Zamonaviy dunyoda stresslar hayotimizning ajralmas bir qismiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, bir nechta o‘tish davrlaridan iborat yoshlik stresslarga ko‘proq sezuvchandir. Bu davrlarda bolalar va o‘smirlarga yuklanadigan yangi mas’uliyat tabiiy ravishda stress darajasini oshiradi.
Aslida stress tananing ichki va tashqi bosimlarga yoki o‘zgarishlarga nisbatan tabiiy javobi bo‘lib, jismoniy va ruhiy holatga ta’sir ko‘rsatadi. U ba’zida foydali bo‘lishi ham mumkin. Chunki stress motivatsiya yaratib, faolroq bo‘lishga undaydi. Biroq uzoq davom etadigan stress salomatlikka ziyon yetkazadi. Doimiy o‘zgarishlar, muammolar, noaniqlik va ijtimoiy bosim, stresslarni qanday boshqarishni bilmaslik yoshlarning ruhiy va jismoniy holatiga jiddiy zarar yetkazadi.
Sabablar
Yoshlardagi stressning asosiy sabablaridan biri ta’lim va akademik bosimdir. Imtihonlarda yuqori ball olish, yaxshi o‘qish, akademik natijalarni doimiy ravishda yaxshilash kerakligi bosim ostida qoldiradi. O‘zimizdan doim yuqori natijalar kutamiz, bu esa ruhiy va hissiy zo‘riqishga olib keladi. Muvaffaqiyatsizlik qo‘rquvi, boshqalar bilan raqobat qilish, kelajakda ish topa olmaslik haqidagi noaniqliklar doimiy tashvishga soladi. Bu holatlar motivatsiyaning yo‘qolishiga sabab bo‘lib, ta’lim jarayonida qiyinchiliklarni oshiradi.
Stressning yana bir sababi ijtimoiy tarmoqlar va media ta’siridir. Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning katta qismiga aylangan. Biz har kuni boshqalarning hayotini ko‘rib turamiz va o‘zimizni ular bilan taqqoslaymiz. Odamlar ko‘pincha faqat o‘zlarining eng yaxshi lahzalarini ko‘rsatishadi, biz esa o‘zimizni kamchiliklarga ega deb hisoblaymiz. Xususan, “mukammal qomat”, “boylik”, “ideal hayot” haqidagi kontentlar doimiy rivojlanishga yoki kamchiliklarni to‘g‘rilashga qaratilgan bo‘lsa-da, odamlarning o‘z-o‘zidan norozi bo‘lishiga olib keladi. Doimiy taqqoslash, o‘zimizni boshqalarga nisbatan pastroq baholash, ularning muvaffaqiyatlarini ko‘rib, o‘zimizni muvaffaqiyatsiz deb hisoblash ruhiy holatimizni yomonlashtiradi va o‘zimizga ishonchni pasaytiradi.
Bundan tashqari, stressni oshiruvchi videolar, iqtiboslar va motivatsion aforizmlar yoshlar orasida keng tarqalgan. Masalan, “Agar hozir muvaffaqiyatga erishmagan bo‘lsang, bu sen yetarlicha ishlamaganingni bildiradi" yoki “Hech qachon orqaga chekinma, g‘alaba hamisha oldinda” kabi ruhlantiruvchi so‘zlar yoshlarda o‘z imkoniyatlariga shubha uyg‘otadi. Ular o‘zlarini yetarlicha mehnat qilmayotgandek his qiladi va bu ichki tashvishni oshiradi. Har kimning hayoti, sharoiti va muvaffaqiyatga erishish yo‘li har xil bo‘lishiga qaramay, bunday aforizmlar doimiy ravishda mukammallikka intilishni ta’kidlaydi va yoshlar bundan charchashi mumkin.
Stress faqat ta’lim yoki ijtimoiy tarmoqlar bilan cheklanib qolmaydi. Munosabatlar ham katta ahamiyatga ega. Oila, do‘stlar, sevgidagi kelishmovchiliklar, ziddiyatlar ruhiy barqarorlikni buzadi. Ko‘pincha oiladagi muammolar yoki do‘stlar bilan kelishmovchiliklar sababli o‘zimizni qiyin vaziyatda qolgandek his qilamiz. Yaqin odamlarning qo‘llab-quvvatlovini his qilmaslik, o‘z his-tuyg‘ularimizni ifoda qila olmaslik bizni yanada kuchli stressga duchor qiladi.
Biz o‘z hayotimizni qanday yo‘lga qo‘yishni, qaysi kasbni tanlashni va qanday qarorlar qabul qilishni o‘ylaymiz. Kelajakdagi muvaffaqiyat, ish topishdagi raqobat, muammolar va ularni qanday hal qilishimiz, jamiyatda qanday o‘rin egallashimizni o‘ylab, doim tashvish chekamiz.
Ko‘p yoshlar mustaqil bo‘lishni xohlaydi, ammo buning uchun moliyaviy mustaqillik – ishlash kerak. Bu esa o‘qish bilan birga ishlash zaruratini keltirib chiqaradi, natijada jismoniy va ruhiy charchoq kuchayadi. Muvaffaqiyatsizliklarga duch kelganimizda yoki o‘zimizni yaxshi baholay olmaganimizda, salbiy fikrlar paydo bo‘ladi va bu ruhiy holatimizga yanada jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘p hollarda bunday stress depressiyaga olib kelishi mumkin.
Oqibatlar
Uzoq muddatli stress bosh og‘rig‘i, uyquning buzilishi, ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar va immunitet tizimining zaiflashishiga olib keladi. Yoshlar doimiy stressga duchor bo‘lganda charchoq va zaiflikni his qilishi mumkin.
Ayrimlar stress tufayli depressiyaga tushib qoladi, o‘zini yolg‘iz his qiladi. Stress insonning kayfiyatini tushiradi, o‘z-o‘zini qadrlash hissini pasaytiradi va umidsizlikni kuchaytiradi. Stressga tushgan yoshlar ko‘pincha yaqinlari bilan aloqani uzadi, ijtimoiy tadbirlardan chekinadi va boshqalar bilan munosabatda qiyinchiliklarga duch keladi. Bu kelajak rejalari va qarorlarini qabul qilishda noaniqlik yaratadi, ruhiy charchoqni paydo qiladi. Bunday sharoitda yoshlar ko‘pincha birovdan yordam so‘rashni istamaydi. Ular hissiy muammolarini ochiq muhokama qilishdan qochadi, o‘z tuyg‘ularini boshqalarga yetkazishdan uyaladi.
Stressni yengish
Stressni yengish jarayoni har kim uchun alohida va individualdir. Kishilar stressga turlicha reaksiya qiladi va bu holatni boshqarish usullari ham farqlanadi. Stressni boshqarishda o‘zimizga mos usullarni topishimiz va uni kamaytirishga yordam beradigan shaxsiy strategiyalarni amalga oshirishimiz zarur.
Stressni yengish uchun birinchi qadam o‘z his-tuyg‘ularimizni tan olish va ularga e’tibor berishdir. Stressga olib keladigan vaziyatlarni aniqlash va ularni boshqarishga harakat qilish juda muhim. Sog‘lom uyqu — stressni boshqarishning muhim omillaridan biri.
Yotishdan oldin muntazam ravishda tinchlantiruvchi faoliyat, masalan, mutolaa yoki meditatsiya qilish uyquni yaxshilashga yordam beradi. To‘g‘ri ovqatlanish ham stressni boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Yoshlar sog‘lom ovqatlanishni kun tartibifga kiritishi zarur. Meva, sabzavot, to‘g‘ri proteinlar va toza yog‘larni o‘z ichiga olgan ratsion tanlangan taqdirda, stressni boshqarish va energiya darajasini oshirish mumkin. Shuningdek, suyuqlikni yetarli darajada ichish ham muhim, chunki tanaga suv yetishmasligi charchoq va bezovtalikni kuchaytiradi.
O‘zimizga ishonchni tiklash ham stressni yengadi. Shaxsiy talablarni mos ravishda belgilashimiz kerak. O‘z ishonchimizni tiklash, maqsadlarga erishish uchun qadam-baqadam harakat qilish zarur. Do‘stlar, oila va yaqinlar bilan muloqot qilish, o‘z his-tuyg‘ularimizni baham ko‘rish, qo‘llab-quvvatlash va maslahat olish stressni kamaytirishga yordam beradi.
Stressning kelib chiqish sabablarini aniqlab, unga qarshi ta’sirchan usullardan foydalansak, hayotimizni yanada yaxshilashimiz mumkin.