Oʻrtachirchiq tumanida 534 nafar oʻgʻil-qiz turli sabablarga koʻra, “qizil” toifadaga yoshlar roʻyxatiga olingan edi. Ularning 146 nafari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining oʻrinbosarlariga biriktirilgan. Masʼul shaxslar oʻziga biriktirilgan har bir yoshning uyiga borib, muammo va takliflarini o‘rgandi. Natijada 23 nafar yoshga turli ish qurollari va asbob-uskunalar ajratib beriladigan boʻldi.
Yaqinda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev, vazir oʻrinbosarlari Dilshod Kenjayev, Uzoqboy Begimqulov va Temur Komilov mazkur yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashib, ajratilgan asbob-uskunalarni egalariga topshirdi.
Doimiy daromad manbalariga ega bo‘layotgan ushbu yoshlarning qalbiga quloq tutdik.
Halilulla TOʻLAGANOV, eshik-rom ustasi (“Changtepa” mahallasi):
– Plastik eshik va rom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orzum edi. Biroq ayrim uskunalarni olishga pulim yetmadi. Vazirning birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev uyimizga kelganida metall arra, kompressor, frezor apparati kerakligini aytgandim... Bu uskunalarni sovgʻaga olishim mumkinligini oʻylab ham koʻrmagandim!
Ahror XASRATQULOV, chorvador (“Changtepa” mahallasi):
– Probatsiya nazoratiman. Rasman ishlamayman. Shuning uchun uyda chorvachilik bilan shugʻullanaman. Ishlarim osonlashishi, mehnatimda unumdorlik oshishi uchun menga oʻt va pichanlarni maydalaydigan uskuna juda zarur edi...
Arman XAMURAYEV, ishsiz yosh, (“Boyqoʻrgʻon” mahallasi):
– Sudlanganimdan keyin hech qayerda ishlay olmadim. Daromadim yo‘qligidan muddati oʻtgan pasportimni ham yangisiga almashtirolmayotgandim. Motokultivator va motoarram bo‘lganda mehnat qilib, ter to‘kib, halol daromad topaman, o‘z ehtiyojlarimni o‘zim qondiraman, deb niyat qilib yurardim. Mana, men bir kunda ularning hammasiga ega bo‘ldim! Hatto, pasportimni yangilash xarajatlari ham qoplab berildi.
Sherzod ERGASHEV, sartarosh (“Iqbol” mahallasi):
– Uy qamogʻiga hukm qilinganman, kech soat 22:00 dan keyin koʻchaga chiqolmayman. Sartaroshxonada mijozlar ko‘pincha kechki paytlari gavjum bo‘ladi. Shuning uchun uyim yonidan ijara toʻlovlarisiz bino ajratib berishlarini soʻragan edim. Menga nafaqat uyim oldidan bino, sartaroshlik asbob-uskunalarini ham hadya qilishdi...