2023-yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar va sohadagi yangiliklar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2021-yil 23-oktabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, joriy yil boshidan Kompaniya rasmiy sayti orqali majburiy sug‘urta turlarini onlayn rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil boshida “O‘zagrosug‘urta” AJ mijozlar uchun “Onlayn polis” axborot tizimi orqali 18 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlarini taqdim etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, 26 turdagi polislarni elektron shaklda (e-polis) sotib olish imkoniyati yaratildi. Kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan barcha ommaviy sug‘urta xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish maqsad qilingan.
Jamiyatning bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 14 ta filiali hamda jami 187 ta sug‘urta markazi shahar va tumanlarda aholiga 150 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etilmoqda.
Jamiyat sug‘urta faoliyatini amalga oshirilishi natijasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida ta’minlangan sug‘urta mukofotlari 305,5 milliard so‘m bo‘lib, majburiy sug‘urta bo‘yicha 60,2 mlrd so‘m, ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha 245,3 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 27,8 foiz yoki 66,5 mlrd so‘m ko‘p sug‘urta mukofotlari ta’minlandi.
Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 159,9 trillion so‘mni tashkil qildi, bu esa o‘z navbatida o‘tgan yilga nisbatan 193,5 foizga ko‘p demakdir. Shu davr mobaynida Jamiyat mijozlari bilan jami 642 204 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shartnomalarning qariyb 91,4 foizi yoki 586 891 donasi mamlakatimiz aholisining sog‘lig‘i va mol-mulki uchun ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
Olingan majburiyatlar doirasida mijozlarimizni manfaatlarini himoya qilish maqsadida 43,4 mlrd. so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 26,5 foizni yoki qariyb 9,1 mlrd so‘mni tashkil qiladi.