Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanishi, internetdan foydalanuvchilar soni ortishi va ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi bilan til muhitida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilib, o‘zbek tili va madaniyatiga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Ayniqsa, ingliz, rus va boshqa tillardan kirib kelayotgan neologik so‘zlar ommaviy muloqot vositalari orqali o‘zbek tili sohalarida faol qo‘llanmoqda.
Ma’lum bir davrda paydo bo‘lib, yangi voqeliklarni ifodalash uchun xizmat qiluvchi so‘z va iboralar tilshunoslik adabiyotlarida neologizm deb ta’riflanadi. Ular semantik, strukturaviy va funksional jihatdan turlicha tasniflanadi. Xorijiy til manbalari asosida kirib kelayotgan so‘zlar asosan kalka, o‘zlashtirish va aralashma so‘zlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda o‘zbek tilida “kontent”, “target”, “reyting”, “bloger”, “dizayn”, “strim”, “layk”, “onlayn”, “podkast” kabi so‘zlar keng qo‘llanilyapti. Bular axborot texnologiyalari, marketing, san’at va media sohalaridagi yangi atamalardir. Neologizmlar tilning tabiiy rivojlanish jarayonida, mavjud ehtiyoj tufayli yuzaga keladi. Neologizmlarning aksariyati asli ingliz tilidan kirib kelgan bo‘lib, til qoidalariga moslashmasdan ishlatilayotgani ma’lum bir lingvistik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yangi ehtiyojlarning paydo bo‘lishi bir nechta omillar asosida kelib chiqadi:
- Texnologik taraqqiyot. Texnologiya rivojlanishi tufayli yangi qurilmalar, xizmat va platformalar paydo bo‘ldi: smartfon, gadjet, veb sayt, apgreyd, QR kod. Bu so‘zlar uchun tilda avval mavjud bo‘lgan ifoda yetarli emas edi, shu bois yangi so‘zlar shakllandi.
- Ijtimoiy o‘zgarishlar. Jamiyatdagi yangi munosabatlar, faoliyat turlari va muomala shakllari ham yangi so‘zlarga ehtiyoj tug‘diradi: bloger, influenser, targeting, podkast, frilanser. Bular yangi kasblar yoki muloqot vositalari sifatida qabul qilindi.
- Global madaniyat ta’siri. Jahon miqyosidagi trendlar, madaniy o‘zgarishlar ham yangi so‘zlarning kirib kelishiga sabab bo‘ladi: reyting”, layfstayl, top-10, bestseller. Bu so‘zlar ko‘pincha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqaladi.
Agar jamiyatda biror narsani ifoda etishga ehtiyoj bo‘lsa, yangi so‘z yaratiladi yoki boshqa tildan so‘z olinadi. Masalan, “onlayn dars” – pandemiya paytidagi yangi ta’lim shaklini ifoda etish uchun paydo bo‘lgan atama. “Zum qilish” – Zoom platformasi orqali muloqot qilishni anglatadigan so‘z.
Neologizmlar to‘g‘ri ma’noda va vaziyatda qo‘llanilsa, o‘zbek tili me’yorlari bilan uyg‘unlashsa, muqobil so‘zlar yaratishga asos bo‘lsa, tilni boyitadi. Ammo har qanday so‘z tarjima qilinmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri olinsa, bu milliy tilga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun tilshunoslar va atamashunoslar yangi so‘zlar kiritilishini nazorat va tahlil qilib borishlari kerak.
“Yangi so‘zlar – yangi ehtiyojlar samarasi” degan fikr til rivojining tabiiy mexanizmini anglatadi. Bunday so‘zlar jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusi hisoblanadi. Lekin ularni qabul qilish, moslashtirish va milliy til bilan uyg‘unlashtirishda ilmiy yondashuv, madaniy hurmat va ijtimoiy mas’uliyat zarur.
Tilshunoslar orasida xorijiy til so‘zlarining ko‘payishiga turlicha munosabatlar bor. Bir tomondan, bu tilning rivojlanayotgani, yangi voqeliklarga moslashayotgani sifatida baholanadi. Neologizmlar – tilning boyligi tushunchasida quyidagilarni aytib o‘tish joiz deb bildik.
- Yangi tushunchalarni ifoda etish vositasi. Jamiyat doimo o‘zgaradi. Ilmiy kashfiyotlar, texnologiyalar, yangi kasblar, yangi hayot tarzi paydo bo‘lganda ularni ifoda qilish uchun yangi so‘zlar kerak bo‘ladi. Mavjud so‘zlar ba’zan buni ifodalay olmaydi. Masalan: frilanser, onlayn, gadjet, QR kod – bunday tushunchalar 20 yil avval yo‘q edi.
- Tilning moslashuvchanligini ko‘rsatadi. Tilda neologizmlarning paydo bo‘lishi uning faolligi, yangilikka ochiqligi va rivojlanayotganini anglatadi. Bu har qanday sog‘lom tilda kuzatiladigan jarayon hisoblanadi.
- Jahon hamjamiyati bilan axborot almashinuvini osonlashtiradi. Globallashuv sharoitida barcha jahon tillari o‘zaro ta’sirga kirmoqda. Neologizmlar orqali xalqaro atamalarni tushunish, anglash va qo‘llash osonroq bo‘ladi. Masalan, “target” yoki “kontent” so‘zlari jahonning ko‘pgina tillarida aynan shunday shaklda qabul qilingan.
Ikkinchi tomondan esa bu holat o‘zbek tilining asliyligini yo‘qotishi, ifoda imkoniyatlari kambag‘allashishi xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
- Milliy til tozaligini yo‘qotish xavfi. Xorijiy so‘zlar ortiqcha ishlatilaversa, o‘zbek tilidagi mavjud muqobil so‘zlar unutilishi, tilning o‘zligi yo‘qolishi mumkin.
- Ona tilida fikrlash qobiliyati susayishi. Yoshlar va internet faollari orasida faqat modaga aylangan, lekin o‘z ma’nosi aniq anglanmagan neologizmlardan ortiqcha foydalanish holati mavjud. Bu ularning tilda chuqur fikr yuritish imkonini kamaytiradi.
- Til qoidalariga zid shaklda kirib kelishi. Ko‘pgina neologizmlar o‘zbek tili morfologiyasi va fonetikasiga moslashtirilmasdan qo‘llaniladi (masalan, apgreyd qildim, target qo‘ydik, follov qildim). Bu til me’yorlarini buzadi.
Neologizmlar tilning tabiiy rivojida muhim rol o‘ynaydi, lekin ularni bemaqsad va haddan tashqari ishlatish milliy tilga zarar yetkazadi. Shu sababli yangi so‘zlarni qabul qilishda til me’yorlarini hisobga olish, o‘zbek tilidagi muqobil variantini yaratish va ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida til madaniyatini oshirish juda muhim.
Har bir mustaqil davlat o‘z tilini milliy meros, madaniy boylik va davlat suverenitetining bir qismi sifatida ko‘radi. Shu bois davlatlar tilni himoya qilish, rivojlantirish va uning mavqeyini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.
Yurtimizda davlat tilini muhofaza qilish va uni rivojlantirishga doir bir qator qonun va dasturlar mavjud. O‘zbekiston Konstitusiyasi va “Davlat tili haqida”gi qonunga ko‘ra, o‘zbek tili davlat tili hisoblanadi. Davlat organlari, ta’lim muassasalari, OAV va boshqa joylarda o‘zbek tilini to‘liq qo‘llash va uning nufuzini oshirish maqsad qilingan.
Davlat tomonidan milliy ensiklopediyalar, lug‘atlar va atamalar komissiyalari faoliyatini tekshirish, neologizmlarga o‘zbekcha muqobillar yaratish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar ishlab chiqish, davlat muassasalarida rasmiy yozishmalarni o‘zbek tilida yuritish talablari, mahalliy va markaziy OAVda til madaniyati bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish hamda ushbu tadbirlarning amaliy natijadorligini oshirish, aholida ona tiliga hurmat va mas’uliyat hissini shakllantirish, o‘zbek tilining zamonaviy talablarga mos ravishda boyishi va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan tizimli siyosatni yuritish lozim.
Til siyosati so‘zlarni shunchaki taqiqlash emas, balki ularni o‘rganish, saralash va milliy til bilan uyg‘unlashtirish, o‘zbekcha muqobillarini yaratishni nazarda tutadi.
Davlat tilini asrash, himoya qilish uchun quyidagilarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz:
- Ota-onalar va o‘qituvchilar. Bolalarga ongli ravishda sof o‘zbek tilida gapirishni o‘rgatish; neologizmlarni tushuntirish, lekin o‘zbekcha muqobillarini ham o‘rgatish; kitobxonlik va adabiy nutqni targ‘ib qilish.
- Ommaviy axborot vositalari. Televideniye, radio va matbuotda toza va ravon tilda gapirishga e’tibor berish; zarur bo‘lganda xorijiy so‘zlarga tushunarli izoh berish; omma tilini shakllantirishda mas’uliyatli bo‘lish.
- Ijtimoiy tarmoq va yoshlar. Internetdagi yozishmalarda ham madaniyatli va adabiy tildan foydalanish; moda yoki omma orqasidan ko‘r-ko‘rona yurish emas, ongli til tanlovini amalga oshirish; o‘zini ifodalashda o‘zbek tilining boy so‘z xazinasidan foydalanishga intilish.
Til siyosati va jamiyat mas’uliyati bir-biridan ajralmas hodisa hisoblanadi. Davlat huquqiy asos yaratib bersa, jamiyat – fuqarolar, o‘qituvchilar, blogerlar, jurnalistlar uni hayotga tatbiq etadi.