TapSwap, notkoin, hamster kombat... Bu so‘zlar bugun ko‘pchilik uchun tanish. Ko‘cha-ko‘yda telefon ekranini tinimsiz bosayotgan kishilarga ko‘zingiz tushadi, sizga ham start bosib yubor, deya tanishlaringizdan havola kelgandir, ehtimol. Telegramdagi qaysi kanal yoki guruhga kirmang, “Notkoin olamiz falon so‘mdan”, “Kombat yechamiz tugun so‘mdan” qabilidagi xabarlarni eshitasiz. Demak, yurtimizda kriptoo‘yinlardan katta auditoriya foydalanyapti.
Bunday o‘yinlar qanday ishlaydi? Yoshlarda kriptovalyutaga qiziqish keskin oshishiga sabab nima? Kriptovalyuta-chi, u nima o‘zi? Notkoin sotgani uchun javobgarlikka tortilgan yigit haqida eshitdik, demak bu o‘yinlar noqonuniymi?
Kriptovalyuta nima o‘zi?
Kriptovalyuta – tranzaktsiyalarni himoya qilish va yangi birliklarni yaratishni nazorat qilish uchun kriptografiyadan foydalanadigan raqamli yoki virtual valyuta. Boshqacha aytganda, real emas, onlayn pul manbasi. Tanga bosish ko‘rinishidagi aktiv harakat orqali to‘plagan balingiz ma‘lum bir qiymatga baholanadi. Hozirgi kundagi vaziyatni inobatga olsak, baholanyapti ham. Natijada “ikkinchi qo‘l”ga ixtiyoringiz bilan kriptojamg‘armangizni topshirsangiz, yaxshigina pul ishlab olishingiz mumkin.
Kriptovalyutalar bank orqali tartibga solinmaydi, aksincha markazlashtirilmagan kompyuterlar tarmog‘ida boshqariladi.
Tarixi 20 yildan oshadi
Bunday virtual valyuta tarixi 2009-yilda birinchi va eng mashhur markazlashmagan raqamli valyuta – bitkoinning paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Bitkoin yaratuvchisi Satoshi Nakamoto blokcheynga asoslangan tizimni ishlab chiqadi. Bu texnologiya barcha tranzaktsiyalarning shaffofligi va xavfsizligini ta’minlaydi.
Bitkoinning muvaffaqiyati altkoinlar deb nomlanuvchi boshqa ko‘plab kriptovalyutalarning yaratilishiga ilhom bergan. Bugun eng ko‘p foydalanilayotgan kriptovalyutalar qatorida etzreum, laytkoin, stabilkoin tilga olinmoqda. Lekin mamlakatimizda eng ko‘p ommalashgani notkoin, tapswap va hamster kombatdir.
Kriptotanga: ijobiymi yoki salbiy?
Mutaxassislarning fikricha, kriptovalyuta an’anaviy valyutaga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Quyida ularga uch-to‘rt misol keltiramiz:
Demarkazsizlashtirish imkoni bor. Kriptovalyutalar hech qanday markaziy hokimiyat tomonidan tartibga solinmaydi, bu ularni senzura va manipulyatsiyaga nisbatan chidamliroq qiladi;
Ancha xavfsiz. Kriptovalyuta operatsiyalari kriptografiya bilan himoyalangan bo‘lib, yuqori darajada xavfsiz va soxtalashtirish deyarli mumkin emas;
Shaffoflikni ta’minlaydi. Barcha kriptovalyuta operatsiyalari blokcheyn deb nomlanuvchi ommaviy daftarda qayd etiladi, shaffoflik va kuzatuvni ta’minlaydi;
Kam to‘lovi bor. Kriptovalyuta operatsiyalari uchun odatda kamroq komissiya to‘lovlanadi;
Dunyoning istalgan nuqtasida kriptovalyuta to‘lovlarini vositachilarsiz amalga oshirish mumkin.
Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, kriptotangadan foydalanishning ham salbiy tomonlari yo‘q emas. Masalan, kriptovalyuta qiymati juda o‘zgaruvchan, ya’ni qiymati tez va keskin o‘zgarishi mumkin.
Shuningdek, zamonaviy kriptoolamda firibgarlik qilish xavfi mavjud, shuning uchun kriptovalyutalarni investitsiya qilish va ulardan foydalanishda ehtiyot bo‘lish kerak. Kriptovalyuta birjalari va hamyonlarni buzish mumkin.
Notkoin
Notkoinning tarixi va sotuv jarayonlari bilan qiziqib ko‘rsak. Ma’lumotga ko‘ra, notkoin – 1-yanvarda The Open Network (TON) blokcheyn ekotizimida ishga tushirilgan Web3 oʻyin loyihasi bo‘lib, texnik jihatdan Telegram messenjeri ichidagi ilovadir. Loyiha monetlarning eʼlon qilingan tarqatilishi tufayli foydalanuvchilarning, jumladan, oʻzbekistonliklarning ham eʼtiborini tortgan. Ishlab chiquvchilar foydalanuvchilarga smartfon ekranini bosish orqali tokenlarni olishni taklif qilib, bir necha oy ichida 35 million kishilik auditoriyaga ega bo‘lgan.
Qayd etilishicha, barcha yirik kripto birjalari, jumladan Binance, OKX va Bybit Notcoin oʻyinining NOT tokenida savdo boshlanganini eʼlon qilishi, endi ular TONda ishlaydigan tokenlarga aylantirilishi va listingdan keyin birjalarda sotilishi mumkinligi yuqoridagi kabi telegramda sotuv reklamalarini “urchitib” yuborgan.
O‘rtacha 2-5 soat sarflanyapti
Bunday kriptoo‘yinlar ba’zilar uchun kutilgan, ba’zilar uchun samarasiz, kimlarningdir fikricha juda foydali. Youtube platformasida joylangan videolavhaga bildirilgan fikrlardan shuni anglash mumkin.
“Buning nimasi yomon?! Ertami-kechmi baribir biz ham boshqa dunyo aholisi singari bunday kriptovalyutalardan foydalanishni boshlaymiz”, deydi D.M (iqtisodchi).
“Hamster kombatda 12 million tanga yig‘dim. Notkoindan esa o‘tgan mavsumda 400 dollar pul ishlagandim. Hozir ishga bormay, faqat tanga bosyapman. Menimcha listingda narxlar katta bo‘ladi”, deydi A.L (o‘qituvchi).
“Foyda olganman. Lekin vaqt yo‘qotganman. Shuning uchun bunday o‘yinlardan foydalanishni yurtdoshlarim, ayniqsa, yoshlarga tavsiya bermasdim”, deydi Sunnatullo Meliboyev.
Tarmoq foydalanuvchilari bunday kriptoo‘yinlarga bir kunda o‘rtacha 2-5 soat vaqt sarflayotganini aytgan. Shubhasiz, kriptovalyutalar inson uchun, birinchi navbatda, eng qimmatli resurs – vaqtning boy berilishiga sabab bo‘lmoqda. Xo‘p, vaqtni ketkazib, tanga yig‘dik, sichqonni ham “qitiqladik” deylik. Uni sotishning qanday talablari bor? Bu qonuniymi?
Kriptovalyuta sotish jinoyatmi?
O‘zbekistonlik 24 yoshli yigit telegram orqali notkoin yig‘ib, 800 ming so‘mga sotgani uchun 10 sutkaga qamalgani to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani ayni avjiga chiqqan notkoin savdosining cho‘g‘ini pasaytirdi hamda ko‘plab kriptoo‘yin ishqibozlarini sergak torttirdi. Oliy sudning interaktiv xizmatlari portalida e’lon qilingan sud qarorlariga ko‘ra, so‘nggi 1 haftada respublikada kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzishga doir yettita ish ko‘rilgan. Ularning ikkitasida huquqbuzarlarga nisbatan 6,8 million so‘mdan jarima, qolganlariga ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
Bu esa “telegramdagi notkoinga o‘xshash o‘yinlarni o‘ynash qonunga zid ekan”, “notkoin sotish jinoyat ekan” degan fikrlarni keltirib chiqardi. Xo‘sh, haqiqatan ham shundaymi? Keling, qonunchilikka yuzlanamiz.
Joriy yil 19-yanvar kuni davlat rahbarining tegishli qarori bilan kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Unga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi. Bundan ko‘rinadiki, qonunchilik bu borada belgilangan talablarga rioya qilishni ko‘zda tutadi. Xo‘sh, bu talablar qanday?
Litsenziyali kripto-birja
Shunchaki siz kripto-birja yoki kripto-do‘kon bilan shartnoma tuzishingiz kerak. Keyin birjadan identifikatsiyadan o‘tasiz va mijoz sifatida barcha kontakt ma’lumotlaringizni kiritasiz. Bundan maqsad bir-birini “uxlatib” ketish holatlarining oldini olish, moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, operatsiyalarni davlat kafolati asosida bajarish uchun sharoit yaratish.
Shuningdek, anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi. Mijozlar o‘rtasidagi savdoni kuzatish, aloqalarni va oldi-berdini aniqlash qiyin bo‘lgan kriptolar anonim hisoblanadi. Masalan, bitkoin, notkoin, dogekoinlar butkul anonim.
Anonim kriptolarni davlatlar nazorat qila olmaydi. Bu degani – birjada sotganingizni hech kim bilmaydi. Aslida kriptolarni chiqarishdan asosiy maqsad ham davlat nazoratidan, siyosiy o‘yinlardan qochish hisoblanadi.
Masalan, blokcheyn registrini kuzatishning oldini olish uchun operatsiyalar qasddan chalkashtirib yuboriladi, shunda ma’lumotlar blokcheyn registriga buzilgan shaklda qo‘shiladi va jo‘natuvchi-oluvchi o‘rtasidagi aloqa uziladi.
O‘zbekistonda litsenziya olgan va siz shartnoma tuzib ishlay oladigan yagona birja — uznex. Uznexda komissiya juda baland, shuningdek, anonim kriptolar bilan savdo qilish mumkin emas. Balki shuning uchundir, juda kamchilik foydalanadi.
Demak, anonim bo‘lmagan kripto aktivlaringiz bilan faqatgina uznexda shartnoma tuzib ishlash orqaligina siz qonunchilikni buzmasligingiz mumkin.
Shaxsiy ma’lumotlar xaridlarni amalga oshirishda va pullarni oflayn rejimda yechib olishda kriptolar bilan bog‘lanadi. Shu bosqichda sizning qonunbuzarligingiz aniqlanishi mumkin.
Notkoinlarga keladigan bo'lsak, Istiqbolli loyihalar milliy agentligining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda O‘zbekistonda litsenziya bilan faoliyat yuritayotgan kriptobirjalarning birontasining savdo savatida notkoin mavjud emas. Ya’ni mamlakatda bu kriptoaktiv bilan qonuniy savdo qilish hozircha imkonsiz.