Xitoyning Xanchjou shahrida 22-28-oktyabr kunlari IV Paraosiyo o‘yinlarining para taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan 65 kilogrammdan og‘ir vazn toifasidagi bellashuvda hamyurtimiz Guljanoy Naimova barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Guljanoyning ushbu muvaffaqiyati albatta mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogiron va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bilim olishlari, salomatliklarini mustahkamlashi, qiziqish va intilishlariga ko‘ra, kasb-hunar egallashlari, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani bilan chambachas bog‘liqdir.
...Guljanoy Naimova 2001-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U bolaligidanoq oilasiga quvonch olib kelish, tengdoshlari orasida o‘zining yutuqlari bilan ajralib turish uchun sport bilan shug‘ullana boshladi.
Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblangan Guljanoy 2017-yili terma jamoa tarkibida London shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida munosib ishtirok etdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2018-yili esa u Vetnamda o‘tkazilgan Osiyo ochiq chempionatida barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Para taekvondochimiz uchun 2019-yil ham omadli o‘tdi. Dastlab u Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida kumush, Iordaniya mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida bronza va Italiyada o‘tkazilgan Yevropa ochiq chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2020-yili Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan XVI Paralimpiya o‘yinlari koronavirus pandemiyasi tufayli bir yil ortga surildi. U ushbu vaqt mobaynida o‘z ustida tinimsiz ishladi, mahoratini oshirdi. Va 2021-yili Guljanoy Paralimpiya o‘yinlarining oltin medal uchun kechgan jangida braziliyalik Menezes Bezerrani 8:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, shu yili Turkiyada jahon chempioni, Livanda esa Osiyo chempioni bo‘ldi.
Paralimpiyachimiz uchun 2022-yil ham muvaffaqiyatlarga boy o‘tdi. Jumladan, Guljanoy Eron poytaxti Tehron shahrida para taekvondo bo‘yicha Osiyo taekvondo federatsiyasi “Prezidenti kubogi”, Angliyaning Manchester shahrida “Yevropa ochiq chempionati”, Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida “Gran-pri” turniri, Vetnamda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin, Parijdagi “Gran-pri” musobaqasida kumush medallar sohibasiga aylandi. Bu yuksak natijalari sabab, u mamlakatimizda “Yilning eng yaxshi ayol paralimpiyachisi” deya e’tirof etildi.
Joriy yilgi mavsum ham para sportchimiz uchun ulkan g‘alabalarga boy bo‘lib, u Turkiya, Fransiya va Livanda o‘tgan nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi.
Mavsumning o‘rtalariga kelib, bir qator para atletlar kabi Guljanoy davlatimiz rahbarining «2023-yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, tayyorgarlikni boshladi. U para taekvondo bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev qo‘l ostida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bir qator o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi.
– Guljanoyning ilk mashg‘ulotlari hamon yodimda, – deydi para taekvondo bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev. – U bizning qo‘l ostimizda shug‘ullanguncha sportning ilk ko‘nikmalarini yaxshi o‘zlashtirgan edi. Terma jamoadagi mashg‘ulotlari haqida gapiradigan bo‘lsam, har bir ko‘rsatmani tezda yodlab olar, uni to‘g‘ri bajarmaguncha boshqa mashqlarga o‘tmasdi. Har bir jangni final kabi o‘tkazishi va unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi sabab, bugun u jahon va qit’a, Paralimpiya hamda Paraosiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Uning bu g‘alabalari xalqimiz g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘tardi. Men u bilan faxrlanaman.
Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarining para taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida 65 kilogrammdan og‘ir vazn toifasida Guljanoy Naimova yarim finalda xitoylik Kui Tangni 12:0 hisobida yenggan bo‘lsa, so‘nggi hal qiluvchi final bahsida eronlik Leila Mirzaini 16:0 hisobida dog‘da qoldirdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
– Mamlakatimizda biz paralimpiyachilarga yaratilgan ulkan imkoniyatlardan unumli foydalanib, O‘zbekiston sharafini nufuzli musobaqalarda munosib himoya qilishdek baxtga muyassar bo‘lganimdan xursandman. Men erishgan muvaffaqiyatlarda ota-onam, murabbiylarim va xalqimizning xizmati katta. Va men bu xizmatlarni unutmayman. Bolalik vaqtimdan o‘z oldimga katta maqsadlar qo‘yishni va ularga erishishni o‘rgandim. Bu yo‘ldagi barcha qiyinchiliklardan o‘tishdan qo‘rqmadim. Buning samarasida hozirda eng nufuzli musobaqalar g‘olibiga aylandim. Endigi maqsadim 2024-yili Parij shahrida o‘tadigan XVI Paralimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonishdir. Nasib qilsa, ikki karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘laman.
Ha, bugun qit’a va jahon chempioni, Paraosiyo hamda Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Guljanoy Naimova qo‘lga kiritgan g‘alabalar nafaqat para atletlar, balki har bir sportchi yoshlarning orzusidir. Umid qilamizki, Guljanoy kabi o‘zlari tanlagan sohalarida yurt sharafini yanada yuksaltiradigan yoshlarimiz safi kengayishda davom etadi. Buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar muhayyo.