O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, YUNESKO qoshidagi Butunjahon Yozuvchilar uyushmasining “Vilyam Shekspir” nomidagi Xalqaro mukofoti sovrindori, bolalar yozuvchisi, rassom va tarjimon Gulnoz Tojiboyevaning “Samarqand – Sharq marvaridi” nomli kitobi koreys tilida Janubiy Koreyada chop etildi.
Kuni kecha ushbu davlatda Osiyo Madaniyat markazi (ASS) va boshqa tashkilotlar hamkorligida mazkur kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Tarixiy mavzuda yangicha uslubda yozilgan ushbu kitobda Samarqand shahrining qadamjolari, Registon maydoni, Ulug‘bek rasadxonasi, muzeylarda saqlanayotgan, bizga tarixdan so‘zlovchi qadimiy buyumlar, viloyatlarimizning naqshinkor do‘ppilari, atlas va adras matolarimizdan tikilgan liboslar, mahoratli zargarlar ishlagan milliy taqinchoqlar, nomoddiy madaniy meros sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan palov va boshqa shu kabi milliy taomlarimiz haqida so‘z boradi. Shu bilan birga yuz foiz tabiiy va ilk tayyorlanish usulini saqlab kelayotgan mashhur Samarqand qog‘ozining yaratilish jarayoni rasmlar hamda izohlarda berilgan.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va uning etnomadaniyati bilan xorijlik yoshlarni tanishtirish, qiziqtirishdan iborat.