Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

OʻQIMAGAN QIZNI KELIN QILAMAN!

9.2.2023 775

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Qishlog'imizda yangi urf-odat (xuruj) paydo boʻlibdi. Hamma oʻgʻliga, ukasiga, akasiga, jiyaniga, togʻasiga oʻqigan qizni kelin qilmoqchi. Kuyov oʻqimagan boʻlsa ham kelin oʻqigan boʻlishi shart.

Qizlar ham zamon bilan hamnafas boʻlish kerak deb oʻqish taraddudida, erta tongda, qoq abetda tayyorlov kurslariga yugurgani yugurgan.

Sinfdosh qizlardan beshtamiz oʻqiyotgan boʻlsak, ukamning sinfdosh qizlaridan 13 tasi oʻqimoqchi ekan.

Ajoyib, oʻqishga boʻlgan qiziqish yildan yilga oshyapti, endi ular ozmi koʻpmi jamiyatga aralashadi, oʻz mustaqil fikriga ega boʻladi, eng asosiysi qoʻlida kasbi boʻlib, kelajakda qiynalmaydi!

Ammo... Tanganing ikkinchi tomoniga qaraydigan boʻlsak, ahvol men o'ylaganchalik yaxshi emas.

Sinfdosh dugonam uchinchi kurs, sentabrda toʻy qilyapti. Oʻqishi Toshkentda, oʻzi Buxoroga kelin boʻlyapti. Oʻqishchi desam, toʻrtinchi kurs boʻldimku, amallab bitirib olaman deydi.

Bu yil ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib kelgan qiz qishloqdagi maktabda tayyorlov kursi ochibdi, jiyanim borayotgan ekan. Uyga vazifalarini tayyorlatayotganimda oʻqituvchisi any va somening farqini ayta olmaganini, koʻplikdagi otlarga ham a/an artikl qo'yib ketayotganini aytib qoldi.

Oʻqishga tayyorlanayotgan jiyanim bilan qaysi oʻqishga topshirasan, kim boʻlmoqchisan desam, eng bali pastiga, oʻqishga kirib olsam boʻldi deydi.

Ammam nolib o'tiripti, ikki yil tayyorlov kursiga qatnab bir ish qilmadi, 4 yil Buxoroda yurib, oʻqidi. Kontrakt toʻladim, ijara puli toʻladim, yeb-ichishi, kiyim-kechagi. Rus tili o'qituvchisi-yu, lekin ikki gapni bogʻlab gapira olmaydi. Ish topa olmay yuripti mana bir yildan beri deydi.

Keyin oʻylab qoldim, qizlarni nima uchun oʻqitish kerak? Oʻqigan qiz degan nomi boʻlib, bozori chaqqon boʻlishi uchunmi? Afsuski, koʻpchilik shu ishtiyoqda, oʻqigan qiz degan nom olish uchun harakat qilyapti.

Biror sohaga qiziqish, aniq reja-maqsad, oʻqishga kirgach esa karyera haqida oʻylash deyarli 80 foiz qizda yoʻq.

Amallab oʻqishga kirsa, amallab bitirsa boʻldi. 5-6 yillik umr, toʻrt yillik kontrakt, yana boshqa xarajatlar hammasi oʻqigan qiz degan nom uchun.

Endi ularning na bir yaxshi daromad keltiradigan kasbi bor, na qoʻlida bir hunari. Avvalroq tikuvchilik, qandolatchilik, goʻzallik salonlari ochishga harakat qilayotgan qizlar yoppasiga oʻqishga yopishyapti.

Adabiyotni tugatib, biror badiiy kitob o'qimagan, xorijiy tillarni tugatib, "a" ni "b" ga qo'sha olmay, 4 yilini ota-onasining mablagʻini behuda sovurgan oʻqigan qizdan koʻra oʻqimagan qizni kelin qilaman!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish