Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZIGA XOS START

23.11.2022 516

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

20-noyabrdan Qatarda fut­bol bo‘yicha jahon chempionati start oldi. Dunyoning eng kuchli 32 jamoasi qariyb bir oy davomida dunyo futbolini zabt etishga harakat qiladi.

Jahon chempionati 1930-yildan boshlab har to‘rt yilda bir mar­ta o‘tkazilmoqda (1942 va 1946-yillarda Ikkinchi jahon urushi tufayli o‘tkazilmagan). Amaldagi chempion – Fransiya 2018-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Shu kunga qadar jahon chempionati kubogini sakkiz­ta terma jamoa qo‘lga kiritgan: Braziliya (besh marta, ular bar­cha turnirda o‘ynagan yagona jamoa hamdir), Germaniya va Italiya (to‘rt martadan), Argenti­na, Fransiya, Urugvay (ikki mar­tadan), Angliya va Ispaniya (bir martadan).

Qatar futbol tarixida re­kord o‘rnatdi. Mamlakat Jahon chempionatini o‘tkazish uchun 220 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Avvalgi rekord Braziliyaga tegishli bo‘lib, 15 milliard pul sarflagan.

O‘yinlar Qatardagi eng nufuz­li 8 ta stadionda o‘tmoqda. Mundialning ochilish bahsiga “Al-Bayt” stadioni mezbonlik qildi. Qatar va Ekvador terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuv mez­bonlar mag‘lubiyati bilan yakun­landi: 0-2.

Ilk bahs o‘ziga xos natijalar bi­lan tarixga kirdi. Shu kungacha JChning ilk o‘yinida birinchi gol penaltidan kiritilmagan va mez­bonlar mag‘lub bo‘lmagan. Ekva­dor hujumchisi Valensiyaning ik­kinchi goli turning eng chiroyli goli bo‘lishga nomzod va hujumchi to‘purarlar bahsida hozircha ye­takchilik qilmoqda.

Bu yilgi mundialda hakamlar o‘yin vaqtini to‘liq kompensatsiya qilish bo‘yicha FIFAdan top­shiriq olgan. Shu sabab o‘yinlar uzoq davom etmoqda. Bu ba’zi rekordlarning yangilanishiga olib kelmoqda. Xususan, Angliya–Eron o‘yini mundiallar tarixidagi ekstra taymlarsiz eng uzoq davom etgan o‘yinga aylandi: to‘xtalishlar sa­babli 117 daqiqa davom etdi. Eron termasi hujumchisi Mehdi Taremi jahon chempionatlari tarixida asosiy vaqtda eng kech gol ur­gan (103-daqiqada) futbolchiga aylandi.

Garet Beyl Uels termasining mundiallarda 64 yillik tanaf­fusdan keyin kiritgan ilk to‘piga mualliflik qildi. Jamoa so‘nggi bor 1958-yilgi chempionatda qat­nashgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish