Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“ONAM YIG‘LAMASIN”

28.8.2022 502

Aziza MAXSUDOVA, Yakkasaroy tumanidagi “Shohjahon” mahallasi yoshlar yetakchisi

Jismoniy nuqsonlar ijod namunalarini boshqalar bilan bo‘lishishga to‘sqinlik qilolmaydi deb hisoblaydigan do‘stimiz Rasulbek Rajapov she’rlar mashq qiladi. U 2003-yili Xorazm viloyatida tug‘ilgan, II guruh nogironi. Onasi va ukasi bilan yashaydi.

Rasulbek 2021-yili Mirobod tumanidagi 294-maktabni tamomlab, Sergeli tumanidagi Toshkent politexnika texnikumiga o‘qishga kirdi. Uning yagona orzusi volidasi uchun yozgan ijod namunalarini to‘plab, “Onam yig‘lamasin” nomli sheʼriy kitob chiqarib, onasiga sovg‘a qilish bo‘lgan. Yosh ijodkorimiz bilan xatlov jarayonida tanishganimda vaqtincha ijarada yashayotgani, sog‘lig‘ida muammosi borligi, ijod qilishi, yozgan sheʼrlarini kitob holida chiqarib onajonisiga sovg‘a qilish orzusi ekanini, ammo bunga moddiy imkoniyati yo‘qligini bildirdi.
Orzulari haqida to‘lib-toshib ko‘zida yosh bilan gapirganini ko‘rib, Rasulbekning orzulari ushalishi uchun ozgina bo‘lsa ham o‘z hissamni qo‘shishni niyat qilib qo‘ydim. Uning sheʼrlarini olib, ilk – “Onam yig‘lamasin” nomli sheʼrlar to‘plamini nashr qilib berdik.

Kitobni topshirish jarayonidagi yosh ijodkorimizning xursandchiligi bir umr yodimdan chiqmasa kerak. Ko‘rsatilgan bunday yordamdan uning hayotga, ijodga qiziqishi ortib, qalamini yanada sayqallantirishini, ijod namunalarini ko‘paytirishini aytib, minnatdorchilik bildirdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish