Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

OVOZ YIG‘ISHGA HAM O‘QITUVCHI!

26.3.2023 807

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Open budjetga rahmat, u tufayli eslamay qo‘ygan qarindoshlarim ham telefon qila boshladi”;

“Kimdir bir iltimosim bor desa, darrov open budjet xayolimga kelyapti”;

“Ko‘chada bir qiz raqamimni so‘radi. Endi xursand bo‘lb tursam, open budjetga ekan”;

“Sement zavodiga – o‘qituvchi, open budjetga ham o‘qituvchi”...

Bugun ijtimoiy tarmoqlar yuqoridagi kabi hazilomuz postlarga to‘lib ketdi. 2021-yili eksperiment tariqasida boshlangan “Tashabbusli byudjet” 2 yil ichida yirik loyihaga aylandi. Loyiha parlament qilmagan ishni qildi – fuqarolar o‘z soliqlarini o‘zlari xohlagandek ishlatishda bevosita ishtirok eta boshladi. Davlat rahbarining topshirig‘i bilan bu yil fuqarolar tashabbuslariga 3,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratilmoqda.

2021-yil Moliya (hozirgi Moliya va iqtisodiyot) vazirligi yangi talqindagi “Ochiq budjet” platformasini ishga tushirdi. Unda “Tashabbusli byudjet” bo‘limi yaratilib, fuqarolarga o‘z yashash hududidagi muammolar borasida taklif qoldirish imkoni yaratildi. 2021-yildagi “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumida aholidan 1100 ta, ikkinchi mavsumda 41 125 ta taklif tushdi. Takliflarda shaxsiy manfaatlar ustuvorlik qilmasligi va loyiha qiymati 1 milliard so‘mdan oshib ketmasligi asosiy mezonlar deb belgilandi. Amalda ham odamlar shaxsiy manfaatlar uchun emas, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktablar ta’miri, ichimlik suv ta’minoti kabi muhim takliflarni qoldirdi.

2022-yilgi birinchi mavsumda 69 700 ta, ikkinchi mavsumda esa 61 000 ta taklif tushdi. Loyiha ommalashib, taklif bermagan mahalla qolmadi hisob: tashabbusli byudjetdagi tashabbuslar O‘zbekistondagi mahallalarning 98 foizini qamrab oldi. Tashabbuslari ko‘p ovoz yig‘ib, g‘olib chiqqan mahallalar bayramlar uyushtira boshladi. Chunki endi ular mahallasidagi muammolar hal bo‘lishi uchun hokimiyatning “mana bu yil, mana keyingi yil” degan va’dalari bajarilishini kutib o‘tirishi shart emasdi. Bu bilan ushbu loyiha odamlarni birlashtirganiga guvoh bo‘ldik.

Bu yil ham 18-martdan “Tashabbusli byudjet”ning joriy yildagi 1-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni boshlandi. Mavsum doirasida fuqarolar tomonidan ilgari suriladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida respublika bo‘ylab 1,7 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘qituvchilar ovoz yig‘ishga majburlanmoqda

“Tashabbusli byudjet”ga start berildi-yu, bozorlar-u ko‘chalar, aholi gavjum joylarda “1 ovozga 1 ta pepsi” kabi e’lonlarga ko‘zimiz tusha boshladi. O‘tgan tajribalar davomida bu kabi holatlarga ko‘zimiz o‘rganib, mayli dedik. Muhimi, xalq birlashyapti, harakat qilyapti deb, mamnun bo‘ldik. Haqiqatan, ta’mirga muhtoj yo‘llar, maktab-u shifoxonalar qatorida bir muncha ahvoli yaxshiroq obyektlar ham g‘olib bo‘lganini, o‘sha yer aholisining uddaburonligidan dedik. Ammo shu kecha-kunduzda muhokamalar markazida bo‘lgan bir masala borki, buni oqlab bo‘lmaydi. O‘qituvchilar “Open byudjet”da ovoz to‘plashga majburlanayotgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda ba’zi o‘qituvchilarga “Tashabbusli byudjet” loyihasida ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarmagan o‘qituvchilarga kerakli chora ko‘rish bilan tahdid qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Videolavahalarning biridagi izohga ko‘ra, holat Angor tumanidagi “Navshahar” mahallasida 36-maktab o‘qituvchilari bilan sodir bo‘lgan. Xabarda o‘qituvchilar prokuror topshirig‘i bilan ovoz yig‘ayotgani aytiladi. “Tashabbusli byudjet” uchun ovoz yig‘ish o‘qituvchilar zimmasiga yuklanib, ular yana majburiy mehnatga jalb qilinmoqda. Shuningdek, Andijon viloyatining Andijon, Shahrixon, Oltinko‘l tumanlari, Farg‘ona viloyatining Rishton, Quva tumanlari, Namangan shahridan ham xuddi shunday murojaatlar kelmoqda. Har bir o‘qituvchiga 50-100 tadan ovoz to‘plash majburiy qilingani aytilmoqda.

O‘qituvchilarni “Open budget”ga ovoz yig‘ishga majburlash bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jiddiy o‘rganish boshlaganidan ogohlantirdi. Xo‘sh, bu o‘rganishlar o‘z samarasini beradimi?

Qonunchilik nima deydi?

Amaliyotchi yurist Hasan Mamayusupovning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga ko‘ra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. Yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ham ma’qullandi.

Unda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo nazarda tutilmoqda. Ya’ni pedagog xodimni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

Agar sizning ta’lim maskaningizda o‘qituvchilarni “Open budget” loyihasi doirasida majburiy ovoz yig‘ishga jalb etish holatlari kuzatilsa, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ishonch telefoni ( 71-202-09-09)ga qo‘ng‘iroq qiling.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish