Har yili yuz minglab yoshlar hayotidagi muhim qarorni qabul qilib, oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshiradi. Ular orasida qiziqish va isteʼdodiga mos kasbini tanlaydiganlari ko‘p. Ammo afsuski, faqatgina diplom uchun – past ball talab qiladigan yo‘nalishlarni tanlaydiganlari kam emas. Bu toifadagilar uchun talaba degan nomning o‘zi kifoya, kelajakdagi kasbiy faoliyat esa ko‘pincha eʼtibordan chetda qoladi.
So‘nggi yillarda shunday maqsadsiz yo‘nalish tanlash holatlari ko‘payib, o‘qishga kirish uchun qiziqish va intilish yil sayin kamayib, past balli yo‘nalishlarga hujjat topshirish urfga aylanmoqda. Bu “anʼana”ning urchishiga sabab boʻlayotgan bir necha omillar haqda gapirmasa boʻlmaydi.
Bundan kamida 4-5 yil oldin shifokor, huquqshunos yoki advokat boʻlish uchun qayta-qayta oʻqishda topshirganlarni koʻrardik. 3-, 4-, hatto 7-8-urinishda talaba boʻlib, oʻz maqsadiga yetganlarni eshitganmiz. Ammo hozir-chi? Qaysi oʻqishga topshirmoqchisan, deyishsa, bali pastrogʻiga deb javob berishadi. Joriy yilda abituryentlarning deyarli yarmi oʻtish balini toʻplay olmadi, eng yuqori ballarni esa aksariyat sertifikat yoki imtiyozga ega yoshlar olmoqda. Avvallari 120-140 ball qoniqarli deb hisoblangan bo‘lsa, endi oltmishni urgan qahramon. Nega? Berilgan “imkoniyat”lar koʻzlangan natijani bermayaptimi?
Mavzu yuzasidan ko‘plab yoshlar bilan suhbatlashdik. Masalan, bir yigit qiziqishi bo‘lmagan sohaga kirib, keyin pushaymon bo‘lganini aytadi. Uning aytishicha, o‘qish mobaynida sohasiga hech qanday qiziqish uyg‘onmagan. Faqat diplom deb o‘tkazilgan vaqtini zoye ketgan deb hisoblaydi. Boshqa biri esa, sohasi bo‘yicha ish topishda qiynalganini, ammo keyinchalik, o‘zi qiziqqan yo‘nalishda qayta taʼlim olishga qaror qilganini so‘zlaydi. Bu kabi misollar kelajakdagi muvaffaqiyat uchun hozirdanoq to‘g‘ri qaror qabul qilishning zaruratini yaqqol namoyon etadi. Keling, shu mavzuda yoshlarning hikoyalarini tinglaymiz.
Yiqilishdan hamma qoʻrqadi
Baxtixon Ro‘ziyeva, talaba:
Ko‘pchilik o‘qishdan yiqilishdan qo‘rqib, past balli yo‘nalishlarni tanlaydi. Bu qo‘rquv, ayniqsa, bir necha yil davomida universitetga kirishga urinib, muvaffaqiyat qozona olmaganlarda kuchliroq. Oilaviy vaziyatlar ham bu qarorga taʼsir ko‘rsatadi. Masalan, baʼzi ota-onalar o‘g‘illariga “O‘qishga kirmasang, chet elga ishlashga ketasan” yoki qizlariga “Erga beramiz” deb bosim o‘tkazadi. Bunday gaplar ularni maqsadidan chalg‘itadi va asosiy eʼtibor faqat o‘qishga kirishga qaratiladi. Universitet va yo‘nalish muhim emas, muhimi o‘qishga kirish va bunday bosimdan qutilish. Kelajakda kim bo‘lish va qayerda ishlash esa o‘ylab ham ko‘rilmaydi.
Baʼzilar vaqt yo‘qotishdan qo‘rqadi. Bunday vaziyat menda ham bo‘lgan. Birinchi yili o‘qishga kira olmaganim men uchun og‘ir bo‘ldi. Men allaqachon bir yilni yo‘qotgan edim. Keyingi yili yana imkoniyatni boy bermaslik qo‘rquvi bilan, ko‘p yillardan beri taʼlim sohasida ishlaydigan tajribali insonlarning maslahati asosida bali past yo‘nalishga hujjat topshirdim. Ikkinchi yilda har qanday yo‘l bilan o‘qishga kirishni xohladim. Nihoyat o‘z kuchim bilan talaba bo‘ldim. Hozir 4-kursni tugatdim. Dastlab soham menga yoqmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan ko‘nikdim va hatto kasbimga mehr ham paydo bo‘ldi. Lekin kelajakda bu sohada qolamanmi yoki yo‘q, bir narsa deya olmayman.
Maqsadsiz yoshlar
Ilhomjon Sobirov, jurnalist:
Oliy taʼlim muassasalariga imtihon topshirish jarayonlari ortda qoldi. Testda qatnashgan abituriyentlar ichida mening jiyanim ham bor edi. U bilan tanlagan sohasi va test jarayonlari haqida suhbatlashdik. 11-sinfni quruq miya va bo‘sh ryukzak bilan bitirib, “Tavakkalchining ishi besh” deya imtihonga kirgan jiyanim 30 daqiqada javoblarni belgilab chiqibdi. Agar imtihon uchun sarflangan vaqtni testlar soniga taqsimlasak, har biriga 33 soniyadan to‘g‘ri keladi. U hatto test varaqlarini ochmagan ham. O‘zbekistonda o‘rmonchilik rivojlanmagan, kadr talab qilinmaydigan sohaligidan xabari yo‘qmi yoki maqsad faqat talaba degan nom olishmi, tushunmagan sohasiga hujjat topshirgan...
Jiyanim o‘qishga kira olmasa, qo‘shimcha dars olib, kelasi yili o‘zi xohlagan sohaga o‘qishga kirish o‘rniga, xorijga borib ishlashni maʼqul ko‘rmoqda.
Menimcha, bunday holat ko‘pchilik yoshlarda kuzatilyapti.
Yoʻlimdan qaytmayman
Faxriddin Omonboyev, abituriyent:
Bolaligimdan shifokor bo‘lishni orzu qilaman. 8-9-sinf vaqtlarimda bu orzu mening asosiy maqsadimga aylandi. Maqsadimga erishish uchun tayyorgarlikni kuchaytirdim. Uch yil davomida repetitorda tayyorlandim. Birinchi marta o‘tgan yili imtihon topshirdim. Bizga 5 ta institut yoki yo‘nalish tanlash imkoniyati berildi. Afsuski, o‘zim orzu qilgan yo‘nalishga to‘plagan ballarim yetmadi. Beshinchi o‘rinda tanlangan ekologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Biroq bu yo‘nalishda o‘qimaslikka qaror qildim.
Bu men uchun og‘ir bo‘ldi. O‘zim xohlagan yo‘nalishga o‘qishga kira olmadim. Hammasi tugadi, men yutqizdim deb o‘ylab bu xabarni ota-onamga aytganimda, dadamning javobi menga kuch bag‘ishladi. Men dadamdan qattiq tanbeh eshitishni kutgandim. Faqatgina bir do‘stim tibbiyot institutiga kirgan edi. Meni do‘stim bilan taqqoslab, mening muvaffaqiyatsizligim sababini so‘raydi deb o‘ylagandim. Aksincha, dadam meni qo‘llab-quvvatlab, tushkunlikka tushmasligim uchun “Hechqisi yo‘q, keyingi yil yana topshirasan”, dedi. Dadamning bu gaplari menga yangi umid va motivatsiya berdi.
Shundan so‘ng o‘z bilimlarimni mustahkamlash uchun yana bir yil tayyorgarlik ko‘rdim. Bu bir yil menga juda uzoq va mashaqqatli tuyuldi. Odamlarning “Shuncha yil tayyorlandi, baribir kira olmadi”, degan gap-so‘zlaridan asabiylashardim. Lekin bu meni yanada ko‘proq o‘qishga undardi. Men hech qachon orzumdan voz kechmayman va maqsadim sari qadam bosishda davom etaman. Bu yil natijalarim yaxshi, xudo xohlasa, albatta, orzumga erishaman!
Bitirgach, kim boʻlaman?
Mushtariybonu Yusufboyeva, talaba:
Kelajagimiz hozirgi katta-kichik qarorlarimizga bog‘liq. Avval o‘qishga kirsam bo‘ldi, hammasi yaxshi bo‘ladi, yo‘nalish va universitet muhim emas deb hisoblar edim. Shunday o‘y-xayollar va atrofimdagilarning maslahati bilan o‘qishga hujjat topshirishda eng past ball talab qiladigan yo‘nalishni tanladim.
Imtihon o‘tdi, mandat ham chiqdi. Toshkent yengil sanoat va to‘qimachilik institutining “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindim. Hamma men uchun xursand edi va tabriklashardi. Biroq ko‘nglim g‘ash edi. Bu yo‘nalishda o‘qib kim bo‘laman? Kelajakda eng kam maosh to‘lanadigan oddiy texnik xodim bo‘lamanmi? Shuning uchun o‘qiymanmi? Bunday javobsiz savollar meni juda qiynadi va kutilmaganda qarorimni o‘zgartirdim: o‘qishdan bosh tortdim.
Shundan so‘ng, xususiy universitetning o‘zim uchun qiziq bo‘lgan iqtisodiyot yo‘nalishiga hujjat topshirdim va hozir taʼlim olmoqdaman. Bu yil birinchi kursni tugatdim va to‘g‘ri qaror qabul qilganimga amin bo‘ldim. Ustozlarimning katta yordami bilan soham bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lmoqdaman. Do‘stlarimga hamisha “xususiy yoki davlatniki” degan tushunchalarni unutib, o‘ziga yoqqan va qulay joyda taʼlim olishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Atrofdagilarning gap-so‘zlari bilan ish tutmang. O‘zingiz hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘ring va kelajangiz uchun muhim qarorni o‘zingiz qabul qiling.