Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

OILAVIY AJRIMLAR “MO'DA”GA AYLANDIMI?

12.1.2023 198

Jahongir NOSIROV,Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi “Chilto'g'on” MFYning yoshlar yetakchisi

Oila — jamiyatning asosiy bo'g'ini, muqaddas maskan. Mamlakat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi asosiy hujjat — Bosh Qomusimizda oila masalasiga alohida urg'u berilgani ham bejiz emas, albatta. Konstitutsiyamizda oila jamiyatning asosiy bo'g'ini ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqiga ega ekanligi belgilab qo'yilgan. Har qaysi millatning o'ziga xos ma'naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning o'rni va ta'siri beqiyos. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg'ulari, ilk hissiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag'rida shakllanadi. Ya'ni oila ma'naviy jihatdan butun bo'lsagina, mustahkam bo'ladi. Mustahkam oilalardan tashkil topgan mamlakat esa, albatta, qudratli bo'ladi. Agar ota-onalar bir-birlariga mehr-muhabbat qo'yib, do'st va ahil bo'lib yashasalar, ularning farzandlari ham dilkash, mehribon, imonli insonlar bo'lib yetishadi. Lekin ota-onalar ahil yashamasa, bir-birini tinmay haqorat qilsalar ichkilikbozlikka berilsa, bolalarini ursa, bu holat bola tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug'ilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi va u bilan bog'liq mojarolar, ayrim xonadonlardagi mavjud notinch ma'naviy-ruhiy muhit natijasida sodir bo'layotgan nikohdan ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan xavotirli masaladir.

Ma'lumotlarga qaraganda, ajrashishlar soni yurtimizda joriy yilda o'tgan yilning mos davriga nisbatan anchagina ko'paygan. Mahallalar kesimida ajralishlarni kuzatib rosti yoqamni ushladim. Ayniqsa, bir nechta farzandlari bo'la turib ajrashayotgan ota-onalar farzandlarining taqdirini o'ylab ko'rishayaptimikin degan savol tug'ildi. Arzimagan vajlar sabab oilani barbod etish, albatta, bolalar tarbiyasiga salbiy ta'sir etadi. “Bolaning uvoli tutadi”, degan gaplar ham o'z-o'zidan paydo bo'lmagan. Afsuski, uvol-savobni bilmaydigan, norasidalarning yetim qolishini o'ylamaydigan ota-onalar ham oramizda yo'q emas.

Xalqimizda “Otasiz yetim – gul yetim, onasiz yetim – shum yetim” degan maqol bor, shaxsan men keyingi yillar mobaynida otasiz qolgan bolalar ham yaxshi odamlar bo'lib yetishishi mumkinligini isbotlashga urindim. Bir mahallaga bir oyda beshtagacha ajralish to'g'risida arizalar kelib tushibdi. Yarashtiruv komissiyasi bu arizalarning oldini olish uchun bor salohiyati bilan ish olib bormoqda, lekin niyatlaridan qaytarib bo'lmaydigan oilalarning soni kundan-kun ortmoqda. Xo'sh, buning asosiy sababi nima ekan? Haqiqatdan ham iqtisodiy sababga taqalganmikin yoki…

Bir oila vakili sudga ajrashish uchun ariza bergan, o'zi tadbirkor, topish-tutishi yaxshi. Ikki farzandi ham bor ekan. Qaynona kelinidan rozi. “Bu oilani yarashtirsa bo'lar” dedim o'zimcha, lekin chuchvarani xom sanagan ekanman. Er allaqachon boshqa ayol bilan shar'iy turmush qurib, birga yashayotgan ekan. Yana bir holatda mahalladagi yarashtiruv komissiyasiga ajrim yoqasidagi ayol bo'lajak eri bilan keldi. Ularning ham o'rtada farzandlari bor ekan. Endigina turmushiga 3 oy bo'lgan yosh juftlik hayotining eng go'zal damlarida ajrashamiz deb FHDYOga ariza beribdi. Mahalla idorasiga kelgan qizning uyalmasdan “tezroq ajrashsam erga tegaman”, degan gaplaridan to'g'risi peshonamdan ter chiqib ketdi. Er yoki xotin topish shunchalik oson bo'lib qoldimi?!

Bugungi ajrim holatlarni zanjir reaktsiyasiga qiyosladim – bir ayol ajrashadi va boshqa oilali erkakni oilasini buzadi, ikkinchi oilada ham ajrashish holati, tirik yetim go'daklar paydo bo'ladi, eng qizig'i, yetim qolgan farzandlarning kelajak taqdiri nima bo'lar ekan? Ayni kunda aksariyat ijtimoiy xavfli jinoyatlar sodir etayotgan ayollar va voyaga yetmagan bolalar noto'liq oilalardan ekanligi kuzatilyapti. Yoki bo'lmasa, boshqa huquqbuzarliklar, odam savdosi qurbonlari, noqonuniy yo'l bilan chet davlatlarga chiqib ketayotgan yoshlar, ayollar, albatta, bularning aksariyati asosan ajralish oqibatida yuzaga kelgan hamda noto'liq oilalarda bo'layotgani achinarli.

Besh oiladan atigi bittasi eri ishlamagani uchun, ikki nafari ikkinchi turmushi bo'lganligi, yana ikki nafari ota-onalarining aralashuvi bilan ajrimga muqarrar yuz tutdilar. Yoshlarning psixotrop dori vositalari iste'mol qilishlari ham keng ajrimlarga sabab bo'lmoqda ekan. Qanday qilib deysizmi?! Psixotrop tabletkalarni iste'mol qilish bangilikdan o'zga narsa emas-da. Bunday yo'lga kirganlarga esa na oila, na bolaning qizig'i qoladi.

Beshtagina ajrim katta ko'rsatkich emasdir, lekin mamlakatimizda o'n mingga yaqin mahalla borligini inobatga olsak, tashvishli raqamlar kelib chiqmoqda. Bunday ajralishlar sonini kamaytirish uchun yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab borish zarur. Oila tinchligi uchun eng avvalo mahalla ahli, mahalla faollari, keng jamoatchilik javobgardir.

Bugungi kundagi islohotlar asosida yaratilgan yangi lavozimlar – “Hokim yordamchisi”, “Yoshlar yetakchisi” va “Ayollar faoli” aynan oilaning, shaxsning osoyishtaligi, tinchligi, iqtisodiy barqarorligini ta'minlash uchun tuzildi. Mazkur vakillar bir qator omillarga e'tibor qaratish lozim bo'ladi, ya'ni oiladagi ajrimlarning oldini olishda, asosan, yoshlarni oila ilmiga o'rgatish maqsadga muvofiqdir. Ularda oila muqaddas qo'rg'on ekanligi to'g'risidagi targ'ibot-tushuntirish ishlarini butunlay yangichasiga olib borish kerak.

Insonni shakllantiradigan omil – hamkorlik, uni insongarchilikdan chiqaradigan narsa esa noahillikdir. Ahillikning nimalarga qodir ekanligini bizning mahallamiz misolida ham yaqqol ko'rish mumkin. Bir misol. Ko'cha boshida bir ko'p bolali yosh oila istiqomat qiladi. Samandar ishlamasdi, ish taklif qilsam hech unga ma'qul bo'lmasdi. Ayolining esa yosh bolasi borligi uchun ishlashga imkoni yo'q. Xonadonda qaynona kelin o'rtasida mojaro chiqdi. Yo'qchilik ham bu janjalga qorishib yoshlar ajrashamanga tushdilar. Oxir-oqibat oilaviy masalaga aralashdim. O'ylab bir qaror qildim. Bu oila deb atalmish dargohni mustahkamlash uchun ularni bir maqsad ostida birlashtirishni rejaladim. Samandar chilangarlik kasbini egallab, bir paytlar shu sohada ishlagan ekan. Ularga tadbirkorlik rejasi tuzib berildi. Xullas, subsidiya asosida kompressor va payvand apparati olish uchun tavsiya kiritildi.

— Siz o'zingizni-o'zingiz band qilib boshlanishiga xonadon darvozalarini bo'yaysiz, daromadingiz ko'payib darvoza yasashni boshlaysiz, shu qo'lingizdan keladimi? — deb Samandarga taklif berdik. Ayolining ko'zi yorishib ketdi, Samandar ham birdan: “Ha, bu qo'limdan keladi”, deb javob qaytardi. Sal oldin ajrashamanga tushib turgan oila bir bo'lib tadbirkorlik rejasini maslahatlasha boshladilar. Shunda o'zimga-o'zim — to'qchilikdan ajrashayotganlarni yarashtirib bo'lmasa ham, yo'qchilikdan ajrashayotgan oilalarni saqsab qolsa bo'larkan, – degan xulosaga keldim.

Yoshlar oila deb, atalmish muqaddas dargoh ostonasiga qadam qo'yar ekan, “Men oila qurishga tayyormanmi? Oilam mustahkam bo'lishi uchun nimalar qilishim kerak?” degan savollarni o'ziga bersa, mustaqil hayotga yuzaki emas, o'ta jiddiy masala deb qarasa, oilalarda paydo bo'ladigan ba'zi bir noxush holatlarning oldi olinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish