Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Olgʻabos” yoshlari qachon olgʻa bosadi?

10.8.2023 3556

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Hududlar va sektorlar bo‘ylab xizmat safarlarimiz davom etadi.

Xabaringiz bor, mamlakatimizda Prezident topshirig‘i bilan davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi “Olgʻabos” mahallasida ana shunday toifadagi 41 nafar yosh rahbar xodimlarning  qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj. Ular quydagi sabablar bilan “qizil” toifaga olingan:

Profilaktik  hisobda (1);

Probatsiya nazoratida (1);

Notinch oila farzandi (1);

Xorijiy migratsiyadan qaytib kelgan (9);

Oilaviy ajrim yoqasida (1);

Nogiron (12);

Surunkali kasalligi bor (4);

Yetim (12).

Ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, bu yoshlarning muammolarini hal etish viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Muhiddin Suyunovga yuklatilgan. Ammo...

Zamira Boboyeva, Xorijiy migratsiyadan qaytib kelgan Rustam Boboyevning onasi:

Oʻgʻlim hozir dalada, deyarli har kuni mavsumiy ishga chiqadi. Hovlimizdagi qurilishni davom ettirish uchun yaqinda yana xorijga ishlash uchun ketmoqchi. Men esa buni istamayman. Ko‘z oldimda bo‘lishini xohlayman. Muhiddin Suyunovga oʻgʻlimni biror yerga ishga joylab qoʻyishini iltimos qildim. Ular taklif qilgan ish esa kam haq toʻlarkan, o‘g‘lim u yerda ishlashni istamadi. Endi chet elga yuborishdan boshqa choramiz yoʻq.

 

Gulbahor Toʻqliyeva, profilaktik hisobda turuvchi Oxun Mahmarajabovning onasi:

Muhiddin Suyunov uyimizga ikki marta keldi. U kishidan oʻgʻlim motokultivator soʻragan edi. Yordam berishini aytgan. Ammo hali berilmadi. Oʻgʻlim ish boshlandi degandan to qishgacha dalada ishlaydi. Unga bitta motakultivator berilsa, qoʻshimcha daromad topardi.

 

Abdurauf Isroilov, xorijiy migratsiyadan qaytib kelgan yosh:

Ochigʻini aytsam, men Muhiddin akani koʻrmaganman. Agar uchrashganimizda ham u kishidan hech narsa soʻramagan boʻlardim. Chunki biror muammoyimga yordam berolishiga ishonmayman! Oʻzim shu hafta ichida Rossiyaga ketib, yana migratsiyada boʻlaman. Bu men uchun ishonchli chora.

Shuningdek, mahalla yoshlari biriktirilgan mutasaddidan 6 million so‘mlik oʻt oʻruvchi qurilma, asbob-uskuna va mehnat qurollari uchun 6 million so‘m subsidiya, 5 million soʻmlik tikuv mashinasini olishda yordam, bandligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahridagi “Texnopark” majmuasiga ishga joylashtirib qoʻyish kabi yordamlarni soʻragan. Shu kungacha bu masalalarning birortasi yechimini topmagan.

Oqibatda mahalla yoshlari ularga biror inson yordam berishiga unchalik ishonmay qoʻygan. “Olgʻabos”lik yoshlarga qachon yordam beriladi? Shu savol bilan viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Muhiddin Suyunovga murojaat qildik.

Muhiddin SUYUNOV, Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi boshligʻi:

Bizga 50 nafardan biriktirilgan har bir yoshni oʻz farzandimizdek koʻrishimiz tayinlangan. Bilasizmi, men hatto oʻz farzandlarimning ham barcha istaklarini emas, qurbim yetganlarini amalga oshiraman. “Olgʻabos” mahallasida menga biriktirilgan 18 nafar yoshga ikkita mini avtobus ajratib berib Samarqand shahriga aylanib kelishini tashkil qilib berdim. Chunki ayni paytda shunga imkonim boʻldi. Yoshlar soʻrayotgan juda koʻp iltimoslar katta katta mablagʻ evaziga amalga oshadi. Ana shu pul boʻlishi bilan imkonim doirasida ularga yordam beraman.

Yana mahalladagi 16 nafar sogʻligida muammosi bor yoshlar uchun 4 turdagi shifokorlarni olib kelib, bepul tibbiy koʻrik ham tashkil qildim.

 

Shundan so‘ng “Olgʻabos” mahallasiga qoʻshni hudud “Nurobod” mahallasida boʻldik.

Sarvar Doniyorov, Sayxunobod tumani “Nurobod” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamizdagi “ogʻir” toifadagi yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida tuzilgan “yoʻl xaritasi”ga jami 81 nafar yosh qamrab olingan boʻlib, ular 10 nafar rahbarga biriktirilgan. Yoshlarning ehtiyoji va soʻragan yordamidan kelib chiqib har bir murojaatni hal etish uchun aniq muddat belgilab olingan. Hozircha 81 nafar yoshning 59 nafarida muammo aniqlangan. 22 nafari har qanday yordamni rad etgan. 29 nafar yordam soʻragan yoshlarning ehtiyoji qondirildi:

1 nafari – ishga joylangan;

4 nafari – tadbirkorlik uchun kredit olgan;

3 nafariga – ekin maydoni ajratilganlar;

7 nafariga – asbob-uskuna ajratilgan;

2 nafarining – davolash xarajaatlari qoplab berilgan;

12 nafariga – bo‘doy va boshqa moddiy yordam berilgan.

Artur Umirov, probatsiya nazoratidagi yosh:

Men “qizil” toifaga olinganimni bilganimdan keyin “Xalq banki” Sayxunobod tumani filiali boshqaruvchisi Jahongir Hanjarov uyimizga kelib “nima yordam?”, deb soʻradi. Men dehqonchilik bilan shugʻullanganim uchun 7 millionlik motokultuvator soʻradim. Oradan oz vaqt oʻtib menga motokultuvator va ikkinchi ekin uchun 50 sotix yer ham ajratib berishdi. Yerga mosh ekib, hozir parvarish qilayapman.

Nilufar Xolmamatova, nogiron yosh:

Tuman prokurori Sherali Suyunov uyimizga kelib menga nima zarur boʻlayotganligini soʻradi. Tumanimizdagi monomarkazda tikuvchilikni oʻrganganimni, toʻquvchilik va biser toʻqishimni aytdim. Tikuv mashinasi va overlok kerak boʻlayotganini tushuntirdim. Yoshlar yetakchisidan ham shunday yordam soʻraganman. Ular meni “Yoshlar daftari”ga ham roʻyxatga olgan edi. Ikki hafta oʻtib menga “Yoshlar daftari” hisobidan zamonaviy tikuv mashinasi va overlok uskunasi ajratildi. Hozir oyiga 1 million soʻm daromad topyapman.

Amirov Fazliddin, nogiron yosh:

Tuman prokurori Sherali Suyunov uyimizga keldi. Men mahalladagi sartaroshxonada oyiga 8 yuz ming ijara puli toʻlab, sartaroshlik bilan shugʻullanayotganligimni, yaxshi daromad topayotganimni aytdim. 10 million soʻmlik imtiyozli kredit olib yana zamonaviy asbob-uskunalar olish istagim borligini bildirdim. Shundan keyin menga imtiyozli kredit ajratildi. Yaqinda oʻz uyim yonidan oʻzimning sartaroshxonamni ochish uchun qurilish ham qilayapman. Hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi koʻmagida menga sartaroshxona jihozlari subsidiya asosida ajratib berilyapti.

Ergasheva Dilnoza:

– Uchrashuvda men tikuvchilik qilishim uchun tikuv mashinasi ololmayotganimni aytgandim. Koʻp oʻtmay uyimizga tikuv mashinasi olib kelib berishdi. Toʻgʻrisi menga tekinga tikuv mashinasi berilishiga umuman ishonmagandim. Hozir qoʻni-qoʻshnilarimga liboslar tikib, daromad topayapman.

Ikki mahallaning yoshlarida ikki xil kayfiyat. Birlari ularga birov yordam bera olishiga ishonmasa, boshqasida buning aksi.

Ehtimol “Nurobod” mahallasi yoshlariga bir emas 10 ta masʼul rahbar biriktirilgani, rahbarlar ularning ehtiyojiga qarab tanlangani uchun mahalla yoshlarining orzusi ushalyotgandir?

Jahongir HANJAROV, “Xalq banki” Sayxunobod tumani filiali boshqaruvchisi:

Bilasiz, banklar turli tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Kredit ajratib berganimizdan keyin ishlari rivojlansa, minnatdorchilik bildirish uchun kelishadi. Men ularga imkoni boʻlsa, muhtoj yoshlarni qoʻllab yuborish taklifini bildiraman. Ularning koʻpchiligi bu taklifni bajonidil qabul qiladi. Va bizdan shunday savobli ishga undaganimiz uchun minnatdor ham boʻlishadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish