1-avgust… G‘ala-g‘ovurli boshlanma, hal bo‘layotgan taqdirlar kesishmasi. Hovuzning loyqaligini sirtdan qarab anglasa bo‘ladi, lekin o‘sha ko‘lmak balig‘ichalik his qilish imkonsiz. To‘g‘ri, hozir sana, tartib o‘zgardi, imkoniyat kengaydi. Lekin men bugun bu xususda emas (bugungi mavzu osmoni musaffo yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohatlarni yanada targ‘ib qilish haqida emas-da), o‘sha kuni taqdiri qay ma’noda hal bo‘lgan shaxs sifatida, o‘qituvchilik kasbiga nisbatan bo‘layotgan bir jihat – nomunosib e’tiborning tub sabablaridan biri aynan o‘sha kunda qadar hal bo‘lgani to‘g‘risida “vaysamoqchiman”.
Eshitganmisiz: Yaponiyada o‘qituvchilarni bunday hurmat qilishadi, Germaniyada ularning oyligi bunday… So‘zlovchi to‘lg‘ana-to‘lg‘ana so‘zini davom etar ekan, kimdir eslatmasa, O‘zbekiston so‘zini xayolga keltirishi qiyin.
Ustoz – yurtning eng aziz, eng ulug‘ va mo‘tabar kishisi. Ha, to‘g‘ri tushunaman, 1-oktabrning gaplari. Lekin men bunga ishonaman deb aldamoqchi emasman. Men hozirning odami sifatida aytaman: men bunga ishonmayman (Xuddi mening fikrimni birov so'ragandek)…
To‘xtang-to‘xtang, g‘azabga shoshilmang. Chunki agar shunday deb ishonganimda, pedagogika institutiga topshirgan bo‘lar edim. Yoinki ishonuvchilar shunday qilgan bo‘lardi. Lekin men ham o‘qituvchi – eng mo‘tabar va aziz insonlardan biri, deb o‘ylayman. Shunchaki o‘ylayman, bu ishonchimga daxl qilmaydi (axir, men yana nimalarni o‘ylamayman).
Hech juda ham muhim ishlaringizdan ortib, biror-bir begona abituriyentning topshirgan univesitetlari qatoriga e’tibor berganmisiz? Oldinlari bitta bo‘lardi, hozirda beshta universitetgacha topshirish imkoniyati xalqimizning muhokama ostidagi masala mohiyatiga asl ichki munosabatini ko‘rsatib berdi. Agar vaqtingiz bo‘lmagan bo‘lsa, men aytib qo‘ya qolay. Qancha qator oxirlagan sayin pedagogika degan jumlalar ko‘zga ko‘rina boshlaydi. Ba’zilarning har besh tanlovi ham pedagogika bo‘lishi ham rost. Lekin o‘sha bolaning bilim darajasi ham shunga mutanosib bo‘lardi. Hech bilimi o‘tkir, qarashlari keskir abituriyentning o‘zini pedagogika institutida qurbon qilganini ko‘rmaganman. Biroq biz har yil oktabr boshlanishini serjarang so‘zlar bilan kutib olishga vaqtimizni ayamaymiz va qarangki, davlatimiz ta’lim tizimidagi oqsoqliklardan o‘ksinib qo‘yishga ham vaqt topamiz. Axir aynan o‘shalar kelgusi o‘qituvchilar qatlami emasmi? Shunchaki aksar holatlarda bali nisbatan pastligi uchun “satta” antio‘qituvchilik ruhiyatidagilar yig‘ilib qolgan maskandan yurtning eng ulug‘ insonlari chiqishiga ishonmayman. Ha, oshirib yuboryapman: ota-onasining o‘qituvchi bo‘lganligi, chetdan “perevod” qilishga osonligi, boshqa “moyliroq” sohalardan xabarsizligi uchun va hattoki goh-gohida adashib yosh avlodga bilim berishni oliy maqsad qilib pedagogika sohasida o‘qiyotganlar ham bor. Rosti, oxirgi toifadagi ta’rifni topishda besh daqiqa nima deb yozishni o‘yladim. Ammo men bir ko‘rgan narsamni aytmoqchiman: abituriyentlik vaqtlarimda gohida pulga qiziqib vaqtinchalik ishlarga ham chiqib turardik. Eh-he, butun mardikor bozorini bo‘lajak o‘qituvchilar bosib ketgandi. Keyin tushundim: nega maktabda o‘qituvchilarimiznikiga hasharga borganlar qizil shahodatnomaga bitirganini...
To‘g‘risi, so‘zga so‘zni qo‘shib bir ajabtovur maqtovlar yasash mening ham qo‘limdan keladi. Masalan, hayotda yakuni go‘zal bo‘lgan nimagadir erishish mumkinki sababi ikkiga bo‘linadi: yaxshi niyat qilasizki, yarmini Haq beradi, qolgan yarmi – ustozlar mehnati. Xo‘p, nima o‘zgardi?
Ta’lim va “soqqa” illuziyasi
Avvalo, quyida aytilajak gaplardan oldin so‘zni uzrdan boshlamoqchiman. Men taxminan 2 yil o‘quv markaziga qatnaganman. Vaholanki, xuddi shu ikki yil mobaynida o‘z viloyatimning eng, eng oldi akademik litseyida o‘qiyotgan edim. Savol tug‘iladi: nega 3 yil emas? Axir akademik litseyda uch yil o‘qiganman-ku, demak, o‘qigan ta’lim yurtining ham menga hech-da bir yillik mehnati singgan (U vaqtlarda akademik litseylarda ta‘lim 3 yil bo‘lardi). Rostini aytaman: har kuni o‘quv darsliklari bo‘yicha o‘tilgan mavzularni darsdan so‘ng aynan dars o‘tgan ustozning pullik kursida qayta o‘rganishimda, nimadir xatoligini tushunib yetishimga bir yil vaqtim ketgan. Qarang, ba’zi ota-onalarning shuni talab qilgan vaqti ham bo‘lgan: bolalarimizni darsdan so‘ng ham o‘qitsak, oylik to‘lov qancha bo‘ladi? Nima? Iltimos menga tushuntiringlar, biz qaysi dunyoda yashayapmiz? Men hali ayni shu akademik litseyda bolasini o‘qitish uchun sarflangan “kal”lardan gapirmayapman!
Hali meni shunchaki ko‘rganlarimning o‘zi odamni vahimaga soladi, lekin ko‘rmaganlarim-chi?! Tasavvur qilyapsizmi, siz farzandingizni viloyatning eng oldi o‘quv maskaniga nimalarnidir qurbonlik qilish evaziga kiritib qo‘yayotganingizni? Afsus, ko‘p o‘quvchilar o‘qishga kirmaydi, kiritib qo‘yiladi. Oradan oylar o‘tmay bolangiz gap ko‘tarib keladi: “Bizning kuchliroq bilim olishimiz uchun o‘qituvchilarimiz darsdan so‘ng arzonlashtirilgan kurslar ocharkan” Bilaman, fe’l nisbati kelishmagan, to‘g‘ri tushuning, bir yil arzonlashtirilgan kursda o‘qiganman. Taassufki, biz, o‘zbeklarda bir jihat bor: dastlab boshqalarning ota-onasi nima qilyapti deb so‘raladigan. Sinfdoshlari orasida bolam ajralib qolmasin, deyiladi. Katta ehtimol bilan siz ham rozi bo‘lasiz. Yana buni bolamning kelajagi uchun deya o‘zingizga naqadar yaxshi ota-ona ekanligingizni isbotlamoqchi bo‘lasiz.
Yoshligida bolasini pullik bog‘chalarga berib, ertalab tashlab ketib to kechga uni olib ketguncha kunduzi bir bor “To‘xta, bolamning holi qanday, o‘zi qanday orom olyapti?” deb bir bora yo‘qlamagan, lekin bolasini hududining eng qimmat, oldi bog‘chasiga berganligi xususida odam to‘planar joy borki, “ta’kidlab” o‘tishni kanda qilmaydigan ota-onadan nima ham kutish mumkin? To‘g‘ri-da, bog‘chalarimiz juda ham “ishonchli-ku!” Men jami hisobda 6 yil talabalar yotoqxonasida turganman. Kimningdir uydagilari kelsa, hech bo‘lmaganda butun qavat bilardi. Taxminan har yarim yilda bir bor bolasini ko‘rishga borsin-bormasin (yarim yil-a), deyarli har kuni mehmon kutishni yo mehmon bo‘lishni kanda qiladigan el emas bu. Bizni qiynalmasin deyishga-da. To‘g‘ri, telefonda xabar olib turishardi. Mana shu o‘rinda o‘zlariga qanday javob olishlarini belgilamayaptimikan ota-onalar? G‘alati, yana keyin bolam menga e‘tibor bermaydi deb nolishadi...
Lekin aksari ota-onalar kunda yoki kunora bolasining qay maskanda o‘qiyotganini davralarda “behosdan” kiritib ketishni unutib qo‘yishmagan bo‘lsa kerag-a?!
Sal to‘xta deng, axir, asosiy masaladan chalg‘ib ketyapmiz. Lekin “chalg‘ib ketilgani” dan aytilgan masalada ham ko‘p gaplar bor. O‘qituvchilarni ayblamoqchi emasman. So‘nggi chora uchunmi yo xohlagani uchunmi, nima bo‘lganda ham, tirikchilik qilishi kerak-ku! Men garov o‘ynayman, lekin 15-20 yashar orzumand vaqtingiz ayni hozirda qilib yurgan ismingizni niyat qilmaganmisiz?
O‘zi gap nimadan boshlandi. Ha, men ikki yil o‘quv markazda o‘qiganman deyotgandim.
Poyga
Litseyimizning bu qadar mashhur ekanligining sirini keyin tushundik. Kimdir men kabi bir yilini yutqazib, kimlardir repititorlikda yangi xarajat evaziga o‘sha eski maktab, litsey darslarida yoki darsdan keyingi arzonlashtirilgan qo‘shimcha mashg‘ulotlarda o‘rganganlarini qaytadan o‘rganishdi. Haq nasib qilib biron oliy o‘quv markaziga kirishsa, barchasiga litsey sabab qilib ko‘rsatildi, reytingiga reyting, o‘qituvchilar oyligiga oylik qo‘shildi. “O‘quvchilarning shuncha foizi o‘qishga kirdi” degan nom uchun o‘qitilardi. Menga yoqqan bir jihati: buni yashirishmasdi ham.
Deyarli har ikki darsdan birida shu jumla quloqqa chalinardi. Biz o‘zimiz xohlab-xohlamay litsey reytingini ko‘tarib ketsak, ichki tizimdan bexabar yangidan yangi yoshlar, yangi “soqqalar” litseyning o‘sha yuqori reytingi uchun (agar o‘zining qurbi yetmasa, uychilarning yordami bilan) u yerga o‘qishga kirardi. Shu taqlid charx to‘xtovsiz aylanardi…
Koshkiydi, biz o‘qigan o‘quv maskani bu jabhada yolg‘iz bo‘lsa. To‘g‘risi, o‘zim ko‘rmaganman-ku, lekin ko‘plab tanishlardan yangidan yangi, bizda ham uchramaydigan tartib va qoidalarni eshitganman. Xursand bo‘lar jihatim, hech bo‘lmaganda, bizda semestr yopish davri boshqa litsey yoki kollejlardan anchayin kamchiqim bo‘lardi. Bari - bir universitetga kirish uchun.
Universitet... "Nb"... starsta... galstuk... mustaqil ish... tadbir... Endi bu boshqa hikoya.
Ha, ba’zi o‘rinlarda istehzolar bo‘ldi, balki ba’zi joylar mubolag‘aga burkandi. Bilaman, bunday gaplar aytishga hali yoshman. Shu bois so‘z boshini uzr bilan boshladim. Umid qilaman, so‘zchiga emas, so‘zga e’tibor berasiz. Lekin yolg‘on aralashmasligida “qattiq” turdim.
Eski hammom - eski tos
Anchayin achchiq so‘zlar ketdi. Vaholanki, ayni hozir imkon qadar shakar qo‘shib so'zlashadigan davr. Bilaman, o‘qituvchilikni gapirish haddimdan nari. Endi bir yoshlik qildik-da.
Xo‘p, nega o‘qituvchilar hozir ham hurmat cho‘qqisida bo‘lishi kerak? Axir hozir bilimni sun'iy intellektdan ham olsa “bo‘lmaydi-ku”. Xuddi internetdan yomon narsalarni olish mumkinligi kabi hamma o‘qituvchilardan ham yaxshi narsa olib bo‘lmaydi. To‘y-ma’rakada ichib hunar ko‘rsatganlar safi ham ahyon-ahyonda o‘qituvchilar bilan bezalib turmaydimi, axir? Yana nimalardir...
Nega unda internet hurmatdagi o‘qituvchilar bilan bir safda emas? Gap nafas olishdami? Nazarimda, o‘qituvchi umumma’lumotlar bazasini emas, balki tahlil va qaror qabul qilish san’atini ham o‘rgatadi. Mana nega kimlardir hayotda muvaffaqiyatli, kimlardir - itning orqa oyog‘i. Hammada vaqt miqdori teng, hammada ma’lumotlardan foydalanish potensiali ham deyarli o‘xshash. To‘g‘ri, tilni bilish-bilmaslik bunda qanchadir miqdorda ahamiyat kasb etishi mumkin. Masala – olingan tushuncha va ma’lumotlardan qanday xulosaga kelish va bunga qanday qaror bilan javob qaytarishda. Buni internet yoki kitoblar uyumi o‘rgata olmaydi. Aynan shuning uchun ustoz o‘rnini hech nima bilan almashtirib bo‘lmaydi. Jamiyatning, ijtimoiy tarmoqning, hattoki, o‘qituvchilarning bu kasbga bo‘lgan nojo‘ya munosabati o‘qituvchilik qadrini pastlatib yubormaydi. Bir ustozim aytgandek: “Zar qadrini zargar biladi”. Boringki, zargar ham bilmagan taqdirda ham zar qadrsizlanib qolmaydi.
Yuqoridagi so‘zlarimni bir qadar inkor qilayotgandek tuyilyaptimi? Men o‘qituvchilikni eng ulug‘vor kasb bo‘lishini va nafaqat jamiyat, balki hozirgi davr va bo‘lajak o‘qituvchilarning o‘zlari ham buni his qilishlarini, jamiyatning eng saviyali qatlamigina bunday sharafga sazovor bo‘lishini (kecha ko‘cha changitib, ko‘chadan tarbiya olgan, osonligi uchun pedagogikaga kirgan, ertaga o‘ziga o‘xshaganlardan o‘zgasini yetishtirib berolmaydiganlar ema.
Mening bir orzum bor: bir kuni keladi ta’lim “soqqa qilish” sahnasiga aylantirilmaydi, ota-onalar o‘zgalar yoki o‘z ichki qoniquvi uchun farzandini ilmga berishmaydi, farzandlar shunchaki yaxshiroq joyda ishlash uchun o‘qimaydilar, jamiyat ilm ortidan ketgan ayollarni ham to‘g‘ri qabul qiladi, o‘z qizlarini ham ilmga berishadi, qizlar yaxshiroq joydan so‘rov kelishi uchun o‘qishmaydi, millat kasb ahamiyatini undan kelajak daromadga qarab belgilamaydi, so‘zchi holi so‘zidan keyin tahlil qilinadi...
Esiz, zabt so‘zlar aytildi-da…
Eng qizig‘i keyin bo‘ldi. Shu taqlid o‘ylar bilan komputerni o‘chirdim. O‘zimdan mamnun bo‘lishni aytmay ham qo‘yaveray... Oradan ko‘p o‘tmay 8-sinfda o‘qiydigan ukam oldimga keldi. Gap chuvalanib-chuvalanib kelajak mavzusiga taqaldi. Uning qulog‘iga quydim: hozirda IT sohasi kuchayotgani, yo shu sohada o‘qishi, yo bo‘lmasa chet tilini o‘qib chetda o‘qishini takror va takror ta’kidladim. Yosh bola nima ham desin, xo‘p dedi va ketdi. Xayol bilan sababini eslolmayapman, lekin yana nima uchundir kompyuter titkilagim keldi. Shu maqolaga ko‘zim tushdi...
Ehh, izgʻiy-izgʻiy qor uza tanish iz yonidan qoʻyildi qadam...
Kulmang, axir ukamni yaxshi ko‘raman, ertaga qayerdagi bir o‘qituvchi bo‘lishini xohlamayman. Va shu taqlid eski zang bosgan charx g‘ingshiy-g‘ingshiy aylanaveradi...