Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Nikoh va ajrim: qaysi hududlarda hamda necha yoshda ko'proq?

30.7.2024 1341

Yoshlar ovozi

Yarim yil mobaynida tuzilgan nikohlar soni Samarqand viloyatida, ajrimlar Toshkent shahrida eng ko‘p qayd etilgan. Bu haqda Statistika agentligi maʼlum qildi.

 

Qayd etilgan nikohlar

2024-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 97,4 mingta nikoh qayd etildi. Nikohlarning 50,1 mingtasi shaharlarda, 47,3 mingtasi qishloqlarda tuzilgan.

Yarim yil mobaynida eng ko‘p nikohlar Samarqand viloyatida qayd etilgan —10 197 ta. Shu bilan birga, Qashqadaryo (9 801 ta), Farg‘ona (9 758 ta), Surxondaryo (8 121 ta) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (9 000 ta) tuzilgan nikohlar ulushi boshqa hududlarga nisbatan yuqori bo‘lgan.

Nikohlar sonining eng kam ulushi Sirdaryo viloyatiga to‘g‘ri kelgan — 2 410 ta. O‘z navbatida Navoiy (2 661 ta), Jizzax (3 518 ta), Buxoro (5 818 ta) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (6 389 ta) qolgan hududlardagidan kam oila qurilgan.

Olti oy davomida nikohlangan ayollar o‘rtacha 22,9 yoshda, erkaklar 27,8 yoshda bo‘lgan. Bu davrda 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar (76,2 foiz) eng ko‘p turmush qurgan.

Maʼlumot uchun, 2022-yil birinchi yarmida respublikada 108,9 mingta, 2023-yil mos davrida 98,6 mingta nikoh qayd etilgan.

Nikohdan ajralishlar

Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatda nikohdan ajralishlar soni 22,5 mingtani tashkil etdi (2023-yil mos davrida 25,4 mingta bo‘lgan). Ajrimlarning 13,8 mingtasi shaharlarda, 8,6 mingtasi qishloqlarda qayd etilgan.

Nikohdan ajralishlarning eng ko‘p ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan—2 935 ta. Shuningdek, Andijon (2 390 ta), Farg‘ona (2 370 ta), Toshkent (2 285 ta) va Samarqand (2 265 ta) viloyatlarida nisbatan yuqori ulush kuzatilgan.

Olti oy davomida eng kam nikohdan ajralishlar Navoiy viloyatida bo‘lgan — 588 ta. O‘z o‘rnida Sirdaryo (772 ta), Jizzax (841 ta), Xorazm (988 ta) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (907 ta) nisbatan kam ajrimlar ro‘yxatga olingan.

Mamlakatda erkaklar o‘rtacha 37,1 yosh, ayollar 32,2 yoshda nikohdan ajrashgan. 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar (64,1 foiz) ajrimlarda eng katta ulushni tashkil etgan.

Yarim yil ichida farzandsiz nikohdan ajralishlar soni 10 479 ta (46,6 foiz) bo‘lgan. Bir nafar farzand bilan ajralishlar soni 6 616 ta (29,4 foiz), ikki va undan ortiq farzand bilan ajralishlar 5 372 taga (24 foiz) yetgan.

Taqqoslash uchun, 2022-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 24,6 mingta, 2023-yil mos davrida 25,4 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish