O‘zbekiston yoshlari orasidagi dolzarb muammolardan biri bu yosh qizlarning erta turmush qurishi sanaladi. Bu masala bo‘yicha juda ko‘p chora-tadbirlar o‘tkazilayotganiga qaramasdan, yurtimizda erta turmush foizi juda katta qismini tashkil etadi. Respublikamizda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra 45,1 foiz qizlar 20 yoshgacha turmushga chiqishadi. Turmushga chiqqan ayollarning 37,4 foizi 20 yoshgacha farzand ko‘rishadi. Ulardan 20 foizi 20 yoshgacha farzand ko‘rsa, 15 foizi ikkitadan, 1,4 foizi uchtadan farzandli bo‘lishadi.
Ba’zi insonlar Islom dini qizlarni barvaqt uzatishga chaqiradi, degan noto‘g‘ri tushunchada yuradilar. Bu – asossiz gap. Islomda hali balog‘atga yetmagan, turmushga tayyor bo‘lmagan o‘smir qizlarni uzatish yoki nikohlash lozim, degan gap yo‘q. Hatto balog‘atga yetgan, jismoniy tarafdan turmushga tayyor yigit, agar oilani boqa olmasa, uning uylanishi shart emasligi aytiladi.
Ta’kidlash kerakki, hozir shifokorlar 16–17 yoshli qizlar turmushga tayyor emasligi, homiladorlik va tug‘riq holatida qiynalib qolayotganini aytib, ularni 19–20 yoshlarida turmushga berishni, yigitlarga 20–22 yoshlarda uylanishni tavsiya qilishmoqda.
Erta turmush qurishning asosiy sabablari:
Erta turmush qurgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari erta turmush qurishning asosiy sabablari ota-onaning maslahati yoki talabi (49,1%), qarindoshlarning maslahati yoki talabi hisoblanadi. Erta nikohlar ko‘p hollarda ota-onalarning xohishi va talabi bilan tuzilayotganligiga oid fikrni 49,8 foiz respondent qo‘llab-quvvatlagan. Ularning 17,2 foizi mazkur fikrga qarshi ovoz bergan. Respondentlarning 42,3 foiz ota-onalar farzandlarini turli nojo‘ya ta’sirlardan himoya qilish maqsadida ularni erta turmushga beradilar degan fikrga to‘liq qo‘shilgan, 33,7 foiz qisman qo‘shilgan va 16,3 foizi bu fikrga qo‘shilmasligini birdirgan.
Milliy udumga ko‘ra, ko‘pincha kelinlar turli xil ro‘zg‘or yumushlarini bajaradilar. Tabiiyki, 16-17 yoshli qizning jismi hali bunday og‘ir ishlarni bajarishga tayyor bo‘lmaydi. Qizlar bu yoshda ma’naviy jihatdan ham oila munosabatlariga tayyor bo‘lmaydi. Yosh turmushga chiqqan kelinlarning shu yoshda homilador bo‘lishi tos suyaklari kichkina bo‘lganligi uchun xavflidir.
Respublikamizda qizlarning erta turmushga chiqishi aholining tez o‘sishiga ta’sir qilibgina qolmay, xalq xo‘jaligining jadal rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki 18-25 yosh qizlarning bilim olishi, kasb egasi bo‘lishi va mehnat qilish uchun qulay yosh hisoblanadi.
O‘z qadri, huquqlari va o‘zini o‘zi himoya qilish tushunchalarini anglab etgan, jinsiy va reproduktiv madaniyati to‘la shakllanmagan yosh qizlarning biron kasb-hunar egallamasdan, bilim olmasdan, mutaxassislikka ega bo‘lmasdan oila qurishi ularning qaynota, qaynona va erlariga iqtisodiy jihatdan qaram holda yashashlariga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxasislarning aytishiga qaraganda, 18-25 yosh o‘sish va rivojlanish, o‘z-o‘zini kashf qilish, o‘qish va o‘rganish uchun eng munosib yosh hisoblanadi. Ammo bu erta turmush qurgan qizlar 20 yoshda bola-chaqa, ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib qolib, hayotlarining eng go‘zal davrini boy berishadi. Mening fikrimga ko‘ra, yoshlar uchun oila qurishning eng ideal davri 23-24 yosh hisoblanadi. Qizlar bu yoshda nima xohlashini yaxshi bilishadi, o‘zlarini xafa qildirib qo‘yishmaydi, qo‘llarida kasblari bo‘ladi va bu bilan o‘zlarini ta’minlay oladilar va eng asosiysi, ham ma’nan, ham jismonan tayyor bo‘ladilar.