Sarg‘ayib ridosin yechar kuz,
Toliqqan go‘yoki hormaydi.
Noyabr minbarga o‘zing chiq
Daraxtlar majlisga bormaydi.
Senatga qulatma ularni,
Pechkaga saylama deputat.
Kompyuter oldiga mixlama
Daraxtlar tepaga yozmas xat.
Ularning qalbida vatan bor,
Xalqi bor yashovchi yaproqda.
Hukumat bordaysan qaydadir
Daraxtlar tug‘ilar tuproqda.
Qurbining yetgani xazonrez,
Topgani sarg‘aygan ko‘p baxtlar.
Noyabr million yil vaz o‘qi
Majlisga bormaydi daraxtlar.