Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Iqlim oʻzgarishi va Orol

23.5.2025 730

Husan RAHMONOV, O‘zJOKU talabasi

Har birimiz hech boʻlmaganda bir marta bobomiz, amakimiz yoki togʻamiz bilan ob-havo haqida gaplashganmiz. Ularning koʻp yillik kuzatuvlari zamirida biz sezmagan oʻzgarishlarga ishora boʻladi: “Bizning davrimizda yogʻingarchilik zoʻr boʻlardi, qishda qalin qorda yurib boʻlmasdi, bahorda esa shunday yomgʻir yogʻardiki, dalada ekinlar suvga gʻarq boʻlib ketardi”, deydi ular.

Ularning aytganlarida jon bor. Esingizdami, maktabda bizga shunday oʻrgatishgan: “Yurtimizda toʻrtta fasl bor, ular har doim navbatma-navbat kelib, bir-birining oʻrnini bo’shatadi, toʻrtta kelinchakdek yurtda parvona boʻladi”. Ammo bugun biz ulgʻaydik, va shu kelinchaklar xuddi gʻoyib boʻlgandek. Fasllarning joyi almashdi, tabiiy muvozanat buzildi. Qishda bitta qor yogʻsa, unga qarab “mana qish boshlandi” deymiz. Bahor yomgʻirlari esa adashib o‘tib ketayotgandek – yerni na ho‘l qiladi, na hayot baxsh etadi.

Shaxsan oʻzim bir necha fermerdan eshitganman: “Qishda qor yog‘madi, bahor yomg‘irlaridan deyarli foyda boʻlmadi. Endi mol-qoʻy uchun yaylov yo‘q – qirlar hanuz kuzdagi sarg‘ish holatda, maysa koʻkarmadi. Chorva boqishning iloji qolmayapti.”

Afsuski, bu faqat Oʻzbekistonda emas – butun dunyoda kuzatilayotgan holat. Kunlar tobora isiyapti, yogʻingarchilik kamayib, qurgʻoqchilik yillar ketma-ketligi boshlangan. Va shuni tan olishimiz kerak: bu holat ortida insonning oʻzi turibdi.

Bir voqea esimda. Yosh edim, osmon birdan qorongʻu tortdi – yomgʻir yog‘ishi aniq edi. Ammo qo‘shni qishloqdagilar, sel kelishidan xavfsirab, to‘pchilarga murojaat qilishdi. To‘pdan zambarak otildi, bulutlar tarqaldi – yomg‘ir yog‘madi. Biz birinchi marta iqlimga qo‘l urdik. Bu “tajriba” yoqib qoldi, keyinchalik odat tusiga kirdi. Natijada esa – yog‘ingarchilik kamaydi. Bugun bu tajribaning achchiq oqibatlarini boshimizdan kechiryapmiz.

Qurgʻoqchilik va suv tanqisligi – iqtisodiyotga zarba, xalq turmushiga tahdid. Ammo bu fojia birdan boshlanmadi. U uzoq yillik beparvolik va tabiatga qarshi urush natijasi.

Orol dengizining qurishi

Bugun Orol dengizining qurib borayotgani hech kimga yangilik emas. Ammo uning ortida yotgan sabablarga chuqurroq qarasak, bu hodisa faqat geografik emas, balki siyosiy va ijtimoiy oqibatlarga ham ega ekani ayon bo‘ladi.

1960-yillarda sobiq Sovet Ittifoqi Markaziy Osiyoni paxta yetishtiruvchi gigantga aylantirishni maqsad qildi. Bu maqsadga erishish uchun Amudaryo va Sirdaryo daryolari massiv sug‘orish tizimlariga burildi – Orol esa borgan sari suvsiz qoldi.

Kanallar texnik jihatdan nochor edi – suv bug‘lanib ketdi, tuproqqa singdi. Asosiy muammo – rejasizlik va ekologik tafakkurning yo‘qligi edi. Boshqaruv markazlashgan, lekin tabiiy resurslar boshboshdoq edi. Daryo suvlari qayerga ketayotgani hech kimni qiziqtirmadi. Natijada Orolga boradigan suv miqdori 10 baravar kamaydi.

Orolning qurishi – ekologik falokat. Uning oʻrnida bugun cho‘l yotibdi. Ostida esa – tuz va chang zaxiralari. Shamollar bu changni havoga koʻtaradi, odamlarning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazadi. Baliqchilik sanoati yo‘qoldi, daromad manbalari yo‘qoldi. Bu holat butun bir mintaqaning ijtimoiy hayotiga salbiy ta’sir koʻrsatdi.

Global iqlim oʻzgarishi – sayyoraviy xavf

XXI asrga kelib, insoniyat tabiat oldida oʻzining nimaga qodir ekanini ham, nimani yo‘qota olishini ham isbotlab bo‘ldi. Kosmosga chiqdik, texnologiyani o‘zlashtirdik, lekin yer yuzidagi muvozanatni yo‘qota boshladik.

Ozon qatlamining yemirilishi – buni aniq misoli. Ozon – bizni Quyoshning zararli nurlaridan himoya qiluvchi yagona qalqon. Ammo insoniyat tomonidan yaratilgan kimyoviy moddalarning – xlorftoruglerod, halon, karbon tetraklorid va boshqalarning – atmosferaga chiqishi bu qatlamni yemiradi. Transport vositalari, sanoat chiqindilari, oʻgʻitlar, pestitsidlar – bularning barchasi havoni zararlamoqda.

Yana bir muammo – chuchuk suv tanqisligi. Yer yuzidagi suvning atigi 2,5 foizi chuchuk, undan ham ozrogʻi odamlar foydalanishi mumkin boʻlgan manbalarda saqlanadi. Oxirgi yillarda bu zaxira keskin kamaymoqda. NASA va Germaniya hamkorligidagi GRACE loyihasi shuni koʻrsatdiki, 2015–2023 yillar oralig‘ida chuchuk suv miqdori 1200 kub kilometrga kamaygan. Bu hajm Yerni ikki marta o‘rashga yetarli.

2030 yilga borib suvga boʻlgan ehtiyoj ta’minotdan 40 foizga ortiq boʻlishi kutilmoqda. Suv tanqisligi oziq-ovqat xavfsizligi, sogʻliq, iqtisod va siyosiy barqarorlikka bevosita ta’sir koʻrsatadi.

Tabiiy resurslar cheklangan. Ular doimiy emas. Har bir suv tomchisi, har bir shamol nafasi, har bir bulut ohangi – bebaho. Biz ularni asrashni oʻrganmasak, ertaga bizni asraydigan narsa qolmasligi mumkin.

Innovatsion texnologiyalar, resurslarni tejamli ishlatish, ekologik ta’lim – bularning barchasi muhim. Ammo eng muhimi – har bir insonda mas’uliyat hissi uyg‘onishi kerak. Ekotizim – bu faqat davlat yoki tashkilotlar ishi emas. Bu sening, mening, hammamizning ishimiz.

Agar har birimiz suvni tejamli ishlatsak, tabiatni sevib yashasak, kelajakni asraymiz. Chunki tabiat bizsiz ham yashay oladi, lekin biz – usiz emas.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish