Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“OʻLSAM AYRILMASMAN QUCHOQLARINGDAN”

25.1.2023 2850

Davron ERGASHEV, OʻzJOKU sanʼat jurnalistikasi talabasi

Umri davomida “Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan”, deya yashagan Ozod Sharafiddinovning Vatanga muhabbatini uzoq yillik samarali mehnatlarida koʻrishimiz mumkin. Mustaqillik yillarida Ozod Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi.

Taniqli adabiyotshunos, munaqqid, professor Ozod Sharafiddinov adabiy bahs hamda munozaralarda oʻz fikri, oʻz talqini va tanqidiy qarashlari bor takrorlanmas shaxs. Biz udan Vatanga sadoqat, adabiyotga cheksiz muhabbat, kasbga fidoyilikni oʻrganishimiz kerak.

Ozod Sharafiddinov tabiatida katta olimlarga xos bagʻrikenglik va mardlik bor. Oʻzini oʻzi taftish qilish, chigitday kamchiligini ham ochiq tan olish fazilati hammaga ham berilavermaydi. Ayniqsa, dunyoqarashlar evrilishga yuz tutgan algʻov-dalgʻov bir pallada “Nega men eʼtiqodimni oʻzgartirdim?” deya oʻziga savol berish uchun odam, avvalo, mard boʻlishi kerak.

Oʻz ilmiy maqola yoki kitoblarida yozib qoʻyilgan, oʻz vaqtida toʻgʻri tuyulgan, vaqt oʻtishi bilan oʻzgargan fikrlar haqiqatini tan olish chinakam joʻmard olimga xos fazilatdir. Ozod Sharafiddinov ijodiga nazar tashlaganda bunday ibratga munosib oʻrinlar yaqqol koʻrinadi. Xususan, “Adabiyot yashasa, millat yashar” maqolasida Choʻlponning “Shoʻro hukumati va sanoe nafisa” maqolasini shoirning “inqilobni ijobiy kutib olganining dalili” sifatida “daho”ning “ayrim asarlari taʼsirida yozilgan” asar degan taxminni ilgari surganini, yangi manbalar bilan tanishgandan keyin esa fikri oʻzgarganini ochiq-oydin yozadi.

Ozod Sharafiddinov yosh avlodga tengsiz adabiy meros qoldirgan. Turli toʻplamlardagi maqolalar, kirish soʻzlar va soʻngsoʻzlar, suhbatlar, alohida chop etilgan kitoblar, tarjima asarlari ustozning nihoyatda barakali, sermahsul ijod qilganidan dalolat beradi.

 

Ozod Sharafiddinov – Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati (1970), “Buyuk xizmatlari uchun” (1999), “Mehnat shuhrati” (1997) ordenlari sohibi. 2002-yili “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish