Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘quvchini kaltaklash mumkin emas!

7.11.2023 1557

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yaqinda xorazmlik o‘qituvchi o‘z o‘quvchisini kaltaklagani ortidan yana o‘sha azaliy bahslar boshlandi: ko‘pchilik bolaga nisbatan kuch ishlatish mutlaq mumkin emasligini aytsa, bunday vaziyatlarda o‘qituvchini yoqlaydiganlar ham topiladi. Biroq kim qanday fikrda bo‘lmasin, bolani kaltaklash ortidan ko‘p hollarda o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Xo‘sh, shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘quvchi darsga kelmasa, hurmatsizlik qilsa, ichki tartib qoidalarga bo‘ysunmasa, uyga vazifani bajarmay kelsa, shovqin solsa, o‘qituvchi qanday yo‘l tutishi kerak? O‘qituvchiga nisbatan qonun-qoidalar bor-u, tarbiya va ta’limda muammosi bor yoshlar doimo haqmi? O‘quvchini urish, stul ko‘targizib qo‘yish yoki darsdan chiqarib yuborish o‘tmishda qolgan. Ya’ni bu qonunan taqiqlangan. Bunday vaziyatda o‘qituvchi nima qila oladi?

Keling, bu savollarga javobni  “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”dan topamiz.

 

O‘quvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri jazo qo‘llab bo‘lmaydi

Shaxs voyaga yetgunga qadar uning xatti-harakatlari uchun ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchilar javobgar bo‘ladi. O‘quvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri jazo chorasini qo‘llash qonunan mumkin emas.

Darsga tayyorlanib kelmagan o‘quvchining kundaligiga yozma tarzda ma’lumot berish yoki sinf rahbari orqali ota-onani xabardor qilish kerak. Bu – birinchi qadam.

Agar bu qadam o‘zini oqlamasa va o‘quvchi darsni o‘zlashtirmay kelishda yana davom etsa, unda o‘qituvchi sinf rahbari orqali bolaning ota-onasini maktabga chaqirtiradi. Maktab direktori, sinf rahbari, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, psixolog ishtirokida fan o‘qituvchisi ota-ona bilan o‘quvchining holatini muhokama qiladi.

Agar bu chora ham kutilgan natijani bermasa, unda keyingi bosqichga o‘tiladi. Maktablarda oila-mahalla-ta’lim muassasasi jamoatchilik kengashlari faoliyat yuritadi. Bu jamoatchilik kengashi a’zolari qarori bilan o‘quvchini maktabning ichki profilaktik ro‘yxatiga kiritish mumkin. Bunday ro‘yxatga muntazam ravishda odob-axloq qoidalarini buzib kelayotgan o‘quvchilar maktab rahbari buyrug‘i va jamoatchilik kengashi qarori asosida kiritiladi.

Bu ro‘yxatda o‘quvchi 6 oygacha turishi mumkin, biroq muddat o‘tguncha ham o‘quvchida o‘zgarish bo‘lmasa, maktabning murojaati bilan bola Ichki ishlar bo‘limlarining profilaktik ro‘yxatiga qo‘yiladi.

Har ikkala holatda: o‘quvchi maktab ichki ro‘yxatiga yoki Ichki ishlar bo‘limlarining profilaktik ro‘yxatiga qo‘yilganda ham ota-onadan tilxat olinadi. Maktabning ta’sir chorasi – shu.  Bu qoidalarga zid ravishda bolaga nisbatan ruhiy bosim va jismoniy kuch ishlatish o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘rib turganingizdek, har bir masalaga qonuniy yechimlar bor. Bunday vaziyatda o‘quvchilarga nisbatan qo‘pol muomala qilish, kaltaklash o‘qituvchining o‘ziga ziyon bo‘ladi, xolos.

Shu o‘rinda yosh, bolalar tarbiyasi bilan ishlashda qiynalayotgan o‘qituvchilarga soha mutaxassislari, o‘z kasbi fidoyilaridan mavzuga doir bir-ikki tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

 

Bekzod XO‘JAYEV, pedagogika fanlari doktori:

“O‘qituvchi o‘quvchiga hech qanday jazo qo‘llashi mumkin emas, aksincha, unda o‘qishga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani hosil qilishi kerak va uni ham ichki, ham tashqi rag‘batlantirib borishi zarur. Shuning bilan o‘quvchining xulq-atvori yaxshilanadi va fanga qiziqishi ortadi.

O‘qituvchi har bir o‘quvchiga individual yondashishi kerak, sababi bolalarning fiziologik va psixologik xususiyatlari, xarakteri, temperamenti, qiziqishlarining yo‘nalganligi turlicha. Agar o‘quvchi yaxshi o‘qimasa, demak, unda shu fanni o‘rganishga nisbatan qiziqish bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatda u o‘quvchini darsdan keyin olib qolib yoki darsda qo‘shimcha shug‘ullanib, qiziqishlarini hisobga olib, sekinlik bilan belgilangan talablarga javob beradigan darajaga olib chiqishi mumkin.

Agar o‘qituvchi bolani jazolasa, buning bilan unda qo‘rquv shakllanishi va bu qo‘rquv natijasida bir necha martagina uyga vazifani bajarib kelishi mumkin, lekin o‘quvchida barqaror qiziqish hosil qilinsa, uning o‘zlashtirishi odatga aylanadi”.

 

Xolbozor TILOVOV, 30 yildan ortiq tajribaga ega pedagog:

Ilmni tarbiyadan ajratmaslik kerak: tarbiya ham ilm, ilm berish ham ilm. Qachonki o‘qituvchi dars berar ekan, u kimyo, fizika, chizmachilik, boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi bo‘ladimi – hamma vaqt, ilm beruvchi odam tarbiyani ham bera olishi kerak.

Bola avvalo oilada tarbiyalanadi, unga ota-onasidan qanchadir qobiliyat o‘tadi. Bu qobiliyat barchada bir xil bo‘lmaydi: qaysidir oilada bolaga e’tibor kam bo‘ladi. Shu kamchilikni boshlang‘ichdan tortib, bitiruvchi sinfgacha bo‘lgan o‘qituvchilar to‘ldiradi.

Bolaga ruhiy va jisman sog‘lomligidan tashqari, yaxshi axloq va ilm kerak. Qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lishidan qat’i nazar, shu uch jihatni esdan chiqarsa, ishining bir qismi kemtik bo‘ladi, bolani cho‘loq chumoli holiga solib qo‘yadi. Hatto o‘quv markazlarida o‘qiydigan yoshlar bilan ham mana shu tartibda munosabatga kirishish kerak deb hisoblayman.

Endi yana savol tug‘iladi: tarbiya uchun o‘quvchini jazolash shartmi? Jazo deganda uning turlarini ham e’tiborga olish lozim. Oddiy misol, o‘qituvchining o‘quvchi bilan gaplashmay qo‘yishi, o‘zini arazlagan qilib ko‘rsatishi ham jazo hisoblanadi. Mening yoshim 60 dan oshgan, siz ham shunday qilasizmi deb o‘ylashingiz mumkin? Ha, bu – tarbiya usuli. Lekin o‘ta qattiqqo‘llik bilan jazolash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. U hali bola, suyagi mo‘rt, aqli ham kattalarnikidek rivojlanib ketmagan.

Hozir ba’zi ota-onalarning maktabda o‘qituvchi tomonidan bolasiga berilgan dakki yoki tarbiyani tushunmay maktab ma’muriyatiga, o‘qituvchilarga turli tazyiq o‘tkazish holatlari uchrab turadi. Oddiy koyiganda ham uyiga aytib boradiganlari bor. Bu ishni qiladiganlarning o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan tushunchasi bor. Qachonki ota-ona bolasining kelajagini o‘ylamoqchi ekan, o‘qituvchi bilan hamkorlik qilishi lozim. Buning aksini qilib o‘qituvchiga bosim o‘tkazsa, bu sinfning umumiy holatiga ta’sir qiladi, boshqa bolalar bilan ham ishlolmay qoladi”.

 

 

O‘quvchiga kuch ishlatish, tazyiq o‘tkazishni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu odamiylikka ham, inson huquqlariga ham ziddir. Zamonaviy pedagogikada xulqi og‘ir, tartibsiz bolalar bilan ishlashning usullari ko‘p, huquqiy asoslari ishlab chiqilgan. Pedagoglarimiz shunday ilg‘or usullarni o‘zlashtirishi, o‘z ustida ishlashi zarur.

Shu bilan birga, oilaviy pedagogikani rivojlantirish davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lishi lozim.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish