Dunyoda har bir soha vakillarini munosib taqdirlaydigan, qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilot va mukofotlar bor. Shu jumladan, insoniyat qalbini uyg‘otuvchi va maʼrifat nurini sochuvchi adabiyot olamida ham uzoq va samarali ijod qilgan yozuvchilar yoki yaxshi asarlar uchun turli xil eʼtiroflar tashkil etilgan.
Masalan, “Nobel” mukofoti. Bu mukofotni orzu qilmagan yozuvchi bo‘lmasa kerak. Hozircha nafaqat o‘zbekistonlik ijodkor, balki qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlarida ham bu sharafga musharraf bo‘lganlar yo‘q.
Xo‘sh, nega adabiyot yo‘nalishida beriladigan mukofotlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, barcha “Nobel”ni og‘zidan qo‘ymaydi? Adabiyot olamida “Migel de Servantes”, “Xans Kristian Andersen”, “Buker”, “Gonkur”, “Pulitser”, “Britaniya Fentezi”, “Nadal” kabi mukofotlar borligidan xabaringiz bormi? Keling, bugun shu mukofotlarning baʼzilari bilan tanishamiz.
“Migel de Servantes” mukofoti. “Don Kixot” kitobi muallifi Migel de Servantes sharafiga nomlangan mukofot har yili ispan tilida ijod qiluvchi yozuvchilarning umr bo‘yi erishgan yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida beriladi. Uni 1975-yilda Ispaniya Madaniyat vazirligi taʼsis etgan. Ispan tilida so‘zlashuvchi har qanday muallif mukofotga nomzodini qo‘ya oladi. “Migel de Servantes” mukofotiga ega bo‘lgan ijodkorlar orasida keyinchalik “Nobel” sovriniga ega bo‘lganlar ham bor.
“Buker” mukofoti. Xalqaro Buker mukofoti 2004-yilda taʼsis etilgan bo‘lib, 2005-yildan 2015-yilgacha har ikki yilda bir marta ingliz tilida nashr etilgan asarlar uchun berilgan. Unda muallifning doimiy faolligi, jahon adabiyotidagi o‘rni eʼtiborga olinadi. 2016-yildan beri mukofot har yili ingliz tiliga tarjima qilingan va Buyuk Britaniyada yoki Irlandiyada nashr etilgan asarga berilib, g‘olib 50 ming funt sterling (taxminan 56 ming dollar) bilan mukofotlanadi. Sovrin muallif va tarjimon o‘rtasida teng taqsimlanadi.
“Xans Kristian Andersen” mukofoti. Dunyodagi eng yaxshi bolalar yozuvchilari va ilyustratorlarni tan oladigan ushbu adabiy mukofot “Kichik Nobel mukofoti” deb ham ataladi. 1956-yil YUNESKOning bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan mukofot har ikki yilda bir marta o‘z egalariga topshiriladi. Taqdirlash marosimi 2-aprel – Xans Kristian Andersen tug‘ilgan kunda bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar oltin medal va diplomni Daniya qirolichasining shaxsan o‘zidan qabul qilib oladi va ularga 60 ming funt sterling (taxminan 90 ming dollar) pul mukofoti topshiriladi.
“Pulitser” mukofoti. Qo‘shma Shtatlardagi gazeta, jurnal, onlayn jurnalistika, adabiyot va musiqiy kompozitsiyadagi yutuqlar uchun beriladi. U 1917-yilda gazeta noshiri sifatida boylik orttirgan Jozef Pulitserning vasiyatnomasi asosida tashkil etilgan va Kolumbiya universiteti tomonidan boshqariladi. Sovrinlar har yili yigirma bir nominatsiya bo‘yicha beriladi. G‘oliblar sertifikat va 15 000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ladi.
“Nadal” mukofoti. Ispaniyadagi eng qadimgi adabiy mukofot nashriyotlar tomonidan berilishi bilan boshqalaridan farq qiladi. U urushdan keyingi yillarda yangi isteʼdodlarni kashf etish va adabiyotni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan. Destino gazetasining sobiq muharriri bolalikdagi ilk o‘qituvchisi sharafiga mukofotni shunday nomlagan. Dastlabki taqdirlash 1944-yilda bo‘lib o‘tgan edi.
Aslida hech bir ijodkor mukofot yoki tirikchilik qilish uchun yozmaydi. Lekin ularning insoniyatga qilgan xizmati mukofotga loyiq.