Bolaligim bobomlarni hovlisida o‘tgan. Universitetni tamomlab, soham bo‘yicha ish boshlaganimdan so‘ng taʼtil vaqtida ulardan xabar olgani borib turar edim. Har safar qishloqqa borganimda bobom: “Yigit kishi o‘ttizga kirganida yonida o‘tin teradigan o‘g‘li bo‘lishi kerak. Nega hali ham uylanmay yuribsan”, deb ko‘p dakki berardi. Rostini aytsam, bobomning bu gapiga unchalik ham eʼtibor bermas edim.
Oradan yillar o‘tdi. Kasbim taqozosi bilan turli soha vakillari bilan muloqotlarim jarayonlarida bobomning ko‘p nasihatlari o‘rinli ekanini anglayapman...
16 yoshida sportning kikboksing turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, jahon kubogi va Osiyo chempionatlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Ismoil Boboyev bilan suhbat menga ko‘p xulosalar berdi.
Ismoil uch nafar pahlavonning otasi. Katta farzandi 15 yoshda. Kikboksing bo‘yicha 2 karra O‘zbekiston chempioni. Ikkinchi o‘g‘li 10 yoshda. Hozircha bir marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Kichik o‘g‘li hali yosh, tetapoya qilib yuradi.
Ismoil Boboyev Bekobod tumani “Paxtakor” mahallasi yoshlar yetakchisi. Hozir u 35 yoshda. 30 yoshida yonida o‘tinni maydalab kabob pishiradigan, maydonda raqibini tizzaga tushiradigan o‘g‘li borligi unga faxr bag‘ishlagan.
U bilan gurungimiz yetakchilik faoliyati haqida bo‘ldi.
– 2023-yil 11-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar “yashil”, “sariq” va “ahvoli og‘ir” – “qizil” toifalarga ajratilgan edi. Xo‘sh, bu borada mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi?
– O‘tgan yili mahallamizda yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14–30 yoshdagi 401 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi, – deydi Ismoil Boboyev. – Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga individual biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 14 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi. Yoshlarning rahbarlarga biriktirilishi, bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlarini qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarini alohida nazoratga olish borasidagi chora-tadbirlar ijobiy natija bermoqda.
Jumladan, mahallamizdagi yordamga muhtoj yoshlarning 8 nafariga kontrakt pullarining 50 foizi to‘lab berildi, 2 nafari harbiy xizmatga yuborildi, 4 nafariga subsidiya asosida asbob-uskuna, 2 nafariga tikuv mashina (overlok), 2 nafariga inkubator apparati, 2 nafariga payvandlash apparati olib berildi, 3 nafar yoshlarning davolanishi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 8 nafar yosh chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun amaliy yordam berildi. Ularning hozirgi paytdagi bir oylik daromadi 10 million so‘mni tashkil etmoqda.
Nodira Rahimberdiyeva uy hamshiraligi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Unga hamshiralik qilishi uchun xona ajratildi. Hozir 6 ta ish o‘rni tashkil etib, tengqurlarini ish bilan ham taʼminladi.
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, qo‘shimcha til o‘rganishiga ko‘maklashish, kasbga o‘qitish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Bekobod tumanidagi “Yuksalish” nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda 8 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari ingliz tili va rus tiliga bepul o‘qitilmoqda. 5 nafar yoshning 3 nafari tikuvchilikka, 2 nafari hamshiralik bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilib, ish bilan taʼminlandi.
Shuningdek, “Mutolaa” loyihasi bo‘yicha ham mahallamizdagi yoshlar orasida targ‘ibot tashviqot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, shu kunlarda mazkur loyihadan ro‘yxatdan o‘tgan mahallamiz yoshlar soni 200 nafardan oshdi. Shuningdek, "Ibrat farzandlari" loyihasi orqali ham 300 nafarga yaqin mahalla yoshlari bepul til o‘rganmoqda.
– Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-apreldagi qaroriga asosan dehqonchilik qilish istagi bo‘lgan yoshlarga yer maydonlari ajratib berilmoqda. Bu borada mahallangizdagi amaliy ishlar qanday tashkil etilmoqda?
– Bugungi kunda yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan turli loyihalar, istiqbolli rejalar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, mahallamizda dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan 64 nafar yoshning ro‘yxati shakllantirilib, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun sug‘oriladigan joylardan yer berildi.
Migratsiyaga ketgan 10 nafar yoshdan 4 nafari qaytarilib, bandligi taʼminlandi. “Og‘ir” toifadagi jami 14 nafar yoshga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Mamlakatimizda yoshlarga eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Men ham mahalladagi yoshlar yetakchisi sifatida bizlarga berilgan imkoniyatdan unumli foydalangan holda bildirgan ishonchni oqlaymiz.