Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MUZLAMADA AVTOHALOKATGA UCHRAGAN SHAXSGA ZARARNI KIM QOPLAYDI?

18.1.2023 293

Shahruza SATTOROVA tayyorladi.

Bir necha kundan beri davom etayotgan anomal sovuq tufayli qator muammolar yuzaga kelmoqda. Ko‘chalar, magistral yo‘llarni qor bosishi, daraxtlarning qulashi, avtohalokatlar soni sezilarli ko‘paygani, 4-5, hatto sakkiztalab mashinaning to‘qnashuv holatlari kuzatildi. Bunday halokatlarga, asosan, yo‘llardagi qalin qor va muzlamalar sabab bo‘lmoqda.

Shunday vaziyatlarda, qalin qor va muzlama sabab avtohalokatga uchragan shaxslarga moddiy zarar qoplab beriladimi? Bu savolga amaliyotchi yurist Saidali MUXTORALIYEV javob beradi.

– Hozir gap aynan qalin qor va anomal sovuqdan muzlagan, biroq o‘z vaqtida tozalanmagan yo‘llar sabab “avariya”ga uchragan fuqarolarning sog‘lig‘iga, mulkiga va avtomashinasiga yetkazilgan zarar haqida ketmoqda. “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga asosan, avtomobil yo‘llari – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari, xo‘jalik avtomobil yo‘llari toifasiga bo‘linadi. Birinchi toifadagi – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarga Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi mas’ul va javobgar. Ikkinchi toifadagi – shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi ko‘chalarga mahalliy hokimliklar javob beradi, asosiy ijrochilar esa ular tarkibidagi obodonlashtirish boshqarmalaridir. Uchinchi toifadagi – xo‘jalik avtomobil yo‘llari davlat tasarrufidagi tashkilotlar yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lishi mumkin.

“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi 1-qismida “Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash mazkur yo‘llar qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ta’minlanadi”, deyilgan. Demak, yuqoridagi 3 ta toifadagi yo‘llar kimning ixtiyorida bo‘lsa, ayni o‘sha shaxslar bu yo‘llarning ta’mirlanishiga, saqlanishiga, shu jumladan, qor va muzlamalardan o‘z vaqtida tozalanishiga ham mas’ul.

Qonunning 17-moddasida esa avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar (ya’ni siz-u biz) avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatilgan. 25-moddada avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha shaxs avtomobil yo‘lidan foydalanuvchiga avtomobil yo‘lidagi nosozlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shartligi belgilangan.

Demak, avtomobil yo‘lidagi qalin qor va muzlama sababli sog‘lig‘iga, mulkiga hamda avtomashinasiga zarar yetgan fuqarolar ushbu yo‘llar kimning ixtiyorida (balansida) bo‘lsa, o‘sha tashkilot va o‘sha shaxsdan yetkazilgan zararni undirib olish huquqiga ega. Ya’ni agar avtohalokat umumiy foydalanishdagi yo‘lda bo‘lsa, zarar Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasidan, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida yuz bersa, zarar shu tumandagi hokimlikdan, xo‘jalik avtomobil yo‘lida bo‘lsa, zarar shu yo‘l balansida bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxsdan undiriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish