– 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. Til bayrami yaqinlashyapti. Negadir, shu kun yaqinlashganda tilimizni e’zozlash kerakligi esimizga tushib qoladi. Aksincha, tilni har doim qadrlash va hurmat qilish kerak. Ayniqsa, so‘zlashayotganda boshqa tildagi so‘zlarni qo‘shib gapirish xato. Hammaga tushunarlimi?
O‘quvchilar bir ovozdan:
– Haaa.
Shu payt birdan ustozning telefoni jiringladi.
– Alo, добрый утро, bolajonim. Завтрак qildingmi? Men darsdaman. Uyga borsam gaplashamiz, пока.
Dars kelgan joyidan davom eta boshladi. Ustozimizga hurmatim doim o‘zgacha bo‘lgan. Chunki ona tili va adabiyot fanini juda yaxshi ko‘raman. Dars oxirlab qolganida doim ustozimiz savollar bormi deb so‘raydi. Men har doim savol berishga shay turaman. Bugun ham negadir bir savol meni juda qiynadi. Bu savolni berishga biroz qo‘rqdim-u, ha mayli.
– Ustoz, nega o‘g‘lingiz o‘zbekcha gapirmaydi?
Ustozning rangi o‘zgardi. 4-5 soniyalik jimlikni qo‘ng‘iroq ovozi buzdi. Noto‘g‘ri savol berib qo‘ydim, shekilli...