Har bir kuni o‘tmoqda sokin,
Dasturxoni hamisha to‘kin,
Ravnaq topib bormoqda sekin –
Obod o‘lkam – O‘zbekistonim!
Yoshlari har sohada ilg‘or,
Osmoni tinch, toza beg‘ubor,
Gullamoqda hurmakon diyor,
Go‘zal, ko‘rkam – O‘zbekistonim!
Muqaddasdir har giyoh, toshi,
Porlab turar iqbol quyoshi,
Elga g‘amxo‘r ulug‘ yurtboshi,
Qaddi o‘ktam – O‘zbekistonim!
Mehnatidan risq-ro‘zi butun,
Egni butun, har so‘zi butun,
Bolam deya yashar tun-u kun,
Shod-u xurram – O‘zbekistonim!
Mehmon do‘st el, bag‘ri keng elim.
Ko‘ksi osmon bilan teng elim,
Borgan sari nurafshon yo‘lim,
Qutlug‘ qadam – O‘zbekistonim!