Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

OʻZ ANDOZAMIZNI QACHON YARATAMIZ?

19.1.2023 295

Ziyoda RAHIMBOYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Dunyoning eng boy, iqtisodiy rivojlangan, demokratiya taraqqiy etgan davlatlarida yoshlar taʼlimiga katta eʼtibor qaratiladi va sarmoya kiritiladi. Mamlakatlar taraqqiyoti  kaliti aynan taʼlimdir. Bu borada Janubiy Koreya, Finlandiya va AQSh oʻrganishimiz kerak boʻlgan tajribalar koʻp.

Xo‘sh, Oʻzbekiston qachon oʻzining mukammal taʼlim tizimini yaratadi?

Ayni kunlarda yurtimizdagi anomal sovuq ob-havo faqat chekka qishloqlar emas, shaharning markaziy tumanlarida yashovchi yurtdoshlarimiz, ijarada turadigan talabalar uchun ham haqiqiy sinov bo‘lmoqda.

Xoʻsh, ota-onasidan uzoqda ilm olish mashaqqatlarini totayotgan yosh yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash uchun javobgar vazirliklar nima qilyapti? Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlayotganidek, 25-dekabrdan 18-yanvarga qadar eʼlon qilingan taʼtil muddatlari beqaror ravishda qisqartirilmoqda yoki uzaytirilmoqda. Bu chetdan qaraganda juda oddiy va osondek, biroq oʻrtada sarson boʻlayotgan talabalar haqida oʻylashning oʻziyoq ogʻriqli. Noqulay sharoit tufayli bekor qilingan reyslar sabab hanuz viloyatda qolib ketgan yoki taʼtil muddati uzaytirilgani eʼlon qilinishidan avvalroq poytaxtga yetib kelgan yoshlar kayfiyatini his etish unchalik ham qiyin emas, nazarimizda.

Yoshlarimizning chet elda tahsil olishi juda yaxshi, ammo ular oʻzimizdagi taʼlim sifatidan qoniqmay, shu yoʻlni tanlayotgan boʻlsa, yomon va bu qanday oqibatlarga olib kelishi dargumon. Bugun dunyoning nufuzli universitetlarida oʻqiyotgan yigit-qizlarning tanlovi “xoʻrozqand chet elniki” boʻlganligi uchunmi yoki chindan ham katta mablagʻ sarflash va oʻz yurtidan uzoqda yashashga arzigulikmi? Balki, bizning taʼtilchoʻzar tizimimiz, talabaning galstugi yoki oq koʻylagi ustida jiddiy muhokamalar oʻtkazadigan, davomat qilish bilan darsning yarmini oʻtkazib yuboradigan oliy o‘quv yurtlarimiz oʻzlari uchun foydali nimadir olishar.

Farq nimada?

 Birinchi masala byudjet, yaʼni oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilishi. Oʻzbekistondagi OTMda bu jarayon endi-endi joriy etilayotgan boʻlsa, xorijda koʻp yil avval sinab koʻrilgan va oʻzini oqlagan. Avstraliyadagi oliy ta’lim muassasalarini oladigan boʻlsak, deyarli hammasi “oʻziga xon, oʻziga bek”. Har oʻquv yili boshida kontrakt narxini qimmat yoki arzonligi, talabalarga beriladigan stipendiya va imtiyozli grantlar miqdorini oʻzlari mustaqil belgilaydi. Kelib tushayotgan mablagʻlarni ham oʻzlari uchun kerakli maqsadlarda sarflaydi: xohlasa, universitet binolarini rekonstruksiya qilishi, yuqori bilimli pedagoglarni jalb etishi mumkin. Koʻp narsa moliyaviy jihatga borib taqaladigan soha – taʼlimda bu tartib oʻzini oqlab kelmoqda.

Diplom qiymati

Hech birimizga sir emas, Oʻzbekistonda davlat imtihonlaridan yuqori ball olib, talaba boʻlish juda qiyin. Oliy ta’lim muassasasida oʻqish, oddiy qilib aytganda, “eplab ketish” oson, tabiiyki, oliy ta’limni bitirib, diplomni qoʻlga olish ham. Chet elda esa oʻqishga kirish u qadar murakkab emas, yetarlicha bilimi, sohaga qiziqishi bor yosh uchun yordam tariqasida imkoniyatlar yaratilgan. Biroq oʻqish tartibi, imtihon olish va topshirish tizimi shunday ishlab chiqilganki, siz chindan ham mustaqil izlanib oʻqishga, oʻz ustingizda tinimsiz ishlashga majbur boʻlasiz. Bordi-yu agar sizda soha mutaxassisi boʻlish uchun bilim yetarli emas, deb topilsa, diplom ololmaysiz. Bu bilan amaliyotga sifatsiz, bilimsiz, ammo diplomi bor kadrlar kirib kelishining oldi olinadi. Balki, universitet nufuzi ham muhofaza qilingan hisoblanadi. Aynan shu sabab oʻz sohasining haqiqiy mutaxassislari tayyorlanadi, ularning diplomi sandiqda chang bosib yotmaydi yoki qizlar sarposining koʻrkiga aylanmaydi!

Televideniye uchun emas

Oʻzimiz oʻqigan maktab yoki kollej davrini esga olaylik. Ayrim maktablarda soʻnggi texnologiyadagi oʻquv anjomlari tugul, oddiy kompyuterlar yetarlicha topilmasdi. Informatika darslari yoki toʻgaraklari kitoblar orqali oʻrgatilgani kulgili boʻlsa-da, haqiqat. Agar maktablar toʻliq taʼminlangan taqdirda ham maxsus jihozlangan xonalar komissiya yoki televideniyedan kelgandagina ochilar edi. Bugun ayrim OTMlar kerakli oʻquv jihozlari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlsa-da, ularni ishlata oladigan, talabalarga bilimlarini amaliy qoʻllashda koʻmaklashadigan mutaxassis-pedagoglar yetishmasligi bor gap. Xorij tajribasiga tayanib bu kabi kichik-kichik, ammo juda koʻp boʻlgan kamchiliklar imkon qadar tezroq bartaraf etilishi kerak.

Talaba biz uchun kim?

 Xorijda, asosan, Yevropaning istalgan oliy o‘quv yurtida talabaning huquqlari har tomonlama muhofaza qilinadi, moddiy va maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlanadi. Ayrim davlatlarda yoshlarning kamayib borayotgani sabab boshqa davlatlardagi ilmga chanqoq yoshlarni koʻproq jalb etish, keyinchalik ham qoʻllab-quvvatlash uchun katta grantlar ajratadi. Moddiy qiyinchilikka duch kelgan talabalar moliyaviy yordam olishi mumkin. Agar chet eldagi qaysidir universitetda bir oilaning uch farzandi oʻqisa, kontrakt shartnomasini toʻlashda 50 foiz, 25 foizli katta chegirmali imtiyozlar berilishi, ayrimlari bepul tahsil olishi mumkin. Hatto qaysidir talabaning yaqin qarindoshi vafot etsa yoki hayotida ruhiy tomondan zarba beradigan ko‘ngilsiz voqea sodir boʻlsa, oliy ta’lim muassasasi maʼmuriyati tomonidan bir necha oylik bepul psixologik seanslarga jalb etiladi. Psixolog qabulida maslahatlar olib, ruhiy tushkunlikdan chiqishiga koʻmak beriladi. Bu bilan yoshlar oʻzida oʻtkazishi mumkin boʻlgan stressning oldi olinadi, oʻqishlariga salbiy taʼsir oʻtkazishi ehtimoli kamayadi.

Oʻzbekistonda talabalarga yosh boladek qaraladi. Kichik misol: talaba kasalligi sabab darsga kela olmasa, tibbiy maʼlumotnoma, biror koʻngilsiz vaziyat sodir boʻlsa, ota-onasini olib kelishi shart. Galstugi boʻlmasa, darsga qoʻyilmaydi, 5 daqiqa kech qolsa, tushuntirish xati yozishga majbur. Dars qoldirgan kunlari uchun esa, albatta, har bir fandan qayta topshirish qilishi kerak. Xorijda esa darslarga har kuni kelishga, leksiyalarda oʻtirishga majbur emassiz, biroq imtihon jarayonlarida talab etilgan bilimni bera olsangiz bas. Bu uchun mustaqil oʻqishingiz va bu bilimlaringizni amaliyotda koʻrsata olishingiz zarur. Faqat viza talablaridan kelib chiqibgina istisnolar qilinishi mumkin.

Sanasak, oʻrganishimiz kerak boʻlgan tomonlar yuzlab topiladi, eng muhimi bulardan vaqtida xulosa chiqara olish va tizim koʻtarilishi uchun harakat qilish.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish