(Takrorlayman faqat oʻzim haqimda, oʻxshashliklar shunchaki tasodif)
– Sevara, soatni aytib yuborasanmi?
– 10:03.
Ehe, 2-para tugashiga hali 77 minut bor. Ha mayli hozir bir pasda oʻtib ketadi. Ey, oʻzi 3 para uyoqda tursin, 2 para dars ogʻirlik qilyapti. Axir 3-kurs boʻldik, endi yosh bolamasmiz-ku, 4-5 ta fan qoʻyib berilsa ham boʻlardi. Yaxshisi, bu masala boʻyicha dekan bovaga arz qilaman, darslarni kamaytirib berishsin, bekorga vaqtimiz oʻtyapti. Ishonaman, bu murojaatim e’tibordan chetda qolmaydi (chuchvarani xom sanabsan).
Uff, shu universitetga kelib-ketish hozirgi kunda “vajniy” ishdek bo‘lib qoldi. Charchab ketyapman oʻqishdan. Kamiga qalamkashlar universitetida oʻqiyman, ammo na qoʻlimga tuzuk quruq qalam ushlay olaman, na tilim burro! Hech yoʻqsa nuqtim ravon boʻlganda menam bir joydan oʻrnimni toparmidim. Gap oʻz yoʻliga, lekin bir tayinli ishning boshini tutmasam boʻlmas, har holda Toshkentda eng nufuzli universitetlardan birida oʻqiyman (har kimniki oʻziga – oy koʻrinar koʻziga).
Buyoqniku amallab bitirib olarman, ammo qishloqqa borib nima qilaman, borib laylak haydab qaytib kepti demaydimi odamlar. Lekin kundan kunga oʻqish yoqmay ketyapti. Yoʻq-yoʻq, oʻqishni tashlash haqida gap boʻlishi mumkin emas, dadamdan oʻlgudek qoʻrqaman. Ha mayli, dadamni-ku amallab koʻndirarman, lekin keyin meni kim kelin qiladi, shu kunlarda oʻqigan qizlarni kelin qilish urf boʻlgan (ishlatishmasa ham).
Diplom-ku uyda chang bosib yotadi (idish-tovoqlar turadigan servant tozalanayotganda uyoq-buyogʻi puflab tozalab qoʻyilmasa...)
Lekin oʻqigan degan nomi bor-da. E oʻl-a, hozirdan turmushga chiqish haqida oʻylashga uyal-ye (Ha, nimasidan uyalay, rostdan ham shunaqa-ku)!
Yaxshisi IELTSga boraman, hozir shu modada, “IELTS bali 8+ ekan”. Bay-bay, bu so‘zlarning chiroyli eshitilishini. Lekin hech oʻqigim kelmayaptida. Vey shuniyam oʻylaymanmi, universitetni bitirib, shart ikkinchi mutaxassislikka topshiramanda, maktabga mallim bo‘laman, ona tilidanmi, adabiyotdanmi dars berib yuraveraman. Bizni davrimizda shunaqa ustozlar yoʻqmidi?! Masalan, sinf rahbarimning mutaxassisligi musiqa fani edi, ona tilidan bir chiroyli dars berib yuribdilar-ku hozirgacha. Buning ustiga hozir jurnalistikada non yoʻq.
Lekin aytib qoʻyay, oʻzim yaxshi talaba boʻlmasam ham universitet ichki tizimi menga yoqadi. Tartib-intizom juda kuchli. Ba’zi talabalar bundan nolishiga hech tushunmayman. Prorektorimizning tunov kungi gaplariga toʻlaligicha qo‘shilaman! To‘g‘rida, axir bu universitet boʻlsa, soqolga balo bormi?! Shu soqol oʻlgurni tag tugi bilan qirtishlab olib tashlasa, bib-binoyidek yigit bo‘lishadi, qolishadi. Darvoqe, oʻsha prorektorning ism-familiyasi nima edi-ya, voy oʻlay, birov eshitsa kuladi. Mayli, hech qisi yoʻq uni tanimaydigan bitta men emasman-ku.
Boʻldi, hozir xayol surishni toʻxtatmasam, 3-paraga kech qolaman.
– Sevara, soat nechchi boʻldi?
– Yo tavba, hozir soʻrading, 10:07.
Obbo, tanaffus boʻldi deb oʻylabman, oʻzi hozir nima dars edi, jurnalistikada ixtisoslashuvmidi? Bitta ustoz bir necha fandan kiryaptilar, yetmaganiga fanlar ham bir biriga oʻxshash, bu ketishda aqldan ozaman, mayli bir gap boʻlar, men bir mizg‘ib olay...