Yangi o‘quv yili oldidan Yoshlar ishlari agentligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida “Orientation week” loyihasi tashkil etildi.
Bu loyiha oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan 1-bosqich talabalarining ta’lim muassasasi hayotiga tezroq moslashishiga ko‘mak berish, loyiha va tanlovlar, imtiyozlar bilan ularni yaqindan tanishtirish, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda. 5–9-sentabr kunlari barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tgan loyiha doirasida 10 dan ortiq ijtimoiy, ma’naviyma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Loyiha bo‘yicha ko‘plab xorijiy davlatlardagi ta’lim muassasalarining “Tanishtiruv haftaligi” (“O-week”, “Fresh week”, “Welcome week” yoki “Freshers week” kabi) tajribalari o‘rganildi. Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, tanishtiruv haftaligi orqali talaba yoshlar, jamoatchilik orasida ta’lim muassasasi brendini yaratish, yoshlarning o‘z ta’lim muassasasiga mehr qo‘yishi hamda haftalikda ishtirok etgan talaba va o‘quvchilarning o‘rtacha 20 foizdan yuqoriroq akademik muvaffaqiyatga erishgani aniqlandi.
Mustaqillik darslari o‘tilishi, ta’lim muassasasi rahbariyati, yoshlar bilan ishlashga mas’ullar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. Bundan tashqari, grantlar, forumlar, stipendiyalar, festivallar, konferensiyalar haqida ma’lumot berildi. Sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar tashkil etildi. Bu ishlarning barchasi talabalarning ta’lim muassasasi hayotiga tezroq moslashishiga ko‘maklashish, ularning vaqtini mazmunli tashkil etishga va yoshlarni birlashtirishga qaratilgan. 5 kun davomida jami 100 mingdan ortiq talaba ijtimoiy va ma’naviyma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etdi. Bildirilgan fikrlar, tashabbuslar kelgusida talabalar bilan ish olib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.