Ijod yo‘li – og‘ir va mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘lga chiqqan istedod egasi manzil sari, yuksak orzulari sari intiladi. Ana shu serqirra, o‘ta mas’uliyatli yo‘lda jurnalistikaning o‘z o‘rni, o‘z nufuzi bor. Har bir navqiron qalb egasi yurak tug‘yonlarini o‘ynatib yuboruvchi o‘zgacha bir hissiyotni boshidan o‘tkazadi. Umr so‘qmoqlaridan yurib, ijodning ilk pillapoyalaridan qadam tashlaydi. Bir qarasang, she’r ijod etadi, hikoya yozadi, maqolalar madh etib gazetalarda nomini ko‘rsata boshlaydi. O‘qiydi, o‘rganadi, fikr-u xayoli tezroq ijodda ko‘rinish berish.
Bu jarayonlar jurnalistika va yozuvchilik yo‘lini tanlagan har bir yosh ijodkor uchun sinov maydoni, sir-sinoat davri, bu davrdan o‘tmagan ijodkor bo‘lmasa kerak. Ana shu jo‘shqin pallalarda yosh qalam sohiblari o‘z yo‘lini asta-sekin topib olishadi. Bunda ularga, albatta, o‘ziga xos ijod maydoni – yoshlar matbuoti juda-juda asqotadi. Juda ko‘p iste’dod egalari, taniqli adib va jurnalistlar o‘zlarining ijod maktablarini shu matbuot dargohida deb bilishadi.
Gazeta yoki jurnal tahririyati yosh ijodkor uchun chinakam shakllanish, kamolga yetish dargohi, istedodini mushtariylarga ko‘rsata olish manzili. Bunda, ayniqsa, yoshlar matbuoti alohida o‘ringa ega. Mana, bir asrki respublikamizda yoshlar gazetasi ijodkorlar uchun haqiqiy mahorat maktabi rolini bajarib kelgan. Gazetada o‘tgan yillarda barcha taniqli shoir va yozuvchilar o‘zlarining eng sara ijod namunalarini e’lon qilgan, ko‘pchiligi shu dargohda ishlashgan ham.
Yoshlar gazetasi mustaqillik arafasida juda ommalashdi. Adadi bir million nusxaga yetdi. U Markaziy Osiyodagi eng ko‘p tarqalgan nashrlardan bir bo‘ldi. Gazetani O‘zbekistonimizdan tashqari, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalarida ham sevib mutolaa qilishardi. Sahifalarimizda ularning serqirra faoliyati, hayoti va turmush muammolari haqida turkum maqolalar berilardi. O‘zbek tilida ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning asarlari muntazam chop etildi.
Gazeta muxbirlari qardosh respublikalarga borib, eng taniqli yozuvchi va shoirlar, davlat arboblari bilan bemalol uchrashib, suhbatlar qilardik. Shaxsan o‘zim Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan Olmaota shahrida uchrashganman. Maxsus muxbirlarimiz Turkmaniston Prezidenti Saparmurod Niyozov bilan uchrashib, bir sahifalik maqola tayyorlagan. Biz shu bilan O‘zbekiston yoshlar matbuotining rolini amalda namoyish etib, xorijga yo‘l olganmiz, o‘zbek xalqaro jurnalistikasi tug‘ilayotganidan butun dunyoni amalda xabardor qilganmiz. Afsuski, bu harakatlarimizni mahalliy rahbarlarimiz qo‘llab-quvvatlamadi. O‘zbek matbuoti o‘z yog‘ida o‘zi qovrilib qoldi. Hozirgacha chet elda birorta gazeta yoki axborot agentligining muxbiri yo‘q.
O‘tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida yoshlar gazetasining “ovozi” okean ortiga ham yetib borgan. AQSh Kongresida ham tilga olingan taniqli yozuvchimiz Muhammad Alining “O‘z-o‘zingni anglab yet” publitsistik maqolasi dunyo bo‘ylab o‘qilgan desam, xato bo‘lmaydi. Hatto 1990-yil 16-iyulda AQShning Sobiq Ittifoqdagi favqulodda va muxtor elchisining maslahatchisi Jon Maykl Joysning Toshkentga maxsus kelib, biz bilan uchrashishi, suhbat qilishi tarixiy voqea bo‘lgan. Bu o‘zbek matbuoti, yoshlar gazetasi bo‘lmish “Turkiston”ning nufuzi naqadar oshganini ko‘rsatardi.
Ijtimoiy hayotda ham gazeta o‘ziga xos yo‘lni bosib o‘tdi. Yoshlar matbuotining kuch-qudrati, erkin fikr bildirish, haqiqatni dadil ayta olishda ham yetakchi bo‘lgan. Bu, ayniqsa, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish uchun ilk qonun qabul qilishda o‘z aksini topgan. Qonun loyihasi ikki bor e’lon qilindi. Bu shaxsan gazetamiz tashabbusi, harakati va e’lon qilingan maqolalar evaziga bo‘ldi.
O‘zbek jurnalistikasida yoshlar matbuotining rolini oshirish, mustaqil, dadil, o‘z so‘zini ayta oladigan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash har doim asosiy maqsadimiz bo‘lgan. Shu maqsadda eng ilg‘or, yetakchi chet el matbuotining, jurnalistlarining tajribasini o‘rganish, mahoratini, ish uslublarini amalda joriy etish borasida ham bir muncha harakatlar amalga oshirilgan. Shaxsan o‘zim Sobiq Ittifoqning yetakchi jurnalistlari, muharrirlari bilan birga AQShning nufuzli nashrlari yetakchilari va jurnalistlari bilan munozarali uchrashuvlarda ishtirok etdim. Ularning bosma nashrlarni chop etishdagi tajribasi, hozirjavobligi, matbuot erkinligi masalalariga e’tibor qaratganman. Ularning eng maqbullarini tahririyatda joriy etishga harakat qildim.
Rus jurnalistikasi tajribasi ham doim kuzatuvimda bo‘ldi. Chunki zamonaviy axborot olamida ularning ham o‘z o‘rni va roli katta. Shu maqsadda avvalo o‘zim sinovdan o‘tkazgan “Комсомолъсная Правда” gazetasi tajribasi asqatgan. Bu nashr o‘sha davrda rus tilida chiqadigan gazetalar ichida eng ommaviy va adadi ko‘pligi bilan ajralib turardi. Unda chop etiladigan maqolalar ham o‘ziga xos bo‘lib, mavzu tanlashda va mushtariylarga yetkazishda jurnalistlarining ibratli ijod uslubi betakror ahamiyatga ega edi.
O‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida gazetada “Tarixning qo‘llamagan sahifalari” rukni ostida mustaqillik uchun kurashgan jadidlar harakati yetuk namoyandalari hayoti, Abu Rayhon Beruniy, Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Zamaxshariy singari allomalarimiz, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur singari buyuk sarkardalarimiz, Islom dini rivojiga betakror hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, at-Termiziy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshbandiy singari din peshvolari hayoti va bebaho asarlari haqida ilk maqolalar e’lon qilganmiz. Bularning barchasi xalqimizning sara asarlar kutgan tashna qalblarini tarixiy, ammo yangi g‘oyalar bilan qondirgan.
Davr o‘zgardi, hayot esa o‘z yo‘lida davom etmoqda. Bunda hamon yoshlar gazetasining o‘z o‘rni va roli bor. U mustaqil Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xalqimizning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shishga intilmoqda. Bu jarayon oson emas. Internet bugun axborot olamini to‘la qamrab olgan, tezkor elektron axborot vositalari bosma nashrlarni siqib chiqarmoqda, g‘oyaviy qarash kun sayin yangi cho‘qqilarga chiqmoqda.
Darhaqiqat, dunyoda go‘zal hayot borligini, haqiqat, albatta, ro‘yobga chiqishini, nurli kelajakka umid-ishonch so‘nmaganini ko‘rsatadigan noyob kasb egalari fidoyi jurnalistlardir. Ularsiz hayot mazmunsiz, ishonchga bo‘lgan sabr-qanoat xomxayoldir. Shu sababli kechagi tariximizni, butun hayotimizni, Vatanimizning olamshumul taraqqiyot yo‘lini bosma nashrlarda, sahifalarda muhrlab, kelajak avlodga bebaho boylikday qoldirayotgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yangi sharoit va imkoniyatlar yaratish bugungi kundagi eng dolzarb burchimizdir.