Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zbek tili nega rivojlanmayapti va katta ehtimol bilan yaqin orada rivojlanmaydi?

22.11.2023 439

Eldor Asanov

- Chunki O‘zbekiston rivojlanmayapti. Yo‘q, aslida davlat ham, til ham ma’lum darajada rivojlanyapti; taraqqiyotdan, bilsangiz, qochib bo‘lmaydi. Lekin inersiya bo‘yicha rivojlanish bilan salohiyat negizida rivojlanish boshqa-boshqa masalalardir. Inersiya bo‘yicha rivojlanish yil o‘tgani sayin bo‘y va vazn o‘sib borishiga o‘xshasa, salohiyatli rivojlanish bilimni oshirish, dunyoqarashni o‘stirishga o‘xshaydi.

- Til rivojiga ijtimoiy talab, ehtiyoj yuzaga kelmayapti. Butun madaniy mahsulotlar boshqa tillarda bo‘lsa, maktabda rus tiliga, universitetda ingliz tiliga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, davlat ishida, biznesda, boshqa faoliyat turlarida o‘zbek tilini chuqur bilish talabi bo‘lmasa, hamma ham o‘zbek tiliga vaqti va mehnatini investisiya qilishga imkoniyat topmaydi. O‘zbek tilidan boshqa tilni bilmaydigan aholi shu ehtiyojni keltirib chiqarishini kutish mumkin, ammo hozircha bu qatlamning madaniy ehtiyojlari diniy ma’ruza, karyeraviy maqsadlari do‘kon ochvolish bilan cheklanib qolayotganini ko‘ryapmiz. Ehtiyoj tug‘ilishi odatda kutilmaydi, ehtiyoj yaratiladi, shuni ham inobatga olish kerak.

- Yuqoridagi sabablarga ko‘ra o‘zbek tilidagi adabiyot ijtimoiy dolzarb emas. O‘zbek tilida bugungi kunni aks ettiradigan romanlar, hujjatli kitoblar, memuarlar yo‘q, zamonaviy janrlar va mavzulardagi kitob ham yo‘q. 30 yil oldin "Yosh kuch" jurnalida qishloq hayoti tasvirlangan qissalar chop etiladi; ular haliyam chop etilyapti, adabiyotda siljish, o‘zgarish yo‘q (yoki deyarli yo‘q). Biror kitob yaratilsa ham, u buyurtma yoki paxta bo‘ladi va reallikni emas, balandparvoz propagandani aks ettiradi. Hay, ijtimoiy dolzarb asarga Nobel, Oskar yoki Yevrovideniye berilganidan norozi bo‘ladigan jamiyatdan bundan ortiq nimayam kutish mumkin.

- Nafaqat adabiyot, umuman san’at rivojlanmayapti. Kim nima demasin, tilning asosiy targ‘ibot agenti san’atdir. O‘zbek tilida turli janrlardagi san’at mahsulotlarini doimiy iste’mol qilish urf bo‘lmas ekan, tilning ifoda imkoniyatlarida va qo‘llanish doirasida kengayish bo‘lmaydi.

- O‘zbek jamiyati konservativ va bu konservatsiya yanada chuqurlashib bormoqda. Konservatizm tilda ham aks etadi, unga yangi tushunchalar va priyomlar kirib kelishini cheklaydi. O‘zbek tilida turli mavzularda, turli formatlarda erkin yoza olmaysiz, chunki sizga misol bo‘ladigan matn yo‘q. O‘zingiz o‘sha misolni yaratsangiz, katta ehtimol bilan konservatorlar hujumiga uchraysiz, chunki "o‘zbek tilini haqorat qildingiz".

- O‘zbek tilida matn yaratilmayapti. Har qanday soha va mavzuning kodifikatsiyasi matnga bog‘liq. Yuqorida tilga olingan sabablarga ko‘ra dolzarb matnlar yaratish, ularga murojaat qilish madaniyati shakllanmagan, omma qisqa xabarlarga o‘tirib qolgan. Hatto davlat siyosatini ham dasturiy matnlardan emas, tasodifiy ma’ruzalar va OAV xabarlaridan bilamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish