Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zingizni asrang, odamlar!..

3.11.2023 486

B.Allambergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazining tashkiliy-metodik bo‘limi epidemiolog vrachi yordamchisi

OITS kasalligi global muammolardan biri ekani sir emas. Hozirgi kunda jahon bo‘yicha 34 mln. kishi OIV infeksiyasiga chalingan bo‘lsa, har yili ularning safiga yana 2 million 700 ming nafar kishi qo‘shiladi. O‘tgan davr mobaynida qariyb 2 millionga yaqin odam bu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. 

OITS infeksiyasi o‘lkamizda ilk bor 1987-yili xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar orasida qayd etilgandi. O‘sha yili Respublika OITS diagnostika markazi tashkil qilingan. 1988-yilning oxiriga kelib barcha ma’muriy hududlarda OITS diagnostika laboratoriyalari ochilgan. OIV infeksiyasi bilan kasallangan birinchi o‘zbekistonlik bemor 1989-yili aniqlangan bo‘lsa, ke­yingi o‘n yil davomida bu xastalikka chalingan bemorlar qayd etilishi ko‘paymoqda.

Kasallik ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib bormoqda. Bosh­qa kasalliklardan farqli o‘laroq, OITS kasalligi doimiy ravishda dispanser hisobiga olib boriladi va infeksiyani yuqtirgan bemorlar umrining oxirigacha nazoratda bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining davolash profilaktika muassasalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda OITSga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar Beruniy, Amudarya, Xo‘jayli, Nukus tumanlarida va Nukus shahrida o‘tkazildi. Tadbirlarda  1450ta xodimlar va fuqoralar  ishtirok etib, 2250 ta buklet, 2200 ta varaqalar, 100 ta qizil lentalar tarqatildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kasallik asosan 3 xil: parenteral, jinsiy va vertikal yo‘l bilan yuqadi. Umuman olganda, OIV infeksiyasining yuqishi yoki yuqmasligi aholining tibbiy madaniyati va savodxonligiga bog‘liq. Aholining savodxonlik darajasi nechog‘li yuqori bo‘lsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayadi. Bu borada aholi orasida huquqiy va tibbiy madaniyatni oshirib borish dolzarb vazifalardandir.

OIV infeksiyasiga chalingan bemorning hayoti shu bilan tugamaydi. Aksariyat hollarda kasallik tashxisi qo‘yilgan bemor, qattiq sarosimaga tushadi. Lekin kasallikka qarshi kurashish imkoniyati mavjudligini yoddan chiqarmaslik lozim. Bemorlar asosan jamoatchilik tomonidan kamsitilishdan, kasalligini yaqinlari bilib qolishidan xavotirlanib yashaydi.

Shuning uchun iloji boricha ularning ko‘nglini ko‘tarishga, psixologlar ko‘magida tushkun kayfiyatdan qutqarishga harakat qilinadi. Aslida jamoatchilikka bu kasallik ham boshqa xastaliklar sirasidan ekanini tushuntirish kerak.

Shuni yodda tutish kerakki, OITS oilaga yoki shaxs­ga qo‘yilgan tamg‘a emas. Chunki bugungi kunda hech kim bu kasallikni yuqtirib olmaslikdan yuz foiz kafolatlanmagan. Xohlaymizmi-yo‘qmi, tibbiy muassasalarga murojaat qilamiz, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalaridan foydalanamiz, u yoki bu xatti-harakatlarimizda ba’zan erkinlikni o‘zimizga ravo ko‘ramiz. Demak, bu dard meni chetlab o‘tadi, degan fikrdan yiroq bo‘lishimiz kerak. Albatta, sog‘lom turmush tarziga rioya etib, doimo sergak bo‘lishimiz lozim. Zero, zamon talabi ham shu.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish