Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZINI O‘ZI BAND QILISH FAOLIYAT TURLARI YANA 10 TAGA KO‘PAYDI

9.9.2022 993

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Prezidentimizning “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yana 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi.

Yurtimiz aholisi ushbu hujjat asosida 2022-yil 1-noyabrdan o‘zini o‘zi band qilish orqali uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) va avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati, rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish), uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash hamda sotish xizmati, maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar), gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash), tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash, yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish, uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish hamda kulolchilik bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy: o‘zini o‘zi band qilish maqomi nimani anglatadi? O‘zini o‘zi band qilishning qanday foydali jihatari bor? Qanday soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lash kerak? Oylik daromad bo‘yicha cheklovlar mavjudmi? Quyida shu va boshqa savollarga javob topishga harakat qilamiz.

ASOSIY ISH JOYIDAN TASHQARI HAM O‘ZINI O‘ZI BAND QILISH MUMKINMI?


O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslardir. Repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektriklar, sartaroshlar, kuryerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishi mumkin. Ularning faoliyati O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi. Hozirgi kunda 78 turdagi faoliyat bilan o‘zini o‘zi band qilish mumkin. Xohishga ko‘ra, ularning bir nechtasini birvarakayiga tanlasa ham bo‘ladi. Asosiy ish joyida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlab, bir vaqtning o‘zida o‘zini o‘zi band qilish ham mumkin. Muhimi, asosiy ishdagi faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilish uchun ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kirmagan bo‘lishi kerak. Masalan, kun bo‘yi mehnat shartnomasi asosida kotibalik bilan shug‘ullanish, kechasi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida matn yozish bo‘yicha xizmatlarni (kopirayting) ko‘rsatish mumkin.


O‘ZINI O‘ZI BAND QILISH MAQOMINI OLISH QANCHAGA TUSHADI?


O‘zini o‘zi band qilish uchun to‘lov yo‘q. Buning uchun ikki yo‘l bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Birinchisi, tuman soliq inspeksiyasiga murojaat qilinsa, xodim anketa to‘ldiradi. Yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq mobil” ilovasi orqali mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Jarayon 30 daqiqadan ko‘p vaqt olmaydi. Cheklanmagan muddatga ro‘yxatdan o‘tiladi. Anketalar to‘ldirilganidan keyin o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida QR-kodli ma’lumotnoma beriladi. Shu yerning o‘zidan ijtimoiy soliqni ham to‘lash mumkin, buning uchun plastik karta hisob raqami va amal qilish muddatini kiritish kifoya.


QANDAY FOYDALI JIHATLARI BOR?


O‘zini o‘zi band qilishning foydali ekanligiga bir qancha sabablar bor. Avvalo, uyda ishlash imkoniyati. O‘zini o‘zi band qilganlar soliq tekshiruvlari, jarimalar va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha ayblovlardan qo‘rqmasliklari mumkin. Pensiya haqida qayg‘urmasa ham bo‘laveradi. Negaki, o‘zini o‘zi band qilganlarning ish staji ketaveradi, shuning uchun keksalikda kafolatlangan pensiya naqd deb hisoblash mumkin. Shuningdek, bunday shaxslar iste’mol kreditlari, imtiyozli qarzlar olish, shuningdek, soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin. Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya. O‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun mehnat shartnomasi, rahbar va qat’iy ish jadvali yo‘q. Sevimli ish bilan xohlagan vaqtda shug‘ullanish va bundan qonuniy daromad olish mumkin. Bundan tashqari, mijozlar bazasini kengaytirishda ham bir qancha qulayliklar mavjud. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslardan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun bankda osongina hisob ochishlari mumkin. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik esa sheriklar orasida ishonchni uyg‘otadi. Eng asosiysi, o‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar singari buxgalteriya hisobini yuritish, hisobot yuborish yoki soliq deklaratsiyasini topshirishlari shart emas. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda Soliq ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin.

SOLIQ VA MAJBURIY TO‘LOVLAR


O‘zini o‘zi band qilish faoliyatidan olingan barcha daromadlar jismoniy shaxslar daromad solig‘iga (JShDS) tortilmaydi: qancha topsa ham o‘zida qoladi. Bir yilda bir marta BHMning 1 baravari – ayni paytda 300 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lash kifoya. Pulni har qanday to‘lov tizimi o‘tkazish mumkin. Ular hech qanday sug‘urta va boshqa yig‘imlarni to‘lamaydilar. O‘zini o‘zi band qilganlarning ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatidagi faoliyatdan olingan daromadlarigina jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Agar daromad boshqa faoliyat turidan olingan bo‘lsa, unda JShDS to‘lash kerak. Kasal bo‘lganda yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganda o‘zini o‘zi band qilganlar uchun davolanish va mehnat ta’tillari yo‘q. Kasal bo‘lib qolsa va ma’lum bir muddat ishlay olmasa, hech kim yo‘qotilgan pullarni to‘lab bermaydi. Mehnat faoliyatini uzoq muddatga to‘xtatish kerak bo‘lib qolsa, bu haqda soliq organini ogohlantirish kerak bo‘ladi. Shunda ishlamagan vaqtlari uchun ijtimoiy soliq to‘lamasa ham bo‘ladi. Bu vaqt davomida ish staji ham hisobga olinmaydi.

OYLIK DAROMAD, CHEKLOVLAR, ISH STAJI...


O‘zini o‘zi band qilganlarda oylik yoki yillik daromad bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. O‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida oyiga 10 million so‘m ishlab topsangiz ham, hech kim faoliyatingizni to‘xtatib, YATT yoki MChJ ochishga majburlamaydi. Ish staji jarayonida esa soliq organlari xodimi o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni ro‘yxatga olayotganda u haqdagi ma’lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasining o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ma’lumotlar bazasiga kiritadi. Keyinroq uni Yagona milliy mehnat tizimiga (YAMMT) integratsiya qiladi, shuning uchun ish staji rasman hisoblanadi. Biroq ish staji hisobga olinishi uchun ijtimoiy soliq to‘lanishi lozim. Agar siz ushbu maqomdan voz kechmoqchi bo‘lsangiz, istalgan vaqtda faoliyatni to‘xtatish mumkin. Buning uchun “Soliq mobil” ilovasi orqali soliq organini xabardor qilish kifoya. Buni faoliyatni to‘xtatgunga qadar amalga oshirish lozim. Keyinroq soliq organlari xodimlari o‘zini o‘zi band qilish maqomini DSQ bazasidan o‘chiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish