizning huquqiy savodxonlikka ega boʻlishi nihoyatda muhim. Bu esa albatta oilada farzand tarbiyasida yetakchi oʻrin tutadi.
Mustahkam maʼnaviy qoʻrgʻon bilan oʻralgan oilada kamol topgan har bir qiz, jamiyatda bunday illatlar qurboni boʻlmaydi. Shuningdek, u kelgusida yetuk salohiyatli farzandlar tarbiya qilmoqqa qodir boʻladi. Jamiyatimizda ilmsiz kimsalar bor ekan qonun qonunligicha qolib ketaveradi. Unga amal qilish, tushunish va joyida qoʻllay olishni biz oʻsib kelayotgan yoshlarimiz ongiga singdirishimiz lozim. Illo, milliy qadriyatlar hamda huquqiy savodxonlik asnosida ulgʻayib borayotgan qizlarimiz oila atalmish muqaddas qoʻrgʻonning tayanchi boʻlish bilan bir qatorda, maʼnaviy zoʻravonliklarning qurboni boʻlmasligi, ayni haqiqat!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish