Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Odamdan kartoshka aziz

29.11.2023 432

Irodaxon Mirvohidova

Bekatga yetay deganimda har doimgi chiqadigan 93-avtobusim ketib qoldi. Baxtga qarshi 24-avtobus keldi, bu ham bo‘laveradi. 18 metrli ajoyib avtobus, tiqilinch emas, xotirjam ketaman deb xursand bo‘lgandim. Ammo bu xursandchilik ko‘pga cho‘zilmadi.

Avtobus juda tez yura boshladi, xuddi avtomobil yo‘li poyga maydonidek. Avtobus haydovchisi o‘zini “Lambarjini”da yurgandek his etib, oldindagi 93-avtobusni quvlab borardi.  Poygaga shunchalar kirishib ketganidan, yo‘lovchi kam chiqadigan ba’zi bekatlarda to‘xtab ham  o‘tirmadi.

Chiptachining “keyingi bekatda tushadigan bormi?”, degan so‘zini kimdir eshitdi, kimdir eshitmadi, har holda hech kimdan sado chiqmadi. Eshitmay qolgan bechoralar tushadigan manzillari qolib, keyingi bekatdan yayov qaytishga majbur bo‘lishdi.

Tezlik tobora oshar, to‘satdan “tormoz” bosilardi. Haydovchi bir qop kartoshka olib ketyapman, degan hayolda bo‘lsa kerak. Yo‘lda davom etarkanmiz, ichimda duo o‘qib, gunohlarimga tavba qila boshladim. Endigina 20 ga kirganman axir! Qarasam, boshqalarning yuz ifodalari ham meniki bilan bir xil.

Xayriyat, “Yunsobod bozori” bekatiga keldik, quvonganimdan ko‘zlarim porlab ketdi. Tashqariga otildim. Tushar-tushmas chiptachining ovozi eshitildi: “Tez-tez harakat qilinglar, tezroq bo‘linglar!”.

Ha, ular poygaga shoshilyapti axir.

Bozorga kirdim. Sabzavot qatorga kelar ekanman aravada kartoshka tashilayotganiga ko‘zim tushdi. Aravakash qoplarni shunchalar ehtiyotkorlik bilan tashirdiki, birortasi turtilib, urunib qolmasin deb astoydil harakat qilardi. Manzarani kuzatib, alamim keldi. Kartoshkalar avtobusdagi yo‘lovchilardan ko‘ra ancha azizroq...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish