Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zimni yetaklab yuribman

25.5.2023 618

Abdulaziz AHMAD

O‘zimni yetaklab yuribman,

Dardimni etaklab yuribman.

Bir jonim ming bitta bo‘lakka

Bo‘laklab, bo‘laklaaab yuribman...

 

Onamga berganim sog‘inch-u

Azobdan tizilgan dur, inju.

Qalbim ming tannozga ovunch-u,

O‘zim-chi, yuraklaaab yuribman.

 

Otamning ketmoni – “qondoshim” –

Yelkalab yuradi darddoshin.

Har tomchi terisi – ko‘z yoshim,

Bahonam ermaklaaab yuribman.

 

“Baxtimni eksam ham, harna”lab,

Ko‘karib chiqar-da ertalab.

Tirishgan peshonam tirnalab,

Afsusim jo‘yaklaaab yuribman.

 

O‘zimni yetaklab yuribman,

Dardimni etaklab yuribman.

Bir jonim ming bitta bo‘lakka

Bo‘laklab, bo‘laklaaab yuribman...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish