Tanidingmi?!
Tushlaringda suv paridek suzgan edim,
To‘lqin bo‘lib bandlaringni uzgan edim,
Suv chalpitib xayolingni buzgan edim,
Tanidingmi?!
Tanidingmi?!
Men ham ma’yus suv o‘timan,
Baliqlarning faryod to‘la sukutiman.
Yiroqlashib ketding, diydor hududidan,
Tanidingmi?!
Gohi qarmoq solib bag‘ring tig‘laganman,
So‘ng baliqchi choldek o‘ksib yig‘laganman.
Yo‘ling poylab sohilingda uxlaganman,
Tanidingmi?!
Tanidingmi?!
Yillar bizni qartaytirgan,
Qum qoplagan cho‘llar bizni qartaytirgan.
Axir menman, bir zamonlar eshkak urgan,
Tanidingmi?!
Tanidingmi?!
Bolang edim — dalli siyoh,
So‘ng ulg‘aygach, yoringday bo‘p ko‘rindim goh.
Mohiboyni yutib ketgan, ey g‘ayur moh,
Tanidingmi?!
Qaytmaysanmi?!
Bo‘g‘zim to‘la “uv-v!” keltirdim...
O‘ttiz to‘qqiz g‘am yomg‘irin tiriltirdim.
Men qoshingga uch ko‘zada suv keltirdim...
Mayli, bo‘ron ko‘tarmasdan, ohista,
Jim-m-m qaytmaysanmi?!